O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 26-dekabrdagi 1050-son qarori bilan “Elektr tarmog‘i xo‘jaligi ob'ektlarini muhofaza qilish qoidalari” tasdiqlangan bo‘lib, unda elektr uzatish tarmoqlarining muhofaza maydonlari qancha masofada ekanligi va ushbu hududlarda qanday ishlarni amalga oshirish mumkinligi yoki bajarish mumkin emasligi to‘g‘risida barcha talablar bayon etilgan.
Anonim xabarga asosan “O‘zenergoinspeksiya” Farg‘ona hududiy bo‘limi va “O‘zbekiston Milliy elektr tarmoqlari” AJ Farg‘ona MET filiali bilan birgalikda 500 kVli L-524 havo elektr uzatish tarmog‘i muxofaza zonalari navbatdan tashqari ko‘rikdan o‘tkazildi.
O‘rganish davomida 500 kVli L-524 havo elektr uzatish tarmog‘ining tayanchi oldida tarmoqning muhofaza zonasida hududdagi bog‘ egasi tomonidan naves qurilayotganligi aniqlandi.
Ushbu fuqaroga shu joyning o‘zida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 26-dekabrdagi 1050-son qarori bilan tasdiqlangan “Elektr tarmog‘i xo‘jaligi ob'ektlarini muhofaza qilish qoidalari” talablari, unga ko‘ra muhofaza zonasida qanday ishlarni bajarish mumkin emasligi, avariyali holat yuz berishi natijasida elektr tarmog‘ining simi uzilib yerga tushishi va bu inson hayoti uchun xavfli ekanligi to‘g‘risida tegishli tushunchalar berildi.
Fuqaro yuqoridagilar bo‘yicha batafsil tushuncha berilganligi uchun minnatdorchilik bildirib, qilgan ishidan uyatda qolganligi aytdi. Fuqaro barchadan uzur so‘rab, shu vaqtning o‘zida o‘z hoxishiga binoan qurayotgan ob'ektini buzib tashladi.
“O‘zenergoinspeksiya” Matbuot xizmati
http://minenergy.uz/uz/news/view/1288
"O‘zbekiston MET" AJ Axborot xizmati