Yangiliklar
«SURXONDARYO MAGISTRAL ELEKTR TARMOQLARI» FILIALI: PODSTANSIYALARDA OBODONLASHTIRISH ISHLARI
  • 20.06.2020
  • 1201

   Barchamizga ma'lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev tomonidan o‘tkazilgan videoselektorda hozirgi kunda butun dunyoda koronavirus pandemiyasi tufayli yuzaga kelish mumkin bo‘lgan oziq-ovqat tanqisligining oldini olish maqsadida Respublikamizda mavjud fermer xo‘jaligi va aholi tomorqasi yer maydonlaridan unumli foydalanish, poliz mahsulotlarini yetishtirish, umulashtirib aytganda, foydalanish imkoniyati bo‘lgan barcha yer maydonlari bo‘sh qolmasligi topshirig‘i berilgan.

   Shu sababli, «O‘zbekiston MET» AJ ma'muriyati topshirig‘iga binoan «Surxondaryo MET» filiali podstansiyalaridagi yer maydonlaridan unumli foydalanish uchun bahor faslida loviya, tarvuz, pomidor, bulg‘or qalampiri, bodring va anor ko‘chatlari ekilgan edi. Ushbu obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlarini nafaqat podstansiyalarning estetik qiyofasini yangilaydi, balki podstansiya xodimlarining, ayniqsa navbatchi mutaxassislarning sarxil meva va sabzavotlarga bo‘lgan kunlik ehtiyoji ma'lum ma'noda qondirishga xizmat qiladi. Albatta, obodonlashtirish ishlari asosiy ish vazifasiga xalaqit bermagan holatda, ayniqsa xavfsizlik texnikasi qoidalariga qat'iy amal qilgan holda amalga oshiriladi.

   Mana, yoz faslining dastlabki oyi ham tugab bormoqda, hozirda bahorda ekilgan nihollar unib chiqqan, sug‘orilib, meniral o‘g‘itlar berib parvarish qilinmoqda.

   Bir so‘z bilan aytganda, issiq iqlim sharoitiga ega Surxondaryo viloyatida joylashgan yuqori kuchlanishli podstansiyalarda olib borilayotgan obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari filial ishchi-xodimlarining asosiy ish vazifasiga ruhiy madad, estetik zavq bermoqda, desak aslo mubolag‘a bo‘lmaydi.

   Agar podstansiyalar hududida bo‘sh turgan yer maydonlariga ekilgan ko‘chatlar sonini tahlil etadigan bo‘lsak, manzara quyidagi suratlar va raqamlarda aks etadi.

220 kVli "Amu" podstansiyasi hududidagi 10 sotix yer va anor bog'i

   220 kVli «Amu» podstansiyasi hududidagi 10 sotix yer maydoniga 300 tub anor ko‘chati ekilib, chinakam bog‘ barpo qilindi. Anor ko‘chatlari orasiga turli xil poliz va sabzavot ekinlari ekildi. Jumladan, 350 ta pomidor, 250 ta bulg‘or qalampiri, 150 palakdan qovun va tarvuz, 150 dona loviya ko‘chatlari unib chiqdi.

220 kVli "Sherobod" podstansiyasi hududidagi 6 sotix yer

   220 kVli «Sherobod» podstansiyasi hududidagi 6 sotix yer maydonida 100 tub bulg‘or qalampiri, 100 tub pomidor ko‘chati, 120 palak oshqovoq parvarishlanmoqda.

500 kVli "Surxon" podstansiyasi hududidagi 5 sotix yer

   500 kVli «Surxon» podstansiyasi hududidagi 5 sotix yer maydoniga 70 palak tarvuz, 60 palak qovun, 200 tub bulg‘or qalampiri, 100 tub loviya, 50 tub pomidor ko‘chatlari ekilib, parvarish qilinmoqda. Bulardan tashqari, mazkur postansiya hududidagi yo‘laklar chetiga turli xil gullar ekilib, gulzorga aylantirildi.

   «O‘zbekiston MET» AJ «Surxondaryo MET» filiali direktori To‘ra Namozov ko‘rsatmasiga binoan  «Amu»,  «Sherobod» va «Surxon» podstansiyalarida joriy va mavsumiy ta'mir bo‘yicha kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari qatorida obodonchilik ishlari ham qizg‘in davom etmoqda. Podstansiyalar qatoriga yangi  500/220 kV li «Oltinsoy» podstansiyasi qo‘shilishi kutilmoqda.

   Batafsil: http://uzbekistonmet.uz/oz/

   «Oltinsoy» podstansiyasi bo‘yicha ayni paytda loyihalashtirish ishlari olib borilmoqda. Yuqori kuchlanishli yangi podstansiya Surxondaryo viloyati Oltinsoy tumani, Karsagon mahallasi hududida qurilishi rejalashtirilgan.

   Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, «Surxondaryo MET» filial tasarrufidagi podstansiyalar va yuqori kuchlanishli havo liniyalarida «O‘zbekiston MET» AJ rahbariyati tomonidan belgilab berilgan ish rejasiga muvofiq joriy ta'mir va obodonlashtirish ishlari davom etmoqda.

 

   Baxtiyor Esanov, podstansiyalar xizmati boshlig‘i

 

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

t.me/uzmetaxborotxizmati

>