Yangiliklar
MUQOBIL ENERGIYA ULUSHINI OSHIRISH — YIRIK INVESTITSIYALAR TALAB QILUVCHI BOSQICHLI JARAYON
  • 20.12.2019
  • 1766

Hatto ushbu tizimda 20-30 yil ilgari yuqori lavozimlarda ishlagan, biroq ko‘pchilik kabi qilingan va qilinayotgan ishlardan yetarlicha xabardor bo‘lmagan ayrim sobiq mulozimlar (xorijiy nashr ta’rifi) 3 kun ichida muammolarga yechim topishga urindi. Eng qizig‘i, energiya tejamkorlik va samaradorlik borasida jamoatchiligimizda lozim tushunchalar berilib, buning sezilarli natijasi paydo bo‘lgach, yuzlab noqonuniy ulanmalar aniqlanib yirik miqdordagi jarimalar undirilgach hamda elektr energiyasi importida ma’lum kelishuvlar amalga oshirilgach (bu kabi o‘zaro manfaatli kelishuvlar avvalgi yillarda ham bo‘lgan), qisqasi «energetik krizis» muammolari ma’lum ma’noda o‘z yechimini topganidan so‘ng ayrim xorijiy nashrlar ta’minotdagi ijobiy o‘zgarishlarni kutilayotgan siyosiy tadbir bilan bog‘lashga urinishmoqda. Mayli, karvon yo‘lida davom etaveradi...

 

Xalqimizda «holva degan bilan og‘iz chuchimaydi» degan maqol bor. Yillar davomida yig‘ilgan muammolar yechimi kun, hafta va oy o‘lchamiga sig‘masligi mumkin. Shu o‘rinda, davlat va jamiyat faoliyatidagi katta o‘zgarishlar bosqichli jarayon bo‘lishi lozimligini inobatga olishimiz zarur. Bu narsa elektr energiya ishlab chiqarishda muqobil energiya salmog‘ini oshirish jarayoniga ham taalluqli. Qayta tiklanuvchi energiya — yirik investitsiyalar talab qiluvchi bosqichli jarayon ekanligini barchamiz bilishimiz, olib borilayotgan islohotlarni to‘g‘ri anglashimiz zarur. Nega deyilgan savolga javob aniq — an’anaviy usulda elektr energiya ishlab chiqarish jarayoni ekologiyaga jiddiy zarar yetkazib, tabiiy boyliklarimizni tejash masalasiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

 

 Umumiy fikrlardan yiroqlashib, raqamlarga to‘xtalamiz: 2017-yilda elektr enegiyasi ishlab chiqarish uchun mamlakatimizda mavjud issiqlik elektr stansiyalari tomonidan 15,2 mlrd metr/kub tabiiy gaz, 268,3 mln metr/kub yerosti gazi, 148,6 ming tonna mazut, 3,31 mln tonnadan ziyod ko‘mir, 13,7 ming tonna neftekoks yoqilgan.

 

 Tasavvur eta oldingizmi?!

 

2018-yilda bu ko‘rsatkichlar umumiy hisobda 8,7 % ga oshgan, ya’ni 16,4 mlrd metr/kub tabiiy gaz, 326,6 mln metr/kub yerosti gazi, 154,8 ming tonna mazut, 3,34 mln tonna ko‘mirdan issiqlik energiyasi olinib, elektr energiyasiga aylantirilgan.

 

Mana, yakunlanib borayotgan yilimizda ham elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojimiz — aholi soni o‘sishi va turmush darajasi oshishi ko‘rsatkichlariga nisbatan keskin oshib borayotganini ko‘rishimiz mumkin. 2019-yil ko‘rsatkichlar 2018-yilni taqriban takrorlashi bilan birga import qariyb 33% ga ortganligini ko‘rsatmoqda.

 

 Biz bir harakat bilan yoqadigan chiroq va gaz yer qa’ridan sug‘irib olinayotgan boyligimiz va energetiklarning tunu kun mashaqqatlari evaziga kelayotganini bilish barobarida ekologik muhitga zarar yetkazayotganimizni ham anglamog‘imiz bugungi kunning dolzarb masalasi. Texnologik sarflar (yo‘qotishlar) ustiga ulardan oqilona foydalanmaslik, tejamkorlik borasidagi o‘quvsizligimiz, ming afsuski, sohaga og‘ir yuk bo‘lmoqda.

 

 Yaqinda mahalladosh.uz saytida «Energetik bo‘hrondan qutqaradigan yagona yo‘l bormi?» (http://mahalladosh.uz/post?id=7361#) nomli maqola e’lon qilindi. Unda yurtimizda quyosh, shamol, biogaz energiyasidan foydalanish borasida tabiiy qulay shart-sharoitlar mavjud ekanligi to‘g‘ri qayd etilgan. 2014-yilda Samarqandda quyosh fotoelektr stansiyasi qurilishi bo‘yicha boshlangan ishlarga umid bildirilgani-yu, loyiha kutilmaganda to‘xtab qolgani zikr etilgan. Loyiha to‘xtab qolganiga bir nechta omillar ta’sir ko‘rsatgani rost. Loyihani moliyalashtirishda yuzaga kelgan muammolar qatorida o‘sha paytlari xalqaro tanlovlarni o‘tkazishda zarur bilim-tajriba yetishmagani ana shu omillardan biri edi.

 

 Ammo bu bilan sanoatga «yashil energiya»ni tatbiq etish jarayoni to‘xtab qolgani yo‘q. Muqobil energiya turlarining salmog‘ini yildan-yilga oshirib borish yuzasidan bir nechta qaror va farmonlar e’lon qilindi va ularning ijrosi ayni kunlarda xalqaro tenderlar orqali aniqlangan bir nechta investitsion loyihalar ko‘rinishida amalga oshirilmoqda.

 

Masalan, «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati va Fransiyaning «TOTAL Eren» kompaniyalari o‘rtasida umumiy quvvati 100 MVt bo‘lgan fotoelektr stansiyasi qurish va ekspluatatsiya qilish yuzasidan kelishuv imzolandi. Ushbu loyihaga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil oktabr oyida Fransiya Respublikasiga rasmiy tashrifi chog‘ida imzolangan kelishuv va tegishli qarorlar huquqiy asos bo‘lib xizmat qildi. Yaqin kunlarda Samarqand viloyatining Nurobod tumani hududida qayta tiklanuvchi energiya stansiyasi qad rostlaydi (http://uzbekistonmet.uz/uz/lists/view/20).

 

 Prezidentimizning 2019-yil 1-fevral va 2-apreldagi qarorlariga muvofiq Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining (YTTB) kredit mablag‘lari hisobidan Birlashgan Arab Amirliklarining «Masdar» kompaniyasi ishtirokida O‘zbekistonda shamol elektr stansiyalari qurish bo‘yicha innovatsion loyiha imzolandi. Shamol generatorlari Nukus shahri yaqinidagi Qoratou hududida 100 MVt quvvatli, Navoiy viloyatining Zarafshon shahri yaqinida 200 MVt quvvatda qurilishi nazarda tutilgan (http://uzbekistonmet.uz/uz/lists/view/81).

 

 Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 8-avgustdagi qaroriga muvofiq Xalqaro moliya korporatsiyasining ishtirokidagi davlat xususiy sherikligi dasturi asosida Navoiy viloyatining Karmana tumanida zamonaviy fotoelektrstansiya qurish loyihasini amalga oshiriladi. Serquyosh o‘zbek zaminida Birlashgan Arab Amirliklari mutaxassislari ishtirokida qurilajak mazkur quyosh energiyasi stansiyasi yiliga 260 million kVt•soat elektr energiyasini ishlab chiqarishi rejalashtirilgan (http://uzbekistonmet.uz/uz/lists/view/148).

 

 O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 22-avgustdagi PQ-4422-sonli qarorining 1-sonli ilovasida 2030-yilda qayta tiklanuvchi energiya manbalarning ulushini 25% ga yetkazish ko‘rsatib o‘tilgan. Hozirgi kunda ushbu ko‘rsatkich 10% atrofida.

 

 Bu qayta tiklanuvchi energiyaga o‘tishning dastlabki bosqichiga taalluqli loyihalarning bir qismi. Bir so‘z bilan aytganda, hukumatimiz topshiriqlariga binoan Energetika vazirligi mutasaddilari tomonidan «yashil energiya» tizimiga o‘tish bo‘yicha birmuncha ishlar olib borilmoqda. Shu o‘rinda ushbu texnologiya birmuncha qimmat ekanligi, undan samarali foydalanish borasida hali yetarlicha ko‘nikma va tajribaga ega emasligimizni alohida ta’kidlash lozim. Ammo bu vaqt masalasi. Amalga oshirilayotgan ishlar samarasini iste’molchilar, ya’ni O‘zbekiston aholisi 2020-yilda yaqqolroq ko‘zga tashlanib borayotganiga guvoh bo‘lishadi. Ko‘zlangan natijaga erishish uchun puxta reja va moliyaviy asos zarur bo‘lishini esa barchamiz yaxshi bilamiz

 

Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, har bir jabhaga zarur bo‘layotganidek energetika sohasiga ham moliyaviy asos, zamonaviy texnologiyalar va muhandislik salohiyatidan tashqari iste’mol madaniyatidagi ma’naviy-huquqiy yuksalish ham zarur bo‘lmoqda. Aynan shu masalada OAV hamda jamoatchilik ko‘magiga muhtojmiz.

 

   «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati

 Axborot xizmati

 

>