Yangiliklar
O‘zbekistonda birinchi marta aholi xonadoni tomonidan quyosh panellari orqali ishlab chiqarilgan elektr energiyasini sotib olish boshlandi
  • 03.11.2021
  • 494

  Toshkent shahrining Yakkasaroy tumanida istiqomat qiluvchi Rasulov Rahimjon xonadonida 6 kVt quvvatli kichik quyosh foto elektr stansiyasi o‘rnatib, ushbu stansiya orqali ishlab chiqarilgan elektr energiyasining o‘z ehtiyojlaridan ortgan qismini hududiy elektr tarmoqlari korxonasiga sotishni boshladi. 

 
 

Ushbu stansiya orqali yiliga 7 000 dan 10 000 kVt.soatgacha elektr energiyasi ishlab chiqariladi.

  Bugun, 3-noyabr kuni mazkur xonadon egasi va Energetika vazirligi tizimidagi Toshkent shahar elektr tarmoqlari korxonasi o‘rtasida “Qayta tiklanuvchi energiya manbalarining kichik ob'ektlaridan ishlab chiqarilgan elektr energiyasini sotib olish to‘g‘risida” shartnoma imzolandi.

 

 
 

 

   Endilikda ushbu xonadonda ishlab chiqarilgan elektr energiyasini hududiy elektr ta'minoti korxonasi tomonidan kafolatlangan tarzda sotib olinadi.

  Ushbu shartnoma umumiy o‘rnatilgan quvvati 1 MVt gacha (o‘zgaruvchan tok ) bo‘lgan qayta tiklanuvchi energiya manbalari ob'ektlaridan, (mikro va kichik gidroelektr stansiyalardan tashqari) elektr eneriyasini xarid qilishga taalluqlidir.

  Eslatib o‘tamiz, mazkur amaliyot Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 22-iyuldagi 610-son qarori bilan tasdiqlangan “Elektr energiyasi, shu jumladan, energiyaning qayta tiklanadigan manbalaridan elektr energiyasi ishlab chiqaradigan tadbirkorlik subektlarini yagona elektr energetika tizimiga ulash reglamenti”ga asosan amalga oshiriladi.

 

 
 

 

  Bunda hududiy elektr tarmoqlari korxonalari tomonidan elektr energiyasini sotib olish O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 10 iyuldagi PQ-4779-sonli qarorida belgilangan tarifga asosan amalga oshiriladi.

  Ahamiyatlisi, shu kabi ishlab chiqarilgan elektr energiyasini umumiy tarmoqqa sotish – ASKUE tizimi doirasida o‘rnatilgan zamonaviy elektron hisoblagichlar orqali amalga oshiriladi.

 

 
 

 

  Ma'lumot uchun: Shaxsiy quyosh fotoelektr stansiyalarini (1 MVt gacha) o‘rnatish istagida bo‘lgan fuqarolar stansiyalarini yagona energetika tizimiga ulangan holda foydalanishlari hamda o‘z ehtiyojlaridan ortgan qismini hududiy elektr tarmoqlari korxonalariga yuqoridagi qarorlarga asosan shartnoma asosida sotishlari mumkin.

  Ushbu xonadon egasi qilingan xarajatlarining bir qismini qoplab berilishi yuzasidan Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 14-apreldagi 217-son qarorida ko‘zda tutilgan kompensatsiya ajratilishi bo‘yicha tuman hokimiyatiga murojaat qildi.


O‘zbekiston Respublikasi
Energetika vazirligi Matbuot xizmati

https://minenergy.uz/uz/news/view/1568

✍️ «O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

>