Yangiliklar
«O‘ZBEKISTON MILLIY ELEKTR TARMOQLARI» AKSIYADORLIK JAMIYATI: PREZIDENT QARORIGA MUVOFIQ SURXONDARYO VILOYATIDA YIRIK INVESTITSION LOYIHA BOSHLANDI
  • 05.06.2020
  • 1474

   Iqtisodiyot tarmog‘idagi oldingi bir qadam

   Barchamizga ma'lumki, yirik sanoat korxonalari iqtisodiyotimizning lokomotivi hisoblanadi. Mahalliy xomashyolarni qayta ishlash evaziga tayyor mahsulot ishlab chiqarish, ichki bozor ehtiyojini to‘ldirish bilan bir qatorda mahsulotlarini eksportga yo‘naltirish imkoniyatiga ega yirik korxonalar soni va quvvatini oshib borishi, shu bilan birga o‘rta va kichik biznes bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash — Prezidentimiz tomonidan belgilab berilgan ustivor yo‘nalishdan biri ekanligi shubhasiz.

   Gap iqtisodiyot uchun lozim sharoitlar yaratish haqida ketganda, eng avvalo, tadbirkorlikning huquqiy asoslari tushunilib, ularga yer maydoni ajratish va davlat ko‘magida mahalliy hokimiyat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi nazarda tutiladi. Ikkilamchi navbatda tadbirkorlik subyektlarini energoresurslardan samarali foydalanishi, xususan elektr energiyasi ta'minoti qay darajada ekanligi muhim ahamiyatga ega. Umuman olganda, har qanday ishlab chiqarish korxonasi qurilishidan oldin uning texnik-muhandislik loyihasida elektr energiyasi bilan ta'minlanganlik darajasi strategik ahamiyatga ega unsur sifatida qayd etiladi.

   O‘z-o‘zidan ma'lumki, tadbirkorlikning kichik va katta zonalari mamlakatimiz bo‘ylab quloch yozayotgan bir paytda elektr energiyasi, xususan yuqori kuchlanishli elektr tarmoqlari va podstansiyalarni barpo etish masalasi, ta'bir joiz bo‘lsa, dastlabki reja-loyihalar hali maket holida bo‘lgan paytdayoq amalga oshirilgan yoki amalga oshirilayotgan bo‘lishi zarur va shart.

   Shu bois, «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati Prezident va Hukumat qarorlariga muvofiq yirik sanoat korxonalari bilan bir qatorda o‘rta va kichik biznesni, shu bilan birga, aholini sifatli elektr energiyasi bilan uzluksiz ta'minlash, mavjud elektr tarmoqlari ish faoliyati ishonchliligini oshirish maqsadida bir qator investitsion loyihalarni amalga oshirib kelmoqda. Investitsion loyihalar mamlakatimizning turli hududlarida, jumladan Surxondaryo viloyatida ham amalga oshirilmoqda.

   500/220 kV kuchlanishli «Oltinsoy» podstansiyasi

   Surxondaryo viloyati respublikamizning janubi-sharqida, Surxon-Sherobod vodiysida joylashgan. Viloyat nomi vohadan oqib o‘tuvchi «Surxon» (fors-tojikcha: «qizil» ma'nosini beradi) daryosi nomidan kelib chiqqan. Janubidan Amudaryo bo‘ylab Afg‘oniston, shimoliy, shimoli-sharq va sharqdan Tojikiston, janubi-g‘arbdan Turkmaniston, shimoliy-g‘arbdan Qashqadaryo viloyati bilan chegaradosh. Maydoni 20,1 ming km². Aholisi, 2019-yil 1-oktabr holatiga ko‘ra, 2612,4 ming nafarni tashkil etadi.

   «3 ta 167 MVA transformatorli 500/220 kV li «Oltinsoy» podstansiyasi qurilishi» loyihasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 9 yanvardagi PQ-4563-sonli «O‘zbekiston Respublikasining 2020–2022 yillarga mo‘ljallangan Investitsiya dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori va O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri tomonidan tasdiqlangan «To‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish orqali 2019–2030 yillarda elektroenergetika sohasida yirik investitsion loyihalarni amalga oshirish dasturi»ga asosan amalga oshirilmoqda.

   Surxondaryo viloyatining aholisi va sanoat korxonalarining elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyoji to‘g‘risida quyidagi jadvalda keltirilgan tezkor ma'lumotni tahlil etib, mazkur loyihani amalga oshirish mamlakatimizning mazkur hududida ham (qo‘shni Afg‘oniston Islom Respublikasiga elektr energiyasi eksportining ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy jihatlarini hisobga olgan holda) elektr ta'minoti salohiyatini kuchaytirish naqadar muhimligini ko‘rish mumkin.

   Loyihaning qiymati 98,0 mln. AQSh dollari hisobida bo‘lib, u 2020–2023-yillar davomida amalga oshiriladi. Loyiha Jahon Banki tomonidan moliyalashtiriladi. 500/220 kV li «Oltinsoy» podstansiyasi qurilishi uchun Surxondaryo viloyati Oltinsoy tumani, Karsagon mahallasidan yer maydoni tanlandi. Ayni paytda loyihalashtirish ishlari olib borilmoqda.

   Investitsion loyihaning texnik tafsilotlari

   Yana bir ahamiyatli tomoni shundaki, loyiha doirasida quyidagi ishlar amalga oshiriladi:

   - Elektr energiyasini uzatish salohiyati 3,5 mlrd kVt·soat va quvvati 501 MVA (1x3x167 MVA) bo‘lgan 500/220 kVli «Oltinsoy» podstansiyasini qurish;

   - 500 kV «L-Guzor-Regar» L-507 elektr uzatish tarmog‘igacha uzunligi 4,0 km bo‘lgan 500 kVli «Kirish-chiqish» yangi elektr uzatish tarmog‘ini qurish;

   - 500 kV «L-Regar-Surxon» L-508 elektr uzatish tarmog‘igacha uzunligi 3,5 km bo‘lgan 500 kVli «Kirish-chiqish» yangi elektr uzatish tarmog‘ini qurish;

   - 220 kV «L-Gulcha-Sherobod» elektr uzatish tarmog‘igacha uzunligi 4,0 km bo‘lgan 500 kVli «Kirish-chiqish» yangi elektr uzatish tarmog‘ini qurish;

   - 220 kV «L-Denov-Sherobod» elektr uzatish tarmog‘igacha uzunligi 2,0 km bo‘lgan 500 kVli «Kirish-chiqish» yangi elektr uzatish tarmog‘ini qurish.

     

 500/220 kV li «Oltinsoy» podstansiyasi qurilishi loyihasida yuqori kuchlanishli havo liniyalarini qurish ishlari ham nazarda tutilgan

   Loyihaning ayni paytdagi holati va dastlabki ishlar dinamikasi quyidagicha:

   - 2020-yil 3-mart sanasi —  Loyihaning texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqish bo‘yicha tegishli takliflarni taqdim etish uchun «O‘rtaosiyoenergotarmoqloyiha» AJ va «O‘zenergoinjiniring» AJlarga murojaat etildi;

   - 2020-yil 19-mart sanasi — O‘rnatilgan tartibda loyihani moliyalashtirish manbalarini aniqlash maqsadida Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligiga 01-03-14/1115-sonli xat bilan murojaat etildi, loyihaning texnik iqtisodiy asoslarini ishlab chiqish bo‘yicha tijorat takliflari tegishli tashkilotlardan olindi;

   - 2020-yil 6-aprel sanasi — «O‘rtaosiyoenergotarmoqloyiha» AJ loyihaning texnik iqtisodiy asoslarini ishlab chiqish bo‘yicha tijorat taklifi ishlab chiqilishidan oldin 500/220 kV kuchlanishli «Oltinsoy» podstansiyasini energiya sistemaga ulash sxemasini ishlab chiqish zarurligi to‘g‘risida javob xati olindi;

   - 2020-yil 20-aprel sanasi — 500/220 kV «Oltinsoy» podstansiyasini energiya sistemaga ulash sxemasini ishlab chiqishga rozilik va bu to‘g‘risida shartnoma taqdim qilishi yuzasidan «O‘rtaosiyoenergotarmoqloyiha» AJga murojaat etildi. Ayni paytda 500/220 kV «Oltinsoy» podstansiyasini elektr energiya umumtizimiga ulash jadvali ishlab chiqilgandan so‘ng loyihalashtiruvchi tashkilot bilan loyihaning texnik iqtisodiy asoslarini tayyorlash bo‘yicha shartnoma imzolanishi kutilmoqda.

   Loyihadan kutilayotgan natijalar quyidagicha:

   - Surxondaryo viloyati iste'molchilari hamda sanoat korxonalarini va qo‘shni Afg‘oniston Islom Respublikasining ma'lum bir hududini elektr energiyasi bilan ta'minlab turgan 500 kV kuchlanishli «Surxon» podstansiyasidagi 2x3x167 MVA quvvatga ega transformatordagi 90 MVt ga teng quvvat yuklamasini pasaytirish;

   - Surxondaryo viloyati iste'molchilari hamda sanoat korxonalarini kafolatlangan elektr energiyasi bilan ta'minlanish;

   - Aholi soni va yangi ishlab chiqarish quvvatlari kengayishi sababli elektr energiyasiga bo‘lgan talabni ta'minlash;

   - Surxondaryo viloyatidagi yirik ishlab chiqarish korxonasi «Xonjiza kon-metallurgiya kombinati», Sherobod, Jarqo‘rg‘on sement zavodi va boshqa yangi ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish hisobiga elektr energiyasini «Surxon» podstansiyasi orqali yetkazishda energiya tanqisligini bartaraf etish.

   Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, dastlabki ishlari amalga oshirilayotgan mazkur investitsion loyiha natijasida Surxondaryo viloyatida joylashgan ko‘plab ishlab chiqarish korxonalari qo‘shimcha quvvat bilan ta'minlanadi, viloyat iste'molchilarini sifatli elektr energiyasi bilan uzluksiz ravishda ta'minlash — elektr ta'minoti ishonchliligini oshirish kafolatlanadi.

 

Zafarjon Kamolov,

«O‘zbekiston MET» AJ

Investitsiyalarni jalb qilish va investitsion loyihalarni amalga oshirish boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari

 

«O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari»  AJ Axborot xizmati

Kanalga a'zo bo‘ling! t.me/uzmetaxborotxizmati

>