OAV va jamoatchilik bilan ishlash
“O‘qituvchi va murabbiylar kuni”: Energiya tejamkorligi mavzusidagi kitoblar boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga taqdim etildi
  • 30.09.2021
  • 382

  Bugun “O‘qituvchi va murabbiylar kuni” munosabati bilan Toshkent shahar Shayxontohur tumanidagi 85-maktabda ma'naviy-ma'rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi. Tadbirni mazkur maktabning ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo‘yicha targ‘ibotchisi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi, shoir Orif To‘xtash olib bordi.

 

Dastavval muhtaram o‘qituvchi va murabbiylarga bayram tabrigi yo‘llandi. Tadbirga mehmon tariqasida taklif etilgan “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJning axborot xizmati rahbari, ijodkor, adib Ulug‘bek Urunov Energetika vazirligi tashabbusi bilan nashr etilgan va soha tashkilotlariga taqdim qilingan, energiya tejamkorligi va samaradorligi mavzusidagi maxsus kitoblar, shuningdek, fanlarga oid savol-javoblardan tashkil topgan qo‘llanma va o‘zining qalamiga mansub turkum kitoblarni eng faol va bilimdon o‘quvchilarga taqdim etdi.

 

 Shuningdek, tadbirda adabiyot va she'riyatga ixlosi baland yoshlarning o‘zlari yozgan she'rlari tinglandi va ustozlarni madh etuvchi kuy-qo‘shiqlar yangradi.

  Bundan tashqari, 2021-yil mobaynida ijodiy va bilim jihatidan o‘zini namoyish etolgan hamda ko‘rik-tanlovlarda sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritgan iqtidorli bir guruh o‘quvchilarga tuman Xalq ta'limi bo‘limi, shuningdek, mazkur maktab ma'muriyatining faxriy yorliqlari topshirildi.

  Tadbir so‘nggida maktab o‘quvchilari tomonidan "Energiya tejamkorligi va samaradorligi" mavzusida "Quvnoqlar va zukkolar" musobaqasini tashkil etib, tadbirga "O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatidan mutaxassislar hamda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasidan ijodkorlarni taklif etish istagi bildirildi.

✍️ «O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

>