Yangiliklar
Qog‘oz ishlab chiqarish korxonasi tabiiy gazdan noqonuniy foydalanishi natijasida tizimga 340,8 mln soʻmlik zarar yetkazganligi aniqlandi
  • 12.02.2024
  • 88

Energetika vazirligi huzuridagi “Oʻzenergoinspeksiya” tomonidan Bosh prokuratura va huquqni muhofaza qiluvchi boshqa organlar hamda gaz taʼminoti korxonasi mutaxassislari bilan hamkorlikda Namangan viloyatida oʻtkazilgan nazorat tadbirlarida tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holati aniqlandi.

Xususan, Yangi Namangan tumanida joylashgan “V.S.Q.” MCHJga qarashli qog‘oz ishlab chiqarish korxonasi yashirin yo‘l bilan tarmoqqa ulanishi orqali tabiiy gazdan noqonuniy ravishda foydalanib kelayotganligi maʼlum boʻldi.

Dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, mazkur MChJ tomonidan davlat manfaatlariga jami 340 mln 800 ming soʻmlik (227 ming 200 metr kub) zarar yetkazilgan.

Qoidabuzar isteʼmolchiga nisbatan belgilangan tartibda chora koʻrish uchun tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, huquqni muhofaza etuvchi organlarga taqdim qilindi.

Manba: https://t.me/minenergy_uz/10511

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

http://t.me/uzmetaxborotxizmati

>