Yangiliklar
ISSIQLIK ELEKTR STANSIYALARI: 85 foiz tarkibidagi 85 ming mashaqqat haqida...
  • 17.03.2021
  • 2365

  Bugun, 17-mart kuni "Taxiatosh issiqlik elektr stansiyasi" AJda OAV vakillari uchun seminar-trening bo'lib o'tdi.

  Aniqrog'i, "Taxiatosh IES" AJda mahalliy hamda xorijiy OAV vakillari, jurnalist va Blogerlar uchun "Elektr energetika sohasini OAVda yoritishning samarali mexanizmlari" mavzusida seminar-trening tashkil etildi. Unda "O'zbekiston milliy elektr tarmoqlari" AJ boshqaruvi raisining matbuot kotibi — axborot siyosati masalalari bo'yicha maslahatchi ham ishtirok etmoqda.

 

 

 

  Treningda ""Taxiatosh issiqlik elektr stansiyasi"da 230-280 MVt quvvatga ega ikkita bug'-gaz qurilmalarini qurish" investitsion loyihasining amalga oshirilish bosqichlari, elektr energiya ishlab chiqarish jarayoni, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy soha ob'ektlariga sifatli hamda uzluksiz elektr va issiqlik energiyasi yetkazib berish tizimi, sohani OAVda yoritish prinsiplari yuzasidan fikr-mulohazalar almashildi.

  Press-turning ikkinchi kuni ertaga, "Taxiatosh IES" AJning ishlab chiqarish zonalarida o'tkazilishi kutilmoqda. Tadbirlar xavfsizlik texnikasi va karantin qoidalariga amal qilgan holda o'tkazilmoqda.

 

 

 

  ELEKTR ENERGIYASI: NIMA, QANDAY VA QACHON?

  Hech kimga sir emas, bugungi kunni elektr energiyasisiz tassavvur etib bo'lmaydi. Jamiyat taraqqiyoti esa elektr energiyasi iste'moli bilan chambarchas bog'liq bo'lgan ishlab chiqarish jarayoni — sanoat taraqqiyoti bilan hamohang. Uyda deysizmi yoki ishxonada — elektr energiyasi inson uchun qulay sharoit yaratadigan ajralmas yordamchiga aylangani rost. Oddiy qishloqdan shaharlargacha, kichik sehdan yirik sanoat korxonasigacha harakatlantiruvchi kuch — bu, shubhasiz, elektr energiyasi.

  Shu o'rinda bir haqli savol tug'iladi... Xo'sh, sarlavhadagi 85% nimani anglatadi va uning tarkibidagi 85 ming mashaqqat nima? Bunga bizni, ayniqsa iste'molchilarning nima daxli bor?

  Elektr energiyasi ishlab chiqarish manbalari soni taraqqiyotning keyingi bosqichida ortib borayotganligiga qaramasdan, jahonning ko'plab mamlakatlari, jumladan O'zbekistonda ham sohaning eng "og'ir yuki"ni issiqlik elektr stansiyalari tortib kelmoqda. Yurtimizda jami elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmidagi issiqlik elektr stansiyalarining umumiy hissasi qariyb 85 foizni tashkil qiladi.

  Demakki, o'sha 85% foiz an'anaviy elektr energiyasi ishlab chiqarish — millionlab kub tabiiy gaz va yerosti gazi, ko'mir va boshqa neft mahsulotlari, uni yetkazib beruvchi o'nlab tashkilotlar va ishlab chiqarilgan mahsulotni uzatib, iste'molchiga taqsimlab beruvchi korxonalar hamda ushbu korxona-tashkilotlarda mehnat qilayotgan yuz mingdan ziyod ishchi-xodimlar...

  Sirasini olganda, o'zining butun tarixi davomida mamlakat energetika tizimi uzoq, deyarli asrlik yo'lni bosib o'tdi, uning har bir bosqichi yangi texnologiyalarni rivojlantirish va soha salohiyatini muttasil oshirib borish bilan belgilandi.

 

 

 

  Tarixga nazar tashlaydigan bo'lsak, yurtimizning qaysi hududi ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan rivoj topib, yangi sanoat quvvatlari qad rostlay boshlagan bo'lsa, o'sha joyda elektr stansiyalari barpo etilganligining shohidi bo'lamiz. Masalan, poytaxtda ishga tushgan to'qimachilik kombinati, uning atrofidagi hududni issiqlik va elektr quvvati bilan ta'minlash zarurati 1939-yilda O'zbekistonda birinchi "Toshkent IEM"ning paydo bo'lishiga asos bo'lgan. 60-yillarga kelib, dastavval Angrenda, so'ngra Farg'ona, Sirdaryo, Taxiatosh, Toshkent viloyati, Navoiy, Muborakda va boshqa hududlarda ana shunday inshootlarning barpo etilishiga ehtiyoj tug'ilgan.

  Qo'shimcha ma'lumot:

  O'ZBEKISTONDA O'RNATILGAN DASTLABKI TRANSFORMATOR BUDKALAR HAQIDA NIMALARNI BILASIZ? http://uzbekistonmet.uz/oz/lists/view/262

  Elektr energiyasi: tarixi, ibtidoiy shakli, taraqqiyoti va buguni http://uzbekistonmet.uz/oz/lists/view/828

  Vaqtning shiddat bilan o'tishi, yangi taraqqiyot texnologiyalarining kirib kelishi har bir soha oldiga butunlay yangicha vazifalarni qo'yib keladi. Yillar davomida yurt charog'onligi va rivoji uchun xizmat qilib kelayotgan elektr stansiyalari ham holdan toyishi barobarida zamonaviy ishlab chiqarish, ekologik talablarga javob bermay qoldi.

  2017-yil tahlillariga ko'ra rivojlangan davlatlarda 1 kilovatt energiya ishlab chiqarish uchun 240-260 gramm yoqilg'i ishlatilgan bo'lsa, mamlakatimizdagi ayrim stansiyalarda 2 barobar ko'p yoqilg'i sarflangan.

  Buning ustiga elektr energiyasi asosan tabiiy gazni yoqish evaziga hosil qilinadi. Gaz resurslari cheklangan bugungi sharoitda uni yanada ko'proq sarflash, tiklanmaydigan tabiiy resurslarning juda katta miqdorini uvol qilish, ya'ni arzonga yoqish degani. Shuning uchun bugungi kunda tizim korxonalarida energiyasamarador, yoqilg'ini tejovchi uskunalarni o'rnatish ustuvor vazifa etib belgilangan.

 

 

 

  TIZIMNI RIVOJLANTIRISHNING YANGI BOSQICHI

  Prezidentimiz 2018-yilning 3-oktabr kuni o'tkazilgan yig'ilishda elektr energiyasi sohasida vujudga kelgan ahvolni tanqidiy tahlil etar ekan, uni rivojlantirishning dolzarb vazifalarini belgilab berdi.

  – Atom elektr stansiyasining ishga tushirilishi yoqilg'i sarfini qisqartirish bo'yicha revolyutsion yechimlardan biri bo'ladi, biroq buning uchun hali 8-10 yil kerak. Shuning uchun mavjud muammolarni tezroq bartaraf etish va tarmoqni tubdan rivojlantirish, eng muhimi, qisqa davrda tizimda sezilarli ijobiy o'zgarishlarni ta'minlash kerak, – dedi davlatimiz rahbari.

  Oradan ko'p o'tmay, tizimda tub burilishlar davri boshlandi. Prezidentimizning 2019-yil 1-fevraldagi qaroriga muvofiq, O'zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi tashkil etildi. Shu jumladan 2019-yil 27-martdagi PQ–4249 sonli "O'zbekiston Respublikasi elektr energetika tarmog'ini yanada rivojlantirish va isloh qilish strategiyasi to'g'risida"gi qaroriga asosan, "O'zbekenergo" aksiyadorlik jamiyati isloh qilinib, uning negizida "Issiqlik elektr stansiyalari", "O'zbekiston milliy elektr tarmoqlari" va "Hududiy elektr tarmoqlari" aksiyadorlik jamiyatlari tashkil topdi. Ular vazirlik tarkibida faoliyat ko'rsatishi barobarida har bir jamiyat "o'z aravasi"ni o'zi tortishiga qaratilgan tashkiliy-huquqiy asoslarga ega. Qarorga muvofiq "Issiqlik elektr stansiyalari" AJ elektr va issiqlik energiyasini ishlab chiqaruvchi issiqlik elektr stansiyalari va elektr markazlari faoliyatini boshqarish uchun tashkil etilgan.

 

 

 

  "O'zbekenergo" AJning tugatilishi va 3 ta mustaqil tashkilotlarga bo'linishidan so'ng, bizning barchamiz o'zimiz uchun belgilab berilgan maydonlarda ish bilan faol bandmiz, chunki har bir tashkilot energiya ishlab chiqarish, uni yetkazish va taqsimlash borasida o'z vazifalariga ega hisoblanadi, "Issiqlik elektr stansiyalari" AJning asosiy vazifalari esa — elektr va issiqlik energiyasini ishlab chiqarishni ta'minlash, yurtimizning energetik xavfsizligiga erishish, iqtisodiyot tarmoqlari va aholining elektr energiyasiga ortib borayotgan ehtiyojlarini qondirish maqsadida mamlakatimizda yuritilayotgan energetika siyosatini amalga oshirishdan iborat. Kuni kecha Yurtboshimiz tomonidan imzolangan "Davlat ishtirokidagi korxonalarni isloh qilishni jadallashtirish hamda davlat aktivlarini xususiylashtirishga oid chora-tadbirlar to'g'risida"gi farmon ushbu yo'galishdagi ishlarni yangi bosqichga ko'taradi.

  Shuningdek, bugungi kunda "Issiqlik elektr stansiyalari" AJ faoliyatining ustuvor yo'nalishlaridan biri — bu modernizatsiya dasturlarini amalga oshirish, ishlab chiqaruvchi quvvatlarni zamonaviy asbob-uskunalar va ilg'or texnologiyalar asosida, shu jumladan, xorijiy investitsiyalar hisobiga rekonstruksiya qilish, zamonaviylashtirish, raqamli texnologiyalarni amaliyotga tatbiq etish, texnika bilan qayta jihozlash va yanada rivojlantirish, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini yaratishdir.

  2020-yilda yurtimizdagi issiqlik elektr stansiyalari tomonidan 60,75 mlrd. kVt.soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi. Iqtisodiyot tarmoqlarining rivoji va aholi ehtiyojlarining oshishi tufayli 2030-yilga borib elektr energiyaga talab 2 barovarga o'sishi kutilyapti. Bunda ko'zda tutilayotgan atom elektr stansiyasi va muqobil energiya manbalari hisobi oshirilishi va ishga tushirilishi ko'zda tutilgan bo'lsa-da, "asosiy yuk" IESlari zimmasiga tushadi.

 

 

  YANGILANAYOTGAN ENERGOSAMARADOR QUVVATLAR VA INVESTITSION LOYIHALAR

  Faoliyat ko'rsatayotgan joriy quvvatlarni eng zamonaviy texnologiyalar asosida modernizatsiya qilish va yangi energosamarador quvvatlarni ishga tushirish aksiyadorlik jamiyatimiz oldida turgan ustuvor vazifalar hisoblanadi, issiqlik elektr stansiyalarida yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirish mamlakatimiz Prezidentining bir qator qaror va farmoyishlari bilan belgilab berilgan bo'lib, ayni vaqtda ularda ko'rsatilgan vazifalar jadal sur'atlarda amalga oshirib borilmoqda. Ushbu yo'nalishda faoliyatimiz O'zbekiston Respublikasi tiklanish va taraqqiyot jamg'armasi, mahalliy banklar va xalqaro moliya institutlari — ETTB, OTB, Xitoy banklari tomonidan faol ravishda qo'llab-quvvatlanmoqda. Bugun bir qator loyihalarni amalga oshirish "Yo'l xaritalari"da belgilangan muddatlardan ancha oldinda, deb ishonch bilan aytish mumkin.

  Ayni paytda mamlakatimiz energetika sanoatini rivojlantirishning yangi bosqichida — zamonaviy, yuqori samarali energiya tejaydigan texnologiyalarni joriy etish va ulardan foydalanish bosqichida. So'nggi yillarda biz dunyoning bir qator yetakchi mamlakatlari — Yaponiya, Amerika va Evropaning energetika sohasidagi yirik kompaniyalari tajribasini o'rganib chiqdik. Shu asnoda mamlakatimizda eng yangi, energiya samarador texnologiyalarni joriy etishga faol ravishda kirishdik va shuni ta'kidlash lozimki, qisqa fursatlarda 1 kVt soat elektr energiyasi ishlab chiqishda yoqilg'i sarfini kamaytirish bo'yicha sezilarli natijalarga erishildi.

 

 

 

 

  Zamonaviy texnologiyalarga asoslangan yangi ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish evaziga tizimdagi energosamarador zamonaviy qurilmalarning ulushi 5809 MVt — 40% ga yetadi.

  Material "Issiqlik elektr stansiyalari" AJ matbuot xizmati ma'lumotlari asosida tayyorlandi.

 

"O'zbekiston MET" AJ axborot xizmati

t.me/uzmetaxborotxizmati

>