OAV va jamoatchilik bilan ishlash
Tahlilsiz tanqid – changga qurilgan qasr kabidir!
  • 10.06.2021
  • 301

  Energiya resurslaridan oqilona foydalanish – bugun nafaqat O‘zbekistonda, balki insoniyat yashab turgan yer sharida ham global masala hisoblanadi. Yuliy Yusupov ijtimoiy tarmoqdagi sahifasi orqali e'lon qilingan “Ekonomika katastrof: kogda reforma v energetike?” sarlavhali postida bu borada o‘z takliflarini ilgari suradi. Uning fikrlari va takliflarini o‘qib, kishi taajjubga tushadi. Go‘yoki, sohada hyech qanday islohotlar amalga oshirilmayotgandek. Yoki bo‘lmasa, 4 yil oldingi energiya ta'minoti bilan bog‘liq haqiqiy holatni bilmagandek.

  Shu o‘rinda, 2021-yil 12-fevral kuni Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga joylashtirilgan “Elektr energetikasi sohasini isloh qilishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori loyihasiga e'tiborni qaratsak.

  Hujjat bilan Prezident va Oliy Majlisga hisobdor organ – O‘zbekiston Respublikasi Energetika bozori regulyatori tashkil etilishi belgilanmoqda va quyidagilar regulyatorning asosiy vazifalari ekani keltiriladi:

  - energetika sohasida davlat ulushini kamaytirish, xususiy investitsiyalarni jalb qilish uchun qulay shart-sharoitlar yaratilishini ta'minlash hamda eng yaxshi takliflar va eng zamonaviy texnologiyalarni jalb qilish orqali elektr energiyasini yakuniy iste'molchilarga yetkazib berish narxlarining asossiz oshishining oldini olish;

  - energetika sohasida raqobatli bozorni shakllantirishni tashkillashtirish, barcha ishtirokchilar uchun teng huquqlar va shaffoflikni ta'minlovchi bozor qonun-qoidalarini ishlab chiqish va tasdiqlash hamda barcha bozor ishtirokchilari tomonidan mazkur qonun-qoidalarga rioya etilishi ustidan doimiy nazoratni o‘rnatish;

  - elektr energiyasi tariflarini shakllantirishda aholining kam ta'minlangan va himoyaga muhtoj qatlamlarini ijtimoiy himoya qilishga oid normalarni joriy etish;

  - asosiy qurilmalari mahalliy ishlab chiqaruvchi korxonalarning texnologiyalaridan tashkil topgan elektr stansiyalarni rag‘batlantiruvchi mexanizmni joriy etish;

  - xalqaro biznes amaliyotiga muvofiq, tabiiy va suyultirilgan gaz savdosini erkinlashtirish va xizmatlar sifatini yaxshilash;

  - mamlakat ichida suyultirilgan gaz tashish va tarqatish xizmatlari uchun iqtisodiy asosga ega bo‘lgan alohida to‘lanadigan tariflarni belgilash.

  Ko‘rinib turibdiki, Yusupov ilgari surayotgan takliflar qariyb 4 oy oldin hujjat loyihasidan o‘rin olib, xalq muhokamasidan o‘tkazilib bo‘lindi. Biz faqatgina eng so‘nggi loyiha haqida gapirib o‘tdik.

  Umuman olganda, energiya resurslari va undan foydalanish bilan bog‘liq muammolarning tizimli ravishda o‘z yechimini topayotganini barchamiz o‘z hayotimizda ko‘rib, guvohi bo‘layapmiz. Bundan 4-5 yil oldin mamlakatimizning deyarli barcha hududlarida soatlab, jadval asosida elektr energiyasidan uzib qo‘yilishiga deyarli barham berildi. Iste'mol qilingan energiya uchun to‘lovning zamonaviy va shaffof tizimi yo‘lga qo‘yildi. Joriy uzilishlar esa, uzoq yillar davomida to‘planib qolgan muammolarning oqibatidir. Ko‘rilayotgan chora-tadbirlar sohada yaqin vaqtlar ichida o‘zining ijobiy samaralarini beradi, albatta.

  Nodir JUMAYEV,
  O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi
  Qonunchilik palatasi deputati,
  iqtisodiyot fanlari doktori, professor

  https://parliament.gov.uz/uz/events/opinion/34796/

✍️ «O‘zbekiston MET» AJ

t.me/uzmetaxborotxizmati

>