Yangiliklar
“O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida”gi Qonunning mazmun-mohiyati (O‘RQ–687-son, 2021-yil 27-aprel)
  • 10.05.2021
  • 782

  E'tiboringizga O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining 2021-yil 6-maydagi 8/091/2074-sonli murojaatiga asosan joriy yilning 27-aprelida qabul qilingan "O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida"gi O‘RQ–687-son Qonunining mazmun-mohiyati va ahamiyatini tushuntirish, shuningdek, jamiyatda huquqiy ongni, huquqiy madaniyatni yuksaltirish maqsadida Adliya vazirligi tomonidan taqdim etilgan targ‘ibot matni va slaydlarini havola etamiz.

 

 

  I. Qonunning maqsadi.

  O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining faoliyatini tartibga solishdan iborat.

  II. Qonunning mazmun va mohiyati.

  Qonunga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi doimiy faoliyat yurituvchi sud hokimiyati organi bo‘lib, qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyat hujjatlarining Konstitutsiyaga muvofiqligi to‘g‘risidagi ishlarni ko‘radi.

  Konstitutsiyaviy sud konstitutsiyaviy huquq va erkinliklari muayyan ishda qo‘llanilgan va Konstitutsiyaga muvofiq bo‘lmagan qonunda buzilgan deb hisoblovchi fuqarolar hamda yuridik shaxslarning shikoyatlarini ham ko‘rib chiqishi belgilandi.

  Konstitutsiyaviy sud rais va uning o‘rinbosarini qo‘shgan holda 9 nafar sudyadan iborat bo‘ladi (Ilgari 7 nafar edi).

  Konstitutsiyaviy sud sudyasining vakolatlari muddati birinchi marta saylanganida 5 yilni, navbatdagi saylanganida 10 yilni tashkil etadi.

  Konstitutsiyaviy sudning hujjatlari barcha davlat organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, mansabdor shaxslar va fuqarolar uchun majburiydir.

  Konstitutsiyaviy sud sudyasiga Oliy yoki Birinchi malaka darajalari beriladi. Oliy malaka darajasi Prezident tomonidan, Birinchi malaka darajasi Konstitutsiyaviy sud tomonidan beriladi.

  Ilgari har ikkala daraja ham Prezident tomonidan berilgan.

  Konstitutsiyaviy sud sudyasiga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi unga o‘ta og‘ir jinoyat yoxud odamning o‘limiga sabab bo‘lgan boshqa qasddan jinoyat sodir etganlik aybi qo‘yilgan hollardagina qo‘llanilishi mumkin.

  Ushbu tartib Konstitutsiyaviy sudning sudya sifatida ishlagan davrida shunday jinoyatni sodir etganlikda ayblanayotgan sobiq sudyasiga nisbatan ham qo‘llaniladi.

  Ilgari ushbu tartib belgilanmagan edi.

  Davlat sirini yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sirni tashkil etuvchi ma'lumotlarni saqlash zarur bo‘lganda sudning yopiq majlisi o‘tkazilishiga yo‘l qo‘yilishi belgilandi.

  Ilgari yopiq sud majlisini o‘tkazish asoslari aniq ko‘rsatilmagan edi.

  Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish huquqiga ega bo‘lgan sub'ektlar qatoriga quyidagilar kiritildi:

    ·       Inson huquqlari bo‘yicha vakil (ombudsman) o‘rinbosari – Bola huquqlari bo‘yicha vakil;

    ·       Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Milliy markazi;

    ·       Prezident huzuridagi Tadbirkorlik sub'ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil.

  Konstitutsiyaviy sudga murojaat etish huquqiga ega bo‘lgan davlat organlarining va mansabdor shaxslarning murojaati, shuningdek fuqarolarning va yuridik shaxslarning shikoyatlari Konstitutsiyaviy sudda ishlarni ko‘rish uchun asos bo‘ladi.

  Konstitutsiyaviy sudga murojaat yozma yoki elektron shaklda yuboriladi. Elektron shaklda yuborilgan murojaat elektron hujjat aylanishi to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga muvofiq bo‘lishi kerak. Kollegial organning Konstitutsiyaviy sudga murojaatiga ushbu organning tegishli qarori ilova qilinadi.

  Murojaatda:

  Konstitutsiyaga muvofiqligi tekshirilishi lozim bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatning nomi, raqami, qabul qilingan sanasi, u e'lon qilingan manba, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining va qonunining sharh berilishi lozim bo‘lgan qoidalari;

murojaatni Konstitutsiyaviy sudda ko‘rib chiqishning huquqiy asoslari;

qo‘yilgan masala yuzasidan murojaat qiluvchining nuqtai nazari va murojaatni O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining tegishli normalariga havola qilingan holdagi huquqiy asoslantirish;

murojaat qiluvchining nomi (familiyasi, ismi, otasining ismi), joylashgan yeri, pochta manzili yoki yashash joyi, vakil va uning vakolatlari to‘g‘risidagi zarur ma'lumotlar, bundan vakillik lavozim bo‘yicha amalga oshiriladigan hollar mustasno;

    ilova qilinayotgan hujjatlar ro‘yxati ko‘rsatilgan bo‘lishi kerak.

  Fuqarolar va yuridik shaxslarning shikoyatlarida ish sudda ko‘rib chiqilganligi va sudda himoya qilishning barcha shakllaridan foydalanilganligi ko‘rsatilgan bo‘lishi kerak.

  Murojaatda murojaat qiluvchi ishni hal etish uchun zarur deb hisoblagan boshqa ma'lumotlar ham ko‘rsatilishi mumkin.

  Murojaatga quyidagilar ilova qilinadi:

tekshirilishi lozim bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatning yoki sharhlanishi lozim bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonuni normasining matni;

taraf vakilining vakolatini tasdiqlovchi ishonchnoma yoki boshqa hujjat, bundan vakillik lavozim bo‘yicha amalga oshiriladigan hollar mustasno, shuningdek shaxsning Konstitutsiyaviy sudda vakil sifatida ishtirok etish huquqini tasdiqlovchi hujjatlarning ko‘chirma nusxalari.

  Murojaatga sud majlisiga chaqirilishi taklif qilinayotgan guvohlar, ekspertlar va mutaxascislarning ro‘yxati, sud qarorlarining ko‘chirma nusxalari, shuningdek boshqa hujjatlar hamda materiallar ilova qilinishi mumkin.

  Konstitutsiyaviy sud murojaat olingan kundan e'tiboran yetti kundan kechiktirmay uni o‘rganishga kirishadi.

  Konstitutsiyaviy sudning raisi kelib tushgan murojaatni ushbu Qonunda qo‘yilgan talablarga muvofiqligi nuqtai nazaridan dastlabki tarzda o‘rganishni va murojaatni dastlabki tarzda o‘rganish natijalari bo‘yicha xulosa tayyorlashni Konstitutsiyaviy sudning bir yoki bir nechta sudyasiga topshiradi.

  Murojaatni dastlabki tarzda o‘rganish konstitutsiyaviy sud ishlarini yuritishning majburiy bosqichidir.

  Murojaatni dastlabki tarzda o‘rganish natijalari yuzasidan Konstitutsiyaviy sud sudyasining (sudyalarining) xulosasi sud majlisida ma'ruza qilinadi.

  Konstitutsiyaviy sud ishlarni sud majlisida ko‘rishga Konstitutsiyaviy sudning kamida besh nafar sudyasi ishtirok etgan taqdirda vakolatli bo‘ladi.

  Ishni sud majlisida ko‘rish uchun tayinlash to‘g‘risidagi ajrim murojaat ko‘rish uchun qabul qilinganidan so‘ng bir oydan kechiktirmay Konstitutsiyaviy sud tomonidan qabul qilinadi.

  Ushbu Qonun rasmiy e'lon qilingan kundan e'tiboran kuchga kiradi.

 

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

t.me/uzmetaxborotxizmati

>