Yangiliklar
PREZIDENT SHAVKAT MIRZIYOYEVNING MAMLAKATIMIZ TADBIRKORLARI BILAN OCHIQ MULOQOTI
  • 20.08.2021
  • 621

  Prezident Shavkat Mirziyoyevning tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti boshlandi. Ayni paytda davlatimiz rahbari nutq so‘zlamoqda.

  – Keyingi yillarda sizlar iqtisodiyotimiz va islohotlarimiz tayanchiga hamda lokomotiviga aylandingiz, deb aytishga barcha asoslarimiz bor. Siz kabi ishning ko‘zini biladigan, ishbilarmon yurtdoshlarimiz timsolida biz chin ma'nodagi Yangi O‘zbekiston bunyodkorlarini ko‘ramiz.

  Mamlakatimizda har yili yaratilayotgan ish o‘rinlarining 90 foizi xususiy sektor hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Ularda hozirgi kunda 5 milliondan ziyod aholi, ayniqsa, yoshlarimiz mehnat qilmoqdalar. Agar biz iqtisodiyotimizni yanada yuksaltiramiz desak, tadbirkorlikni rivojlantirish uchun barcha imkoniyat va sharoitlarni yaratib berishimiz zarur.

  Keyingi 3-4 yilda tadbirkor uchun kredit va subsidiya olish, litsenziya, ko‘chmas mulk va resurslarga ega bo‘lish, eksport kabi masalalarda ko‘plab yangi-yangi imkoniyat va sharoitlarni yaratdik. Ortiqcha tekshirishlar, naqd pul, valyuta va xomashyo bo‘yicha mavjud cheklovlar, to‘siq va g‘ovlarning ko‘piga barham berildi.

  Eng asosiysi, el orasida va davlat idoralarida tadbirkorlarga nisbatan munosabat o‘zgardi, jamiyatda ularning obro‘ va mavqyei kun sayin tobora ortib bormoqda. Natijada ichki va tashqi bozorda o‘z mustahkam o‘rniga, nufuzi va brendiga ega bo‘lgan, haqiqiy tadbirkorlarimiz sinfi shakllana boshladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

  Davlatimiz rahbari tadbirkor yoshlar va ayollar safi kengayib borayotganini alohida ta'kidladi.

  – Men bugun ushbu zalda va joylardagi studiyalarda qatnashayotgan yuzlab tadbirkor yoshlar va opa-singillarimizni ko‘rib turganimdan benihoyat xursandman.

  Biz keyingi 2 yilning o‘zida, faqatgina xotin-qizlar va yoshlar tadbirkorligini rivojlantirishga 500 million dollar mablag‘ yo‘naltirdik. Ularni o‘z biznesini boshlashi, jumladan kasb va tadbirkorlikni puxta o‘rganishi uchun barcha shart-sharoitlar yaratildi.

So‘nggi 5 yilda yosh tadbirkorlar 5 barobar ko‘payib, ularning soni 500 mingdan oshdi.

  Tadbirkor ayollar va yoshlar safini yanada kengaytirish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bundan keyin ham iqtisodiy siyosatimizning eng ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qoladi, – dedi Prezident.

  Davlatimiz rahbari shijoatli va fidoyi tadbirkorlarning ayrimlarini tilga olib, xalqimizga madadkor bo‘layotgani uchun ularga minnatdorchilik bildirdi.

  - Biz doimo izlanib, yangilikka intilib yashaydigan tadbirkor-larimizni, o‘z ishiga fidoyi va jonkuyar, vatanparvar insonlar deb bilamiz  va ularni qadrlaymiz.

  Ayniqsa, murakkab pandemiya davridagi sinov  va qiyinchiliklar paytida ham, xalqimizga madadkor bo‘lib,  o‘z biznesini nafaqat saqlab qolgan, balki yangi ish o‘rinlarini yaratib, muhtojlarga ko‘mak berayotgan  hamda ishlab chiqarish va eksportni oshirgan  tadbirkor do‘stlarimga  bugun chin qalbimdan rahmatlar aytaman.

  Ana shunday faol  va fidoyi tadbirkorlarning 100 nafariga chuqur minnatdorchilik ramzi sifatida,  birinchi marotaba  O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining minnatdorchilik xatini imzoladim.

  Fursatdan foydalanib,  ana shunday e'tirofga sazovor bo‘lgan fidoyi, vatanparvar, saxovatpesha va g‘ayratli tadbirkor va ishbilarmonlarga,  takroran chuqur tashakkur bildiraman  va chizlarning safingiz, butun mamlakatimiz bo‘ylab,  kun sayin oshib borishiga astoydil ishonaman, - dedi Prezident.

  Prezident Shavkat Mirziyoyev:

  Tadbirkorlardan 15 mingdan ortiq savol,  taklif va tashabbuslar kelib tushdi  va shu kungacha,  joylarda ularning ko‘pchiligi hal etildi.

  Ayniqsa Andijon, Namangan va Surxondaryoda  ishlar tizimli tashkil qilinib,  tadbirkorlarimizning 90 foiz muammolari  qisqa fursatlarda hal qilib berilgani,  albatta quvonarli hol.

  Qaerda muhit yaxshi bo‘lsa, hudud va tarmoq rahbarlari Prezident talabini to‘g‘ri tushungan bo‘lsa, o‘sha yerda ishlash uslubi,  tadbirkorlarga munosabat o‘zgargan.

  Aksincha, tadbirkor dardi bilan yashamagan,  ular ko‘targan muammolarning ichiga kirmasdan,  ko‘mak bermagan rahbarlar faoliyatiga esa,  xalqimizning o‘zi baho beradi va bunday rahbarlarga  bizning safimizda o‘rin yo‘q  va kelajakda ham shunday bo‘ladi.

  Bir narsani barchamiz  aniq tushunib olishimiz lozim. Tadbirkorlarimizning ushbu murojaatlari,  amaldagi islohotlarimiz ko‘zgusidir.

  Shu bois, har bir vazirlik va idora rahbari, viloyat, tuman va shahar hokimlari kelib tushgan murojaatlarni  o‘zlarining faoliyatiga baho deb bilishlari,  bundan to‘g‘ri xulosa chiqarib, keskin o‘zgarishlar qilishlari  zarur va shart.

  Tashabbus ko‘rsata olmaydigan, yangi-yangi g‘oyalarni ko‘tarib chiqishga, o‘zgarish qilishga intilishi bo‘lmagan rahbarlarga nisbatan juda qattiq talab va choralar bo‘ladi.

  Prezident tadbirkorlarni qiynayotgan muammolarni hal qilish bo‘yicha muhim yo‘nalishlarni ko‘rsatib o‘tdi.

  – Men sizlar tomoningizdan ko‘tarilgan masalalar bilan atroflicha tanishib chiqdim. Shu bois, sizlarni qiynayotgan barcha muammo va savollardan to‘la xabardorman.

  Bugunga qadar eng dolzarb muammolarni tizimlashtirib, ularni hal qilishga qaratilgan 7 ta muhim yo‘nalish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqdik.

  Birinchi yo‘nalish. Sizlardan kelib tushgan murojaatlarning 40 foizi biznesni moliyalashtirish va moliya-kredit masalalari bilan bog‘liq.

  Jumladan, ushbu murojaatlarning asosiy qismida kredit stavkalarining yuqoriligi, va ko‘plab kreditlarning qisqa muddatga, tadbirkor uchun noqulay shartlarda berilayotgani qayd etilgan.

  Haqiqatdan ham, tan olib aytishimiz kerak, tadbirkorlarga bugungi kunda berilayotgan aksariyat kreditlarning muddati 3 yildan oshmaydi.

  Shuningdek, banklar tomonidan yillik 8-10 foizdan xorijiy valyutada 18 mingga yaqin tadbirkorlarga berilgan kredit valyuta kursining muntazam o‘sishi hisobiga qo‘shimcha xarajatlarni yuzaga keltirmoqda.

  Bu haqda mingdan ortiq murojaatlar kelib tushgani ham ushbu masalalar tadbirkorlikni rivojlantirish uchun og‘ir yuk bo‘lib turganini ko‘rsatmoqda.

  Shu bois, tijorat banklarining uzoq muddatli resurs bazasi va kreditlarning maqbul foiz stavkalarini shakllantirish bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan choralarni ko‘rishimiz talab etiladi.

  Birinchidan, banklarning kapitalini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha imkoniyatlar ishga solinadi. Buning uchun, kelgusi yilda banklarga Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasidan bozor tamoyillari asosida qo‘shimcha 600 million dollar ajratiladi.

  Bu mablag‘lar tanlov asosida ham davlat, ham xususiy banklarga joylashtiriladi.

  Prezident Shavkat Mirziyoyev:

  Ikkinchidan, yuqoridagi mablag‘larni jalb qilmoqchi bo‘lgan bankning o‘zi ham tashqi va ichki moliya bozorlaridan kamida 30 foiz qo‘shimcha resurslar jalb qiladi.

  Jumladan, banklar tomonidan kelgusi yili xalqaro moliya bozorlarida 5 trillion so‘mlik milliy valyutada yevrobondlar chiqariladi.

  Shuningdek, O‘zbekiston bozorida ishlashga tayyor bo‘lgan, zamonaviy texnologiyalarga ega yirik xorijiy banklarni kirib kelishiga keng imkoniyatlar yaratamiz.

  Bu ham, o‘z navbatida, tadbirkorlarimiz uchun qulay sharoitlar taqdim etadi va bank tizimida biz uchun nihoyatda kerak bo‘lgan sog‘lom raqobat paydo bo‘ladi.

  Uchinchidan, banklar chetdan resursni qanday valyutada jalb qilishidan qat'iy nazar, tadbirkorlarga kreditni milliy valyuta – so‘mda va biznes vakillari uchun maqbul foizlarda berish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

  Valyutada kredit olgan va bugun qiyin ahvolga tushib qolgan yuzlab tadbirkorlarimiz ushbu masalani o‘z murojaatlarida ko‘targanlar.

  Shu bois, Moliya vazirligi huzurida Valyuta xatarlarini boshqarish kompaniyasi va hududlarda uning filiallari tashkil etiladi.

  Ushbu kompaniya banklar tomonidan chet el valyutasida jalb qilinayotgan mablag‘larni so‘mga o‘girib, kreditni ichki bozorda faqat milliy valyutada berish uchun zarur sharoit yaratadi.

  Lo‘nda qilib aytganda, bundan buyon dollar yoki yevro kursining oshishi tadbirkorga qo‘shimcha muammo yoki ortiqcha xarajatlarni yuzaga keltirmaydi.

  To‘rtinchidan, bundan buyon Hukumat tomonidan xalqaro moliya tashkilotlaridan jalb qilinayotgan imtiyozli mablag‘lar hisobidan banklarga beriladigan kreditlarning muddatini cheklash amaliyoti bekor qilinadi.

  Beshinchidan, joriy yil 1-oktabrdan boshlab, ilgari 1 million dollargacha xorijiy valyutada olingan 6 mingga yaqin tadbirkorning  jami 1 milliard dollarga yaqin kreditlari, tadbirkor va tijorat banklari o‘rtasidagi kelishuvga asosan, milliy valyutaga o‘tkazib beriladi.

  Umuman, yuqorida taklif etilayotgan mexanizmlar hisobiga, tijorat banklarida har yili o‘rtacha 30-40 trillion so‘mlik milliy valyutadagi, uzoq muddatli qo‘shimcha resurslar shakllanadi.

  Bular hisobiga, tadbirkorlar milliy valyutadagi kreditlarni uzoq muddatga va hozirgi stavkalardan kamida 5 foiz arzon olish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.

  Men o‘ylaymanki, bu yangi imkoniyatlar mamlakatimizda tadbirkorlik rivojiga katta turtki beradi.

  Shavkat Mirziyoyev kreditlashni bozor mexanizmlariga o‘tkazish haqida:

Men yaxshi tushunaman, hamma arzon kredit olishni xohlaydi. Lekin, kredit foiz stavkalarini sun'iy pasaytirsak, pul bozoridagi muvozanat buziladi. Shuning uchun, iqtisodiyotga arzon kredit beramiz deb, makroiqtisodiy barqarorlikni unutib qo‘ymasligimiz lozim. Barqarorlik bo‘lmasa, iqtisodiy o‘sish bo‘yicha ko‘zlagan maqsadlarimizga erisha olmaymiz.

  Bu borada, foiz stavkalariga bevosita ta'sir etadigan inflyasiyani va yana takror aytaman, inflyasiyani pasaytirish hamda bank orqali kreditlash jarayonini to‘liq bozor mexanizmlariga o‘tkazishga qaratilgan ishlarni izchil davom ettiramiz.

  Zamonaviy bozor tamoyillarida ishlash uchun hududlarda banklar loyiha fabrikalari va tadbirkorlikka o‘qitish markazlarini tashkil etib, xorijiy mutaxassislarni jalb qilmoqda.

  Ushbu markazlar tadbirkorlarga, ayniqsa yoshlarga o‘z g‘oyalarini amaliyotga tatbiq etish, biznes rejalarni ishlab chiqish, mablag‘lar jalb qilishga yordamlashadi hamda ularga biznes jarayonining barcha zanjirida ko‘makdosh bo‘ladi.

  Umuman, inflyasiya darajasini joriy yilda 10 foizga, kelgusi ikki yilda 5 foizga tushirishni reja qilganmiz. Bu esa, tabiiy ravishda kredit stavkalarini ham maqbul darajaga tushirish va muddatini uzaytirish imkonini beradi.

  Oltinchidan, islohotlarimiz uchun o‘ta muhim bo‘lgan oilaviy tadbirkorlik yo‘nalishida ham 2 mingga yaqin murojaatlar kelib tushgan.

  Endi, bu yangi tizimda odamlarimiz tadbirkorlik uchun kredit olaman deb hokimiyatga, bankka yoki boshqa idoraga borib yurmaydi, asbob-uskunalarni sotib olish uchun ta'minotchini qaerdan topaman deb, bosh qotirishga zarurat qolmaydi.

  Kreditni rasmiylashtirishdan tortib, mahsulotni olish-sotishgacha bo‘lgan barcha jarayonlar elektron tarzda, onlayn hal etiladi. O‘z navbatida, ushbu platforma ta'minotchi korxonalar uchun ham kamida 10 trillion so‘mlik bozor yaratadi.

  Iqtisodiy kompleks rahbarlari Qo‘chqorov, Nurmuratov, tijorat banklari uch oy muddatda joylarda, tadbirkor va aholimizga ushbu qulayliklarni keng tushuntirib, undan samarali foydalanishni yo‘lga qo‘yishni tashkil etishlari zarur.

  Bu borada, mahallabay ish tashkil etish bo‘yicha “Andijon tajribasi”ni butun mamlakat bo‘ylab keng qo‘llash lozim bo‘ladi.

  Prezident Shavkat Mirziyoyev mikromoliya tashkilotlari faoliyatini rivojlantirish haqida:

  yettinchidan, ko‘plab murojaatlarda biznesni moliyalashtirish manbalarini yanada ko‘paytirish maqsadida nobank kredit tashkilotlarini ochish va yuritishga bo‘lgan mavjud talablarni kamaytirish va yengillashtirish so‘ralgan. Bu takliflar bizga juda ma'qul.

  Shuning uchun, joriy yil 1-oktabrdan mikromoliya tashkilotlarini litsenziyalash tartibi to‘liq bekor qilinadi. Endi, ular faoliyatini boshlashi uchun faqatgina Markaziy bank reestriga kirishlari kifoya.

  Shuningdek, bundan buyon ularga kassa xonalari tashkil etish, hududlarda filiallar ochish uchun Markaziy bankning roziligini olish shart bo‘lmaydi.

  Ular tomonidan tadbirkorlarga beriladigan mikrokredit (300 million so‘m) va mikrolizing (600 million so‘m) uchun amaldagi cheklovlar ham olib tashlanadi.

  Shu bilan birga, mikromoliya tashkilotlariga boshqa tashkilotlardan mablag‘lar jalb qilish, obligatsiyalar chiqarish huquqlari ham beriladi.

  Shuningdek, ushbu tashkilotlar xuddi banklar kabi to‘lovlarni qabul qilish vakolatiga ham ega bo‘ladilar.

  Umuman, ushbu yangi imkoniyatlar hisobidan ham kredit bozorida tadbirkorlarimiz uchun yiliga qo‘shimcha 10 trillion so‘m mablag‘ shakllanadi.

  Ikkinchi yo‘nalish – soliq tizimini takomillashtirish, biznesga soliq yukini imkon qadar kamaytirish masalalariga ham alohida e'tibor qaratildi:

  – Ma'lumki, so‘nggi uch yilda soliqlar turi 16 tadan 9 taga qisqardi. Ko‘pchilikning esidan chiqqan bo‘lishi mumkin, yaqingacha Pensiya, Maktab va Yo‘l jamg‘armalariga biznes uchun og‘ir yuk bo‘lgan 3,2 foizli yig‘imlar to‘lanar edi.

  Ushbu yig‘imlar korxonalarning foydasidan qat'iy nazar, oborotdan olinib, ularning miqdori korxonalarning kamida 20-25 foiz foydasiga teng bo‘lgan.

  Byudjetdan tashqari jamg‘armalarga mazkur yig‘imlarni bekor qilish hisobiga, 7 mingga yaqin korxona har yili o‘rtacha 6 trillion so‘m soliq to‘lashdan ozod bo‘ldilar.

  Molk-mulk, daromad solig‘i va ijtimoiy soliqlar stavkalari 2 barobarga kamaytirildi. Aniq misollar bilan gapiradigan bo‘lsak, transport sohasida soliq yuki – 3 barobar, oziq-ovqat sanoatida – 2 barobar, to‘qimachilik va elektrotexnika sanoatida esa, 20 foizgacha kamaydi.

  Ayniqsa, pandemiya davrida xarajatlarimiz keskin oshganiga qaramay, qo‘shilgan qiymat solig‘i 20 foizdan 15 foizga tushirildi, ko‘proq zarar ko‘rgan tarmoqlarga ijtimoiy soliq 12 foizdan 1 foizga pasaytirilib, mol-mulk va yer soliqlari to‘lovlaridan butkul voz kechildi.

  Bu esa, o‘z navbatida tadbirkorlar ixtiyorida qolgan 2 trillion so‘m mablag‘ni biznes faoliyatiga sarflash imkonini berdi.

  Lekin, soliq stavkalari va soliq ma'murchiligi bo‘yicha tadbirkorlar tomonidan ko‘tarilayotgan haqli savollar hali juda ko‘p.

  Birinchidan, o‘tgan yili yangi Soliq kodeksi amalga kiritilganidan keyin, 23 ta maxsus iqtisodiy zona ishtirokchilari avvalgi imtiyozlarimiz saqlanib qoladimi yoki yo‘qmi, deb bezovta bo‘lmoqdalar.

  Bu borada bir fikrni aniq qilib aytmoqchiman: 2020-yil fevral oyida “Maxsus iqtisodiy zonalar to‘g‘risida”gi qonun qabul qilingunga qadar iqtisodiy zonalarda ro‘yxatdan o‘tgan tadbirkorlarga berilgan imtiyozlar saqlab qolinadi.

  Shuningdek, ichki bozorda teng raqobat bo‘lishi uchun eksport mahsulotlari ishlab chiqarishga olib kelingan xom ashyo import bojidan ozod etiladi.

  Lekin, bir narsani aniq tushunib olish lozim. Biz qo‘shilgan qiymat solig‘ining uzluksiz zanjirini yaratish bo‘yicha katta islohotlarni olib borayapmiz.

  Shu bois, maxsus iqtisodiy zonalar ishtirokchilariga qo‘shilgan qiymat solig‘ining ortiqcha qismini 7 kun ichida qaytarib berish tartibi joriy qilinadi.

  Ushbu tartib tadbirkorlarga bir yilda o‘rtacha 350 milliard so‘m qo‘shilgan qiymat solig‘ini qisqa muddatda qaytarib olish va aylanma mablag‘larini ko‘paytirish imkoniyatini beradi.

  Bundan tashqari, chetdan olib kelingan tovarlar uchun qo‘shilgan qiymat solig‘ini 120 kun davomida bo‘lib-bo‘lib to‘lashda tadbirkorlarga foiz hisoblanmaydi va garov talab etilmaydi, - dedi Prezident.

Prezident buxorolik tadbirkorga: "Вообще" yo`qotma o`zingni!"

Manba: https://t.me/Press_Secretary_Uz/553

  Davlatimiz rahbari soliq tizimini takomillashtirishga oid ikkinchi yo‘nalishni davom ettirdi:

  Ikkinchidan, mamlakatimizda qurilish sohasida ham, katta o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda.

  Mahsulot tannarxini kamaytirish bo‘yicha  50 dan ziyod qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi korxonalardan takliflar kelib tushgan.

  Masalan, yer qa'ridan foydalanganlik uchun soliq sementning tannarxida – 14 foiz, asfaltda – 10 foiz, qum-shag‘al aralashmasida – 7 foizni tashkil etadi.

  Shu bois, noruda qazilmalarga (qum-shag‘al, ohaktosh, gips, dolomit kabi) yer qa'ridan foydalanganlik uchun soliq stavkasi 2 barobarga kamaytiriladi. Buning hisobiga, 1,5 mingga yaqin korxonalar ixtiyorida yiliga 500 milliard so‘m mablag‘ qoladi.

  Uchinchidan, biz xizmatlar sohasini rivojlantirishga alohida e'tibor qaratayapmiz. Yangi ish o‘rinlarini qisqa muddatlarda yaratadigan sohalardan biri ham servis sohasi hisoblanadi.

  Pandemiya davom etayapti va bu xizmatlar sohasi, ayniqsa umumiy ovqatlanish va turizm korxonalari uchun qanchalik og‘ir bo‘layotganini barchamiz ko‘rib turibmiz, albatta.

  Bu borada, umumiy ovqatlanish va turizm korxonalaridan o‘tgan yili berilgan imtiyozlarni uzaytirish bo‘yicha 300 dan ortiq murojaat kelib tushgan.

  Shu bois, jami 13 mingta umumiy ovqatlanish korxonasini yil yakuniga qadar yer va mulk solig‘idan ozod qilamiz. Bu imkoniyat ularga 30 milliard so‘m qo‘shimcha ko‘mak deganidir.

  Ularning boshqa soliqlardan mavjud 35 milliard so‘m qarzlari muddatlari joriy yil yakunigacha uzaytiriladi, kreditlarini qaytarish ham kechiktiriladi.

  Shu bilan birga, turizm kompaniyalari va mehmonxonalarni turistik yig‘imlardan 2 yil muddatga ozod qilsak, nima deysizlar?

  Bu – hozirgi qiyin sharoitda tushumi kamayib ketgan 2 ming nafar tadbirkor ixtiyorida 150 milliard so‘m qoladi, degani.

  To‘rtinchidan, bugungi kunda 5 mingga yaqin tadbirkorlik sub'ektlarining tashqi savdo operatsiyalari bo‘yicha debitor qarzdorligi mavjud.

  Pandemiya sababli ushbu tadbirkorlarga jarima solish va bugungi kungacha qo‘llanilgan 6 trillion so‘mlik jarimalarni undirish joriy yil yakuniga qadar to‘xtatiladi.

  Prezident Shavkat Mirziyoyev.

  Beshinchidan, soliq ma'murchiligini soddalashtirish, soliq idoralarining nazorat funksiyalarini takomillashtirish yuzasidan jiddiy choralarni amalga oshirishimiz zarur.

  Kelgusi yil 1-yanvardan boshlab soliq idoralari o‘z elektron dasturlari orqali biznes sub'ektlariga hisobotlarini shakllantirish xizmatini yo‘lga qo‘yadi.

  Hozirda, 228 mingta kichik tadbirkorlarda buxgalter yo‘q. Oqibatda, soliq hisobotlarini kamchiliklar bilan topshirgan 32 mingga yaqin tadbirkorga moliyaviy jarima solingan.

  Hisobotlarni kechiktirib topshirish bilan bog‘liq moliyaviy sanksiyalarni qo‘llash tartibi esa to‘liq bekor qilinadi.

  Shuningdek, soliq idoralari qo‘llayotgan ayrim jarimalar soni va miqdorining ortgani, meni xavotirga solmoqda. O‘tgan yili kameral nazorati natijasida 336 ta korxonaga 51 milliard so‘m moliyaviy jarima qo‘llanilgan bo‘lsa, joriy yil 6 oyda 3 mingdan ziyod tadbirkorlarga 900 milliard so‘mdan ortiq jarima belgilangan.

  Shuning uchun Qo‘chqorov, Ishmetov, Qudbiyev, Davletov, Qosimov bir oy muddatda, soliq idoralarining kameral nazorati natijasiga ko‘ra, moliyaviy jarima qo‘llash amaliyotini bekor qilish bo‘yicha taklif kiritsin.

  Oltinchidan, amaldagi tartibga ko‘ra, tadbirkorlar qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha hisobot topshirishi bilan birga, undagi farqni qaytarish uchun soliq idoralariga alohida murojaat qilishga majbur.

  Bu – 14 ming tadbirkorning faoliyatiga bevosita bog‘liq bo‘lib, ular uchun qo‘shimcha vaqt, ortiqcha sarsongarchilik degani.

  Ishmetov, Qudbiyev bu masalani chuqur o‘rganib, kelgusi yildan qo‘shilgan qiymat solig‘ini qo‘shimcha hujjatsiz qaytarish tartibini amaliyotga joriy etsin.

  Yettinchidan, “Sag-Agro” korxonasi rahbari Kamol Abdullaev va boshqa 200 dan ortiq tadbirkorlar soliq va bojxona idoralariga to‘langan qo‘shilgan qiymat solig‘ini “zachyot”ga olish, ya'ni o‘zaro hisob-kitob qilish imkoniyatini so‘ragan.

  “Sag-Agro” korxonasining soliq bazasida 700 million so‘m ortiqcha to‘lovi bo‘la turib, bojxonada 1,4 milliard so‘m qo‘shilgan qiymat solig‘ini qo‘shimcha to‘lashga majbur bo‘lgan.

  Shuning uchun, kelgusi yildan boshlab, qo‘shilgan qiymat solig‘ini hisobga olishda soliq va bojxona idoralarining elektron bazalari o‘zaro bog‘lanadi.

  Ya'ni, soliq idoralarida mavjud qo‘shilgan qiymat solig‘i ortiqcha to‘lovlar bojxona to‘lovlarini amalga oshirayotganda ham inobatga olinadi. Ushbu yengillikdan 10 mingdan ziyod tadbirkor foydalanishi mumkin bo‘ladi.

Shavkat Mirziyoyev: Adolatli mehnat qilsa, marhamat, boy bo‘lsin. Xalq boy bo‘lmasa, davlat hyech qachon boy bo‘lmaydi

Manba:  https://t.me/Press_Secretary_Uz/568

Manba: O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti matbuot kotibining rasmiy kanali

https://t.me/Press_Secretary_Uz/539

https://t.me/Press_Secretary_Uz/540

https://t.me/Press_Secretary_Uz/541

https://t.me/Press_Secretary_Uz/542

https://t.me/Press_Secretary_Uz/543

https://t.me/Press_Secretary_Uz/548

https://t.me/Press_Secretary_Uz/549

https://t.me/Press_Secretary_Uz/550

https://t.me/Press_Secretary_Uz/551

https://t.me/Press_Secretary_Uz/552

https://t.me/Press_Secretary_Uz/553   (video fayl)

https://t.me/Press_Secretary_Uz/554

https://t.me/Press_Secretary_Uz/555

https://t.me/Press_Secretary_Uz/568  (video fayl)

 

«O`zbekiston MET» АJ Аxborot xizmati

>