Ma'lumki xalqimiz ma'naviyatida, qadriyatlarida boshqa xalqlar o'rgansa va o'z tajribasida qo'llashga arziydigan ko'pgina ibratli tajribalari mavjud. Masalan, "hashar" deb atalgan tadbir barchani birdamlikka, ahillikka va mehr-oqibatga undashi bilan ajralib turadi. Hashar — bu xalqimizning qadimiy va azaliy qadriyatlaridan biridir. Uning zamirida obodlik, hamjihatlik, mehr-oqibat, xayr-sahovat va bunyodkorlik mujassam.
O'zbek xalqi azal-azaldan "Navro'z" nafasi kelishi bilan yurtini obod qilish uchun, ariq va zovurlarini tozalaydi. Atrof-hududlarni maishiy chiqindilardan tozalash uchun ko'chalariga suv sepib supirishadi. Daraxt va nihollarga shakl berib, yurt obodligini, ko'rkamligini saqlashga xizmat qilishadi.
"Hashar — elga yarashar" degan maqol bejiz aytilmagan. Hasharda xalqimizga xos bag'rikenglik, o'zaro hamjihatlik, umumxalq bayrami oldidan mahallalar, ko'chalar va aholi turar-joylarini obodonlashtirish ishlari uyushqoqlik va hamjihatlik bilan amalga oshiriladi.
Bugun Energetika vazirligi tizimidagi barcha tashkilotlar kabi "O'zbekiston milliy elektr tarmoqlari" aksiyadorlik jamiyati tasarrufidagi barcha filial va bo'linmalarda ham umumxalq hashari qizg'in pallada.
Ofis xonalaridan tortib yuqori kuchlanishli podstansiyalargacha, yordamchi binolaru avtoturargohlar, ijtimoiy soha ob'ektlari, omborxonalarda hashar o'tkazilmoqda. Beton to'siqlarga ohak surtilib, temir jihozlarga bo'yoq tortilmoqda. Jamiyat tasarrufidagi yer maydonlari borki, barchasiga manzarali daraxtlar ekilib, gul ko'chatlari o'tqazish uchun ekin qatorlari tayyorlab qo'yildi.
Muhtaram Prezidentimiz o'z chiqishlarida mahallabay ishlash tizimi haqida ko'p va xo'p gapirdi, bu ham bo'lsa har bir ish-yumush yechimi, shu jumladan obodonchilik, ko'kalamzorlashtirish ishlari ham mahalalar kesimida amalga oshirilganda samarali bo'lishi ta'kidlandi. Bu narsalar hayotiy tajribalar orqali yaqqol namoyon bo'lmoqda, samarasini xalqimiz sezmoqda.
Shularni hisobga olib, "O'zbekiston milliy elektr tarmoqlari" aksiyadorlik jamiyati jamoasi vakillarining bir qismi bugun Toshkent shahri, Yashnobod tumani, "Katta-Qo'yliq" mahallasiga umumxalq hashariga yordam berish vajida yetib kelishdi. Markaziy boshqaruv apparati mutaxassislari, "Toshkent magistral elektr tarmoqlari" va "Toshkent shahar magistral elektr tarmoqlari" filiallari ishchi-xodimlari, Yoshlar Ittifoki boshlang'ich tashkiloti a'zolari mahallada fuqarolar bilan bir qatorda hashar o'tkazishdi.
Maxalla faollari, ko'pqavatli xonadonlarda yashaydigan fuqarolar bilan bir qatorda "Katta-Qo'yliq" MFYda hududida to'planib qolgan dov-daraxt shoxlari, axlat uyumlar maxsus mashinalarga ortilib, chiqindixonalarga jo'natildi. Beton to'siqlarga ohak surtilib, temir jihozlarga bo'yoq tortildi. Bundan tashqari, "Katta-Qo'yliq" mahallasining 7 ta shirkatidagi bo'sh yer maydonlariga 100 tup manzarali daraxtlar ekildi. Bundan tashqari, mahallabay ishlash tizimiga muvofiq, "Katta-Qo'yliq" mahallasi faollarining ishini yengillashtirish maqsadida MFYga ofis jihozlari taqdim etishdi.
Bir so'z bilan aytganda, hashar — elu xalqqa yarashar!
Yangilanish fasli kelishi bilan ona-tabiatning o'zi zaminga sayqal berayotgan bir paytda obodonchilik ishlarining olib borilishi mahallalarimiz ko'rkiga ko'rk, chiroyiga chiroy beradi. Yon-atrofni yashillikka burkamoqda, daraxtlar shoxlariga gulu chechaklar taqayotir. Demakki, bahor nafasiga hamohanglik zarur, tabiatning ishiga ham ko'mak kerak.
"Navro'z"ning qadimiy falsafasi ham shu!
Qolaversa, bu umumxalq bayrami oldidan o'tkaziladigan an'anaviy xayriya hasharlarining asl mohiyatini ham yaqqol ifoda etadi. Qadriyatda qadrimiz bo'lsin, deydi ota-bobolarimiz.
"O'zbekiston MET" AJ axborot xizmati
Telegram kanaliga a'zo bo'lish uchun t.me/uzmetaxborotxizmati