OAV va jamoatchilik bilan ishlash
Elektr ta’minotining barqaror faoliyati – iqtisodiyot tarmoqlari taraqqiyotining tayanchi
  • 02.12.2021
  • 354

  Mamlakatimiz aholisining elektr uskuna va jihozlaridan foydalanish ko‘lami yildan-yilga kengayib bormoqda. Shuningdek, respublikamizda kichik biznes va tadbirkorlikning rivojlanayotgani elektr energiyasi iste’molining kun sayin oshib borishiga sabab bo‘lmoqda.

  Bu esa elektr energiyasini ishlab chiqarish, uzatish va taqsimlash tarmoqlarining izchil rivojlantirish, yangi ob’ektlar qurish hamda mavjudlari yangilanib borish zaruratini yuzaga keltirmoqda. 

  “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati axborot xizmati rahbari Ulug‘bek Urunovning qayd etishicha, 2012–2016-yillarda 680 MVA yangi quvvatlar yaratilgan bo‘lsa, 2017–2021-yillarda 5 ming 621 MVA qo‘shimcha quvvatlar o‘rnatilgan. Masalan, Namangan viloyatidagi 220 kV kuchlanishli “Qizilravot” podstansiyasining modernizatsiya-rekonstruksiya ishlari bajarildi. Bu yerda 2 dona 200 MVA quvvatga ega zamonaviy avtotransformator o‘rnatilishi uchun “To‘raqo‘rg‘on IES” AJ hisobidan 41,6 million AQSH dollari hisobida mablag‘ ajratilgan. 

  – Hozirgi kungacha 4 ta 220 kVli va 4 ta 110 kV yangi zamonaviy elegaz o‘chirgich, joriy yil avgust oyida 1 dona 200 MVAli avtotransformator, 10 kVli boshqa elektr uskuna va jihozlari o‘rnatilib, buning evaziga 200 MVA qo‘shimcha quvvat uzatish imkoniyati yaratildi. Joriy yil noyabr oyida esa 1 dona 125 MVAli transformator o‘rniga yangi, zamonaviy 200 MVA avtotransformator o‘rnatilib, muvaffaqiyatli ishga tushirildi. Ayni kunlarda pudratchi qurilish-montaj tashkilotlari tomonidan 2 ta 100 metr/kub sig‘imga ega yong‘inga qarshi suv hovuzi ta’mirlanmoqda va yana 1 ta 200 m3 metr/kub sig‘imga ega yangi suv hovuzi barpo etilmoqda, – deydi “Namangan magistral elektr tarmoqlari” filiali direktori Ravshan Ibragimov. 

  “Namangan magistral elektr tarmoqlari” filiali hamda loyihaga jalb qilingan qurilish-montaj tashkilotlari tomonidan “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ rejasidagi barcha ishlar yakunlanib, 220/110/10 kV kuchlanishli “Qizilrovot” podstansiyasida 275 MVA quvvat o‘tkazish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Ushbu podstansiyada amalga oshirilgan modernizatsiya va rekonstruksiya, qurilish-montaj ishlari Namangan viloyatida joylashgan iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha va biznes sub’ektlari hamda aholining elektr energiyasiga ortib borayotgan talabini to‘liq qondirishga xizmat qiladi. 

 

Nasiba ZIYODULLAEVA, O‘zA

https://uza.uz/oz/

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

t.me/uzmetaxborotxizmati

>