OAV va jamoatchilik bilan ishlash
Elektr taʼminoti tizimining dolzarb muammolari muhokama qilindi
  • 26.11.2021
  • 349

Foto: "Xalq so‘zi"

Joriy yilning 25-noyabr kuni Toshkent davlat texnika universitetida “Elektr taʼminoti” kafedrasi tashkil topganining 50 yilligi munosabati bilan «Elektr taʼminoti tizimining dolzarb muammolari mavzusida xalqaro ilmiy-texnik anjuman boshlandi.

Anjumandan koʻzlangan asosiy maqsad — elektr taʼminoti tizimining dolzarb muammolari, xususan, uning ishonchliligi va energiya samaradorligini oshirish, optimal loyihalash, elektr energiya sifatini taʼminlash yoʻnalishida mahalliy va xalqaro ilmiy maktablar tomonidan olib borilayotgan ilmiy-tadqiqotlar boʻyicha gʻoya va fikrlar almashish, shuningdek, elektr taʼminoti tizimini transformatsiyalash, intellektuallashtirish va raqamlashtirish kabi innovatsion ishlanmalarni joriy etishning imkoniyatlarini tahlil qilishdan iboratdir.

Anjumanda Germaniya, Rossiya, Turkiya, Janubiy Koreya, Yaponiya, Belarus, Sloveniya, Italiya, Ispaniya va bir qator MDH mamlakatlaridan nufuzli oliy taʼlim muassasalari va ilmiy markazlari professorlari, xodimlari, energetika kompaniyalari vakillari hamda mahalliy olimlar, yosh olimlar, doktorantlar, aspirantlar, magistrantlar va bakalavriat darajasida tahsil olayotgan hamda ilmiy izlanishda boʻlgan talabalar ishtirok etdi.

“Elektr taʼminoti” kafedrasi respublikada shu yoʻnalishdagi tayanch kafedra hisoblanib, tashkil etilganidan bugungi kunga qadar oʻn mingdan ortiq yoshlar tamomlagan. Turdosh oliy taʼlim muassasalarida elektr taʼminoti yoʻnalishi va magistratura mutaxassisliklari boʻyicha oʻquv jarayonining samarali tashkil etilishida, ularni zarur meʼyoriy hujjatlar bilan taʼminlanishida kafedraning hissasi yuqoridir.

 

Foto: “Xalq soʻzi”

Soʻnggi uch yilda kafedrada 5 ta doktorlik va nomzodlik dissertatsiyalarining muvaffaqiyatli himoya qilingan, ilmiy salohiyat 35 foizdan 56 foizga oshgan. Raqamlar tahlili shuni koʻrsatadiki, soʻnggi yillarda kafedra professor-oʻqituvchilarining nashr faolligi sezilarli ravishda oshdi. Jumladan, ular tomonidan soʻnggi uch yilda 8 ta monografiya, xorijning nufuzli jurnallarida 38 ta maqola, Skopus maʼlumotlar bazasiga kirgan jurnal va toʻplamlarda 79 ta maqola, mahalliy jurnallarda 56 ta maqola, mahalliy va xalqaro anjumanlarda 136 ta tezis va maqolalar, 6 ta ixtiroga patentlar, 42 ta EHM uchun dasturga guvohnomalar, 6 ta darsliklar, 10 ta oʻquv qoʻllanmalar va 24 ta uslubiy koʻrsatmalar tayyorlanib, chop etilgan. Oʻquv va ilmiy faoliyatdagi faollik natijasini kafedraning 2020-yil natijalari boʻyicha turli yoʻnalishlardagi muvaffaqiyatlarida hamda universitet kafedralari reytingida faxrli 1-oʻrinni egallaganligida koʻrish mumkin.

Soʻnggi yillarda respublikamizning sanoat tarmoqlariga “yashil iqtisodiyot” tizimini joriy qilish, ijtimoiy sohada energiya samaradorligini oshirish va qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni kengaytirish, innovatsion taraqqiyotni jadallashtirish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirildi. Bugun oʻtkazilayotgan anjumanda shu yoʻnalishda olib borilayotgan ilmiy-tadqiqot ishlari oliy taʼlim va ishlab chiqarish sohasi mutaxassislari ishtirokida keng muhokama qilinib, mazkur ilmiy-tadqiqot natijalarini amaliyotga joriy etish imkoniyatlari oʻrganiladi.

Anjuman davomida elektr taʼminoti tizimining ishonchliligi va energiya samaradorligini oshirish, elektr taʼminoti tizimini optimal loyihalashtirish va ekspluatatsiya qilish, elektr energiyasi sifatini taʼminlash, elektr taʼminoti tizimiga innovatsion ishlanmalarni (transformatsiyalash, intellektuallashtirish va raqamlashtirish) joriy etish yoʻnalishida olib borilayotgan ilmiy-tadqiqot ishlari muhokama qilinmoqda.

Anjuman bugun ham oʻz ishini davom ettiradi.

Manba:  https://xs.uz/uz/68314

✍️ «O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

 t.me/uzmetaxborotxizmati

>