Yangiliklar
KARMANADA 100 MVT QUVVATLI FOTOELEKTR STANSIYASI QURILADI
  • 08.11.2019
  • 978

   Bugun, 8-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati va Birlashgan Arab Amirliklarining «Masdar» kompaniyalari o‘rtasida umumiy quvvati 100 MVt bo‘lgan fotoelektr stansiyasini qurish va ekspluatatsiya qilish yuzasidan investitsiya bitimi imzolandi. 

   Xo‘sh, ushbu investitsion loyiha qachon boshlangan edi?

   O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 08-avgustdagi 633-sonli qaroriga muvofiq Xalqaro moliya korporatsiyasining ishtirokidagi davlat xususiy sheriklikligi dasturi asosida zamonaviy fotoelektrstansiya qurish loyihasini amalga oshirish ko‘zda tutilgan edi. Bu galgi investitsion loyihaning qurilish manzili Navoiy viloyatining Karmana tumani bo‘ldi.

   Dastavval, 2018-yil oktabr oyida Karmana tumani hokimiyati tomonidan 266 gektar yer maydoni ajratildi va o‘sha yilning noyabr oyida 52 ta xorijiy investitsion kompaniyalar o‘rtasida tanlov muzokaralari o‘tkazildi. Joriy yilning sentabr oyiga kelib 5 ta yirik kompaniyalar ushbu loyiha bo‘yicha o‘z takliflarini berishdi.

   Xalqaro moliya korporatsiyasi tomonidan o‘tkazilgan tanlovda 1 kVt.s elektr energiyasi ishlab chiqarish uchun 2,679 sent taklif qilgan «Masdar» kompaniyasi g‘olib deb topildi.

   Bugungi  investitsiya bitimi imzolash uchrashuvida «Masdar» kompaniyasining vakillari, O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov, O‘zbekiston Respublikasi energetika vazirining o‘rinbosari Sherzod Xodjayev, «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati boshqaruv raisining birinchi o‘rinbosari Xoliq Elmurodov va boshqa mutasaddi xodimlar ishtirok etishdi.

   Eslatib o‘tamiz, loyihaning qiymati 100 mln. AQSh dollariga teng bo‘lib, Navoiy viloyatining Karmana tumanida quriladigan fotoelektrstansiya 2021-yilning III choragida foydalanishga topishirilishi rejalashtirilgan.

   Serquyosh o‘zbek zaminida  Birlashgan Arab Amirliklari mutaxassislari ishtirokida qurilajak quyosh energiyasi stansiyasi yiliga 260 million kVt/s elektr energiyasini ishlab chiqaradi. Bu, o‘z navbatida, Navoiy viloyati sanoat korxonalari, ijtimoiy soha obyektlari va aholini sifatli elektr energiyasi bilan uzluksiz ta'minlab berish uchun xizmat qiladi. Bundan tashqari, umumiy energotizim barqaror faoliyat ko‘rsatishiga o‘zining ijobiy ta'sirini ko‘rsatadi.

 

 «O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

>