Atom elektr stansiyasi asosan elektr yoxud issiqlik energiyasi ishlab chiqarishga mo‘ljallangan, yadro reaktori va boshqa zarur tutash qurilmalarni o‘z ichiga olgan yirik majmua hisoblanadi. Boshqa elektr stansiyalaridan farqli o‘laroq AESlarda elektr quvvatini olishda ko‘mir, neft yoki mazut emas, asosan, sayyoramizda kam tarqalgan faol radioaktiv unsur – uran moddasidan foydalaniladi.
O‘tgan asrning 40-yillari oxirida olimlar atom energiyasidan tinchlik maqsadida foydalanish bo‘yicha ilk loyihalarni ishlab chiqa boshlagan va dunyodagi ilk AES 1954 yil 27 iyunda Rossiyaning Obninsk shahrida ishga tushirilgan.
Yillar o‘tishi, rivojlanish, demografik ko‘rsatkichlarning o‘sishi bilan dunyo hamjamiyati energetika sanoatida AESlarning afzal jihatlarini anglab yetayotir. Xalqaro atom energiyasi agentligining 2017 yilgi ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda o‘ttizdan ziyod mamlakatda 451 energoblokka ega bo‘lgan 191 AES ishlamoqda. Yadro reaktorlari AQSHda 99 ta. Fransiyada 58 yadro reaktori bo‘lib, ular elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojning 72,3 foizini qoplaydi. Shuningdek, yadro reaktorlaridan keng foydalanadigan mamlakatlar sirasiga Rossiya (37), Xitoy (36), Janubiy Koreya (25) kiradi. Bundan tashqari, hozirgi kunda jahonda 60 dan ortiq yangi AESlar qurilishi mo‘ljallangan.
Davlatimiz rahbari joriy yil 10 iyul kuni mamlakatimizda mutlaqo yangi soha bo‘lgan atom energetikasini barpo etish bo‘yicha tashkiliy-texnik chora-tadbirlarni amalga oshirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda bu sohaga alohida e’tibor qaratish zamon talabi ekanini qayd etdi.
Bugungi kunda yurtimiz aholisi soni 33 millionga chiqdi, lekin o‘tgan chorak asr davomida birorta ham qudratli elektr stansiyasi qurilgani yo‘q. Shuning o‘zi bu soha e’tiborga muhtoj ekanini ko‘rsatadi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, kishi boshiga energiya ta’minoti taxminan 30 foiz kamaygan. Iqtisodiyotimizni tubdan rivojlantirish, yangi quvvatlar barpo etishga qat’iy bel bog‘laganimiz energiyaga talabni yanada oshiryapti. Shunday ekan, o‘zimizda mavjud bo‘lgan uran xomashyosiga tayanib, atom elektr stansiyasi qurishga qaror qilingani ayni muddaodir.
So‘nggi vaqtlarda aholi turmushida shundog‘am elektr energiyasi bilan bog‘liq muammolar kam emasdi. Ko‘rilayotgan chora-tadbirlar, yangi loyihalar asosida xalqimiz, yurtdoshlarimiz uchun keng imkoniyatlar yaratiladi.
Hozirgi paytda dunyo miqyosida energiya ta’minotining taxminan 15 foizi AESlar hissasiga to‘g‘ri kelayotgani hamda rivojlangan mamlakatlarda bu ko‘rsatkich juda yuqori va yildan yilga oshib borayotgani hisobga olinsa, u ba’zilar aytayotganidek xavfli emas.
Bugungi kunda mamlakatimizda elektr energiyasiga bo‘lgan talab 69 milliard kilovatt/soatni tashkil etadi. Bu quvvatning qariyb 85 foizi gaz va ko‘mir yoqish orqali, qolgan 15 foizi GESlarda ishlab chiqariladi. Buning uchun yiliga 16,5 milliard kub metr tabiiy gaz, 86 ming tonna mazut va 2,3 million tonna ko‘mir sarflanadi.
Iqtisodiy o‘sish, aholi soni va turmush darajasining oshib borishi natijasida elektr energiyasiga talab ham ortaveradi. Bu esa yangi quvvatlar tashkil etish zaruratini tug‘dirmoqda.
20 grammlik uran 520 kilogrammlik ko‘mirning quvvatini beradi. Agar masalani hal qilishga bugundan kirishmasak, kelajak avlod bizni kechirmaydi. Hozirgacha yurtimizda qazib olinayotgan uranni chetga sotyapmiz. Bu noyob xomashyoni o‘zimizda ishlatsak, juda katta samaradorlikka erishamiz.
Atom energiyasi ekologik toza, bunday stansiyalar zararli is gazini hosil qilmaydi. Natijada mamlakatimizda tabiiy gazni yoqishdan hosil bo‘ladigan va atrof-muhitga tarqaladigan is gazi hajmi yiliga 3 million tonnagacha kamayadi.
AESlarning afzalligi juda kam yoqilg‘idan ulkan miqdorda energiya olinishida. Aytilganidek, bu birinchi navbatda atrof-muhit musaffoligini saqlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Masalan, 1000 MVt elektr energiyasi ishlab chiqarish uchun oddiy issiqlik elektr stansiyalari 13 ming tonna zaharli gaz, 165 ming tonna ko‘mir changini havoga chiqaradi. AESlarda bunday zararli unsurlar zaxiradagi dizel generatorlarini ishga tushirish hisobiga juda kam miqdorda ajraladi. Issiqlik elektr stansiyalari shuncha miqdordagi energiya ishlab chiqarish uchun 8 million tonna kislorod sarflaydi. AES uchun esa kislorodning deyarli keragi yo‘q.
Ammo buni shunchaki qurishning o‘zi yetarli emas. Sohaga malakali kadrlar kerak. Shu bois bugungi kun bilimdon va malakali kadrlarni tayyorlashimizni talab etadi. Yoshlarimiz Moskva muhandislik-fizika institutida tahsil olmoqda. O‘zbekistonda mazkur oliy o‘quv yurtining filialini ochish harakati boshlandi. Uch yil ichida 4 ming nafar malakali mutaxassis tayyorlashimiz zarur. Umuman, atom elektr stansiyasi qurilishida 9 ming, ishga tushirilgandan keyin 3,5 ming kishi ish bilan ta’minlanadi.
Har tomonlama uzoqni ko‘zlab rejalashtirilgan ekologik toza va zararsiz ushbu yirik loyiha mamlakatimiz iqtisodiy taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shadi. Eng muhimi, aholining turmush sharoiti yaxshilanib, elektr energiyasiga ehtiyoj qoplanadi. Shuning o‘zi katta yutuq bo‘lishi aniq.
Sa’dulla Bahromov,
O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi
«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati
Манба: uza.uz
(http://uza.uz/uz/society/tinchlik-maqsadlariga-xizmat-qiluvchi-xavfsiz-va-ishonchli-e-13-07-2018)