Yangiliklar
Tabiiy resurslardan noqonuniy foydalanish holatlari fosh etilmoqda
  • 03.04.2024
  • 49

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Kattaqo‘rg‘on tumani bo‘limi tomonidan DXX va tuman gaz ta’minoti bo‘limi xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “Mo‘minxo‘ja” MFY hududidagi uyda yashovchi R.S. tijorat maqsadida tashkil etgan issiqxonani hech qanday hujjatsiz umumiy foydalanishdagi gaz tarmog‘iga o‘g‘rilik yo‘li bilan ulab, jami 587,9 mln so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalanganligi aniqlangan.

Shu kabi, Departamentning Jomboy tumani bo‘limi tomonidan “O‘zenergoinspeksiya” viloyat boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “T.” fermer xo‘jaligini norasmiy boshqarib kelgan N.I. fermer xo‘jaligi suv nasosini hech qanday hujjatsiz umumiy foydalanishdagi elektr tarmog‘iga o‘g‘rilik yo‘li bilan ulab, jami 260,2 mln so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganligi aniqlangan.

Departamentning Uchqo‘rg‘on tumani bo‘limi tomonidan “Uchqo‘rg‘on tumangaz” GTF xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda esa, “D.S.” MCHJ rahbari R.S. novvoyxonani hech qanday hujjatsiz tijorat maqsadida umumiy foydalanishdagi gaz tarmog‘iga ulab, jami 135,2 mln so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalanganligi aniqlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (o‘g‘rilik) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Manba: https://t.me/minenergy_uz/11018

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

http://t.me/uzmetaxborotxizmati

>