Yangiliklar
Ehtiyotkorlik — muhim omil
  • 14.07.2021
  • 643

   “O'zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati tasarrufidagi 220 kV kuchlanishli “Sirg'ali” podstantsiyasida Xavfsizlik texnikasi oyligi doirasida tadbir o'tkazildi.

  Bugun elektr energiyasisiz hayotimizni tasavvur qila olmaymiz. Biz uchun juda jo'n ko'rinadigan simlar orqali etib kelib, xonadonimizga nur bag'ishlovchi ushbu asosiy quvvat manbaini taqsimlab, kerakli manzillarga yetkazish soha mutaxassislarining zimmasiga katta mas'uliyat yuklaydi. Ulardan bu borada o'ta ehtiyotkorlik va sichkovlik talab etiladi. Elektr toki bilan bog'liq ko'ngilsiz holatlarning oldini olishda bu juda muhim.

  Mazkur jarayonda podstantsiya mutaxassislari xavfsizlik texnikasi talablari va xodimlarning unga tayyorgarlik darajasini o'rganishdi. Yong'in xavfsizligi burchaklari, foydali maslahat va eslatma e'lonlari, maxsus asbob-uskunalarning favqulodda holatlarda foydalanishga tayyorligi, sifati, yaroqlilik muddati, ulardan to'g'ri foydalanish bo'yicha mutaxassis xodimlarning bilim darajasi tekshirildi. Shuningdek, avariyaviy o'chishlar chog'ida xodimlarning bajarishi kerak bo'lgan ishlari ketma-ketligi, elektr kuchlanish ta'siriga tushgan xodimga birinchi tibbiy yordam ko'rsatish bo'yicha ko'rsatmalar berildi.

  Qayd etish joiz, mazkur podstantsiya elektr energiyasini qabul qilish, uni qayta ishlash va taqsimlash ishlari bilan shug'ullanib, “Toshkent metallurgiya zavodi” yirik sanoat korxonasi, Toshkent shahri va Toshkent viloyatining poytaxt bilan chegaradosh hududlarida istiqomat qiluvchi aholi hamda o'rta va kichik biznes korxonalarini elektr energiyaga bo'lgan talabini ta'minlash maqsadida past kuchlanishli taqsimlovchi tarmoqlarga elektr energiyasini yetkazib beradi. Bu esa hududlarning ijtimoiy holatini yaxshilashga hamda iqtisodiy tarmoqlarning barqaror rivojlanishiga xizmat qiladi.

  Eslatib o'tamiz, “Sirg'ali” podstantsiyasi O'zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli qaroriga muvofiq 2018-yilda boshlangan “Toshkent metallurgiya zavodining tashqi obyektlarini qurishda elektr energiyasi bilan ta'minlash” loyihasi doirasida qurilib, 2020-yilda foydalanishga topshirilgan.

  Loyihaning umumiy qiymati 29,022 million AQSH dollari bo'lib, shundan 26,5 million AQSH dollari O'zbekiston tiklanish va taraqqiyot jamg'armasi, qolgani “O'zbekiston MeT” AJning o'z mablag'lari hisobidan amalga oshirilgan.  Mazkur loyiha hududi o'z ichiga Toshkent shahrining  Yangi hayot tumani, shuningdek, Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq, O'rta Chirchiq, Quyi Chirchiq, Yangiyo'l va Zangiota tumanlarini qamrab oladi va mazkur hududlar taraqqiyoti uchun xizmat qiladi.

Feruza JO'RAYEVA,

Jurnalist

https://yuz.uz/uz/news/ehtiyotkorlik--muhim-omil

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati
t.me/uzmetaxborotxizmati

 

 

>