Yangiliklar
Soha mutaxassislari: “Agar 1-mayga qadar shaxsiy hisob raqamingizga pul to‘ldirib qo‘ysangiz, 2 oy mobaynida sizga eski tarif qoidalari amal qiladi”
  • 21.04.2024
  • 178

#Press_tur

Bugun, 20-aprel kuni Energetika vazirligi, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ va “Hududgazta’minot” AJ tomonidan elektr energiyasi hamda tabiiy gazni hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimi markazlari (ASKUE hamda ASKUG)ga press-tur tashkil qilindi.

Xabaringiz bor, 1-maydan boshlab aholi iste’molchilari mamlakatimiz tarixida birinchi marta energoresurslar uchun ijtimoiy norma asosida tabaqalashtirilgan tartibda haq to‘lay boshlashadi va buni “aqlli” hisoblagichlar amalga oshiradi.

Xo‘sh, mazkur hisoblagichlar qanchalar “aqlli”? Ertaga tizimda yangilanishlar qo‘llanilgach, bu borada aholiga qandaydir muammolar tug‘ilmaydimi? O‘suvchan tabaqalashtirilgan tarifni aniqlashda qaysi dasturlar asosida maishiy iste’molchilarning kundalik xarajati ajratib olinadi? Aholi uchun tizim tashkilotlari veb-saytlarida bu borada qanaqa qulayliklar yaratilmoqda? Press-tur ishtirokchilari ushbu markazlarga tashriflari chog‘ida bu haqda tajribali mutaxassislardan batafsil ma’lumot oldilar.

Press-turda ishtirokchilarni “Bugun shaxsiy hisob raqamiga pul to‘lab qo‘ygan iste’molchi 1-maydan e’tiboran to‘lovni avtomatik ravishda elektr energiyasi uchun 450 so‘mdan, tabiiy gaz uchun esa 650 so‘mdan qiladimi yoki eski tarif bo‘yicha – 295 so‘m hamda 380 so‘mdan to‘laydimi?” degan savol ko‘proq qiziqtirdi.

Mutaxassislarning aytishicha, Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 12-yanvar kuni imzolangan 22-sonli qarori asosida qabul qilingan “Elektr energiyasidan foydalanish qoidalari”ning 116-bandida belgilangan “Maishiy iste’molchi o‘z xohishiga ko‘ra, 2 oydan ko‘p bo‘lmagan muddat uchun elektr energiyasidan foydalanish haqini oldindan to‘lab qo‘yishi mumkin va bunda tarif o‘zgarsa ham qiymat qayta hisob-kitob qilinmaydi” hamda yuqoridagi qaror asosida qabul qilingan “Tabiiy gazdan foydalanish qoidalari”ning 102-bandida ko‘zda tutilgan “Tariflar o‘zgargan hollarda tabiiy gaz hajmi uchun avans tariqasida to‘lovni amalga oshirgan iste’molchi ikki oydan ortiq bo‘lmagan muddatga qo‘shimcha to‘lovlarni amalga oshirishdan ozod qilinadi”, degan qoidalarga binoan, 1-mayga qadar to‘lov qilgan haqdor abonentlarga 2 oy muddat mobaynida eski tarif qoidalari amal qiladi, deb javob berdilar.

Masalan, siz elektr energiyasi uchun 30-aprel sanasida 1 million 100 ming so‘m to‘lab qo‘ysangiz va may oyida 1 000 kVt·soat elektr energiyasi yoqsangiz, sizning shaxsiy hisob raqamingizdan 200 kVt·soat uchun 59 ming so‘m (295 so‘mdan), 800 kVt·soat uchun esa 472 ming so‘m (590 so‘mdan), jami 531 ming so‘m yechib olinadi. Iyun oyida xuddi shu tartib davom etadi.

1-iyul holatiga 38 ming so‘m pul bilan o‘tasiz hamda shu kundan e’tiboran 1 kVt·soat uchun sizdan 450 so‘m yechib olina boshlaydi.

Ammo qarzdor yoki may oyining boshidayoq shaxsiy hisob raqamida mablag‘i tugab, yangi to‘lovni amalga oshirishga majbur bo‘lgan abonentlar uchun tarif o‘zgaradi hamda ular yangi to‘lov bilan tegishli ravishda 450/650 – 1000/1500 so‘mdan haq to‘lashni boshlaydilar.

Shu bilan birga, press-turda “ASKUE” va “ASKUG” tizimlarining samarasi, elektr energiyasi, tabiiy hamda suyultirilgan gaz ta’minotini raqamlashtirish jarayonlari, fuqarolar murojaatlari bilan ishlash borasida yo‘lga qo‘yilgan yumushlar, iste’molchilar uchun yaratilgan qulayliklar va sohadagi boshqa yangiliklar borasida ma’lumotlar berildi.

Manba: https://t.me/minenergy_uz/11159

https://gov.uz/minenergy/news/view/10055/

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

http://t.me/uzmetaxborotxizmati

>