Ma’lumki, joriy yil Ikkinchi jahon urushida qozonilgan G‘alabaga roppa-rosa 79 yil to‘ldi. Bu kunning shukuhi va zalvorida o‘zbek o‘g‘lonlarining mardonavorligi va yuksak jasorati katta o‘rinni egallashi shubhasiz. Zero, 1,5 milliondan ziyod O‘zbekiston farzandlari bu qonli urushda tinchlik va ozodlik uchun mardona jang qilgani, ularning har uch nafaridan biri o‘z yaqinlari bag‘riga qaytmagani, el-yurtimizning front ortida ko‘rsatgan matonatli xizmatlarini xalqimiz hech qachon unutmaydi.
Urush yillarida xalqimiz ko‘rsatgan haqiqiy jasorat va matonatni — kino, teatr san’ati, badiiy-publitsistik asarlar, ilmiy tadqiqotlar orqali ko‘rsatish, aholi, ayniqsa, yoshlarimizga ta’sirchan tarzda yetkazish bo‘yicha yurtimizda ulkan ishlar olib borilmoqda. Xususan, bu kabi xira tortgan nursiz kunlar haqqi bugungi dorilomon va fayziyob damlarimiz qadriga yanada chuqurroq yetib boramiz. Bu kechinmalar ayniqsa bugungi yoshlarimiz, jonajon Vatanimizning ertangi kun egalari bo‘lmish dilbandlarimiz ko‘nglida boshqacha ask-sado berishi tayin!
Bu kun O‘zbekistonda nafaqat g‘alaba, balki jang-u jadallarda o‘zining mardligini namoyon etib, jon olib-jon bergan jasur ajdodlarimizning porloq XOTIRAsi hamda xonadonlarimizga fayz-baraka baxsh etgan muhtaram nuroniylarimizga ko‘rsatilajak mehr-shafqat, QADR bayrami hamdir!
Bizning safimizda ham front va frontorti xizmatlarida fidoyilik namoyish etgan insonlar faoliyat yuritishgan. Ayni kunlarda esa afg‘on urushidagi janglarda qatnashgan hamkasblarimiz ko‘pchilikni tashkil etadi. Demak, bu bayram hech bir o‘zbekistonlikka begona emas.
Shu munosabat bilan, «9-may — Xotira va qadrlash kuni» hamda Ikkinchi jahon urushidagi G‘alabaning 79 yilligi munosabati bilan, «O‘zbekiston MET» AJ jamoa shartnomasining 7.6-bandiga asosan Jamiyat markaziy apparati va hududiy tashkilotlarda faoliyat yuritayotgan urush faxriylariga tenglashtiriladigan shaxslar — front ortida mehnat qilgan sohamiz vakillari va afg‘on urushi qatnashchilarini doim rag‘batlantirilib turiladi.
Xayr-saxovat ishlari bilan birga o‘z zimmamizga olgan vazifalarni sidqidildan bajarish ham qarz, ham farz. Bayram munosabati bilan urush qatnashchilari, mehnat faxriylari, faxriy energetiklarni yo‘qlash, ko‘ngil so‘rash — har bir ishchi-xodimlarimizning burchi, deb o‘ylayman. Shunday ekan, aziz hamkasblar, barcha-barchamizga bayram muborak bo‘lsin!
Ilohim, mustaqil Vatanimiz ko‘rkiga ko‘z tegmasin! Bugun barchamizning ko‘nglimizga soya solib turgan sinovli kunlar tezda barham topishini va nurli lahzalarimiz, quvonch-u shodlikka to‘la damlarimiz bardavom bo‘lsin, deyman!
D.A.Isaqulov, «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi
«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati