Yangiliklar
«YASHIL ENERGIYA» SALMOG‘INI OSHIRISHDA FRANSIYA BILAN INVESTITSIYA LOYIHASI DOIRASIDAGI HAMKORLIK DAVOM ETMOQDA
  • 19.05.2020
  • 1040

  Yodingizda bo‘lsa, 2019-yil 13-sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi binosida O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi ishtirokida «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati va Fransiyaning «TOTAL Eren» kompaniyalari o‘rtasida umumiy quvvati 100 MVt bo‘lgan fotoelektr stansiyasi qurish va ekspluatatsiya qilish yuzasidan kelishuv imzolangan edi. 

  Батафсил: uzbekistonmet.uz/uz/

  Batafsil:      uzbekistonmet.uz/oz/

  Подробно:  uzbekistonmet.uz/ru/

  Qayta tiklanadigan energetikani jadal rivojlantirishni ta'minlash, elektr energiyasi ishlab chiqarish manbalarini diversifikatsiyalash, ushbu maqsadlar uchun tabiiy gazdan foydalanishni kamaytirish, shuningdek, elektr energetika tarmog‘iga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni keng jalb qilish maqsadida 2020-yil 13-may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Samarqand viloyatida quvvati 100 mvt bo‘lgan fotoelektrik stansiyani qurish» investitsiya loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-4712-son qarori e'lon qilindi.

  Mazkur qarorda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 5-oktabrda Fransiya Respublikasiga rasmiy tashrifi davomida «Total Eren SA» (Fransiya) kompaniyasi bilan Samarqand viloyatida umumiy quvvati 100 MVt bo‘lgan fotoelektrik stansiyani loyihalashtirish, moliyalashtirish, qurish va ishlatish to‘g‘risida hamkorlik bitimi imzolanganligi, ushbu  investitsiya loyihasini amalga oshirish uchun O‘zbekiston Respublikasida ish yuritadigan «Tutly Solar» mas'uliyati cheklangan jamiyati shaklida xorijiy investitsiya ishtirokidagi korxona ta'sis etilganligi, 2019-yil 13-sentabrda Investor va Loyiha kompaniyasining majburiyatlarini nazarda tutuvchi Investitsiya bitimi tuzilganligi, «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ va Loyiha kompaniyasi o‘rtasida Elektr energiyasini sotib olish to‘g‘risida bitim tuzilganligi, unga muvofiq loyiha doirasida ishlab chiqarilgan elektr energiyasini «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ tomonidan yagona xaridor majburiyatini olganligi sanab o‘tilgan.

  Shu bilan birga, qarorda «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati tomonidan Elektr energiyasini sotib olish to‘g‘risidagi bitim shartlariga muvofiq Loyiha kompaniyasi bilan Xaridorning ulanish vositalarini berish to‘g‘risida bitim tuzish, kuchlanishni oshiruvchi FES podstansiyasi foydalanishga topshirilib, investitsiya loyihasini amalga oshirish doirasida jalb etiladigan mustaqil xalqaro maslahatchi tomonidan baholanganidan so‘ng Loyiha kompaniyasining tasdiqlangan xarajatlarini yagona to‘lov bilan qoplash majburiyati bilan uni Loyiha kompaniyasidan o‘z mulkiga qabul qilib olish va FES bilan bog‘liq infratuzilmalar barpo etilishini ta'minlash masalalari belgilab berilgan.

  Bir so‘z bilan aytganda, davlatimiz rahbarining Fransiya Respublikasiga tashrifi davomida «TOTAL Eren» bilan hamkorlik to‘g‘risidagi kelishuvga asosan Samarqand viloyatining Nurobod tumanida davlat-xususiy sherikchilik asosida umumiy qiymati 100 mln. AQSh dollariga baholangan 100 MVt quvvatli quyosh fotoelektrik stansiyasini qurib, foydalanishga topshirish investitsion loyihasi bo‘yicha tegishli ishlar boshlab yuborilgan edi. Samarqand viloyati Nurobod tuman hokimining 2019-yil 14-martdagi 457-Q-son qaroriga asosan Nurobod tumanining Tutli qishlog‘ida 600 ga yer maydoni ushbu loyiha qurilishi uchun ajratilgan.


  Hozirgi kunda loyiha instituti tomonidan ishlab chiqilgan «Energetika tizimiga quvvat berish sxemasi» hujjatlar to‘plami «O‘zbekiston MET» AJning mas'ul xodimlar tomonidan ko‘rib chiqildi va loyiha sxemasiga kiritilishi lozim bo‘lgan takliflar taqdim etildi.

  Mazkur loyiha «yashil energiya» deb ataluvchi qayta tiklanuvchi energiya manbalarining O‘zbekiston elektr energetikasi umumtizimidagi salmog‘ini oshirish uchun xizmat qilib, aholi, ijtimoiy soha ob'ektlari hamda sanoat korxonalarini uzluksiz elektr energiyasi bilan ta'minlash jarayonining ishonchliligini oshirishga qaratilgan.

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati 

t.me/uzmetaxborotxizmati

>