Yangiliklar
“So‘g‘diyona” qanday qo‘riqlanmoqda?
  • 22.08.2021
  • 356

  “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati tasarrufidagi “Samarqand magistral elektr tarmoqlari” filialida “Muhim ob’ektlarni injener-texnik qo‘riqlash vositalari bilan jihozlanishi hamda sanoat va yong‘in xavfsizligi ta’minlashni tashkillashtirish” mavzusida o‘quv seminari bo‘lib o‘tdi.

  “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati tashabbusi bilan tashkil etilgan tadbirda respublikamizning yetti viloyati magistral elektr tarmoqlari korxonalari, Samarqand viloyati hokimligi, Milliy gvardiya qo‘riqlash hamda favqulodda vaziyatlar boshqarmalari mas’ul xodimlari qatnashdi.

  bugungi kunda “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati tasarrufida 84 ta yuqori kuchlanishli podstansiyalar bo‘lib ulardan 7 tasi 500 kV kuchlanishli podstansiya hisoblanadi. Mazkur ob’ektlarda xizmat qilayotgan harbiy xizmatchilarning bilim va malakasini, harbiy tayyorgarlik darajasini oshirish, sanoat va yong‘in xavfsizligi masalalari yuzasidan tegishli o‘quv seminarlari hamda mashg‘ulotlar o‘tkazish belgilangan.

  O‘quv seminarda “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati xavfsizlik va maxsus ishlar boshqarmasi boshlig‘i S.Haydarov, Samarqand viloyatidagi Milliy gvardiya qo‘riqlash boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari A.Tursunovlar viloyatdagi muhim ob’ektlarni qo‘riqlash, harbiy xizmatchilarning harbiy tayyorgarligini oshirish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan ma’lumot berdi.

  – Viloyatimiz hududida turli toifadagi 7 ta podstansiya aholiga elektr energiyasi yetkazib bermoqda, – deydi “Samarqand magistral elektr tarmoqlari” filiali direktori Fayzulla Qurbonov. – Ulardan eng yirigi Urgut tumanidagi “So‘g‘diyona-500” podstansiyasi bo‘lib mintaqimizning asosiy qon tomirlaridan biri hisoblanadi. Shu sababli mazkur ob’ekt maxsus xizmatlar tomonidan qo‘riqlanadi.

  Seminar ishtirokchilari “So‘g‘diyona” podstansiyasida bo‘lib, harbiylashtirilgan bo‘linmalarning toifalangan ob’ektlarini qo‘riqlash va mudofaa qilish bo‘yicha seminar mashg‘ulotlari hamda maxsus taktik-o‘quv mashqlarini kuzatdi.

  Tadbir yakunida ishtirokchilarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislar tomonidan javob berildi.

G‘.HASANOV, O‘zA

https://uza.uz/oz/

«O`zbekiston MET» АJ Аxborot xizmati

http://t.me/uzmetaxborotxizmati

>