Koronavirus pandemiyasi boshlanganiga bir yildan ortiq vaqt bo‘ldi, ammo hanuz epidemiologik vaziyat barqarorlashgani yo‘q. Mamlakatimizda ham, dunyoda ham. Aksincha, so‘nggi paytlarda butun jahonda kuzatilgani kabi O‘zbekistonda ham virus yuqtirib olayotgan fuqarolar soni oshib bormoqda. Ammo... Endi virusga qarshi vaksinalar mavjud, emlash ishlari joriy etilmoqda, fuqarolar yuqumli kasallik va uning belgilari haqida birmuncha bilim-tajribadan xabardor. Shunday bo‘lsa-da, «COVID-19»ga qarshi kurashda eng katta yuk baribir shifokor mutaxassislar zimmasiga tushadi.
«Toshkent magistral elektr tarmoqlari» filiali tasarrufidagi «Chirchiq», «Saodat», «Toshkent-500», «Sirg‘ali», «Adolat» hamda «Chinoz» podstansiyasi ishchi-xodimlari uchun joriy yilning 25–28-may kunlari «COVID-19» — koronavirus infeksiyasiga qarshi kurash mavzusida o‘quv seminari o‘tkazildi.
O‘quv seminarida «O‘zbekiston MET» AJ tasarrufidagi «Toshkent tibbiy-sanitariya qismi» tibbiy muassasasining terapevt-shifokori Sh.M.Obidjonova ishtirok etdi. Davra suhbati shaklida davom ettirilgan seminarda koronavirusga qarshi kurashayotgan shifokorlarning yuqumli kasalliklarga qarshi kurash usullari, kasallik bilan bog‘liq avvalgi va hozirgi holatlar farqi, bemorlardagi kasallik alomatlaridagi farqlar hamda umumiylik masalalari muhokama etildi.
Shuningdek, seminar muloqotlari davomida pulmonolog-shifokor H.S.Hamdamova ishtirok etib, yuqumli kasallikning oldini olish, uning belgi-alomatlari, emlanish, tahlillar topshirish, davolanish xaqida soha mutaxassislariga batafsil ma'lumotlar berdi.
Mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan va qo‘shni respublikalardan import qilinayotgan elektr energiyasini iste'molchilarga taqsimlab beruvchi past kuchlanishli tarmoqlarga yetkazib beruvchi — yuqori kuchlanishli elektr tarmoqlari hamda podstansiyalar muhandislari ham sohaning boshqa tarmoqlari kabi kecha-yu kunduz, haftada yetti kun davomida mehnat faoliyati olib borishadi. Demakki, ular o‘rtasida muloqot uzviy. Misol uchun, navbatchi brigadalar elektr tarmoqlari barqaror faoliyati haqida bir-birlariga hisobot taqdim etishlari texnik talablar bilan belgilangan. Buning ustiga, tarmoqda ta'mirlash-sozlash ishlari jamoaviy tarzda amalga oshiriladi. Bir so‘z bilan aytganda, energetiklar o‘rtasidagi uzviy muloqot tufayli kasallik tarqalishi sur'atlari yuqori bo‘lishi mumkin. Demakki, yuqumli kasalliklarni aniqlab, davolashdan ko‘ra, uning oldini olish choralarini ko‘rish yuz, hatto ming chandon samaraliroq.
O‘tkazilgan va o‘tkazilayotgan o‘quv seminarlarida aynan shu masalalar atroflicha muhokama etildi. Filial ishchi-xodimlariga karantin qoidalariga rioya qilishi qanchalar muhimligi misollar tariqasida tushuntirib berildi. Bundan tashqari, seminar davomida ishchi-xodimlarni qiziqtirgan savollarga shifokorlardan javoblar olindi.
Pulmonolog H.S.Hamdamova tomonidan pulsometr yordamida yurak pulsi va o‘pkaning kislorod bilan to‘yinganlik darajasi o‘lchanib ko‘rsatildi. Seminar ishi davomida tibbiy ko‘rik o‘tkazilib, barcha xodimlarda ko‘rsatkichlar me'yor darajada ekanligi aniqlandi. Terapevt-shifokori Sh.M.Obidjonova tomonidan esa himoya niqoblari hamda himoya qo‘lqoplaridan to‘g‘ri foydalanish qoidalari tushuntirib o‘tildi.
Umida Miraxmedova, «Toshkent magistral elektr tarmoqlari» filiali Mustahkamlik va xavfsizlik texnikasi guruhi 1-toifali muhandisi
✍️ «O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati
Telegram kanaliga a'zo bo‘lish uchun