Yangiliklar
ENERGETIKA VAZIRLIGI: Barcha isteʼmolchilar bilishi shart!
  • 13.11.2023
  • 216

Eʼtiboringizga O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi Axborot xizmati tomonidan taqdim etilgan tezis va suratlarni taqdim etamiz.

Ko‘p kvartirali uylarda issiqlik taʼminoti xizmatini ko‘rsatish

Ko‘p kvartirali uylarda issiqlik energiyasi va issiq suv bilan taʼminlash bo‘yicha yetkazib beruvchi isteʼmolchilar bilan ikki tomonlama shartnoma tuzadi. Shartnoma isteʼmolchining nomidan xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati (shirkat) tomonidan tuzilishi mumkin.

Uy ichidagi tizimlarga texnik xizmat ko‘rsatish yetkazib beruvchi tomonidan amalga oshiriladi.

Mulkdorlarning umumiy mulki tarkibiga kiruvchi uy ichidagi isitish tizimlarining tayyorligini taʼminlash shirkatga yoki mulkdorlarga yuklanadi.

Isteʼmol xossalari va issiqlik taʼminoti meʼyorlari:

isitish bo‘yicha —1995 yilgacha qurilgan ko‘p qavatli turar joy xonalaridagi harorati kamida 20o S, agar ko‘p qavatli uylardagi issiqlik tizimi rekonstruksiya qilinmagan bo‘lsa — turar joy xonalaridagi harorat kamida 18o S bo‘lishi lozim;

issiq suv taʼminoti bo‘yicha —issiq suvning harorati 50 — 75o S bo‘lishi kerak.

Isitish davrini Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan belgilanadi.

Isitish davri tashqi havoning o‘rtacha sutkalik harorati 8oSdan past bo‘lgan 5 kunlik davr tamom bo‘lgan kundan keyingi kundan boshlanishi, 8oS yuqori bo‘lganda esa tamomlanishi kerak.

Isitish asboblariga qo‘shimcha seksiyalarni birlashtirish yoki ular sonini kamaytirish, isitish hamda sanitariya-texnik asboblar joyini o‘zgartirish taqiqlanadi.

Isteʼmolchi issiqlik energiyasi to‘liq uzib qo‘yilishi va issiqlik taʼminoti xizmatlari ko‘rsatishdagi tanaffus to‘g‘risida yozma shaklda ogohlantiriladi (ko‘p kvartirali uyning barcha kirish joylaridagi eʼlonlar taxtasiga yoki ko‘p kvartirali uy joylashgan yer uchastkasi doirasida eʼlon joylashtirish, shuningdek tanaffuslar vaqti ko‘rsatilgan holda ommaviy axborot vositalari orqali).

Issiq suv berishda tanaffusning yo‘l qo‘yiladigan davomiyligi:

boshi berk magistralda avariya yuz berganda — uzluksiz 24 soat;

issiq suv taʼminotining muhandislik — markazlashtirilgan texnikaviy taʼminlash tarmoqlarida har yilgi taʼmirlash va oldini olish ishlarini bajarish uchun — 15 sutka.

Isteʼmolchilarning hisobga olish asboblarini sotib olish, o‘rnatish, davlat qiyoslovidan o‘tkazish, foydalanish (taʼmirlash, almashtirish) Yetkazib beruvchi tomonidan Isteʼmolchilarning mablag‘lari hisobiga bajariladi.

Individual hisobga olish asboblarini o‘rnatish uchun Isteʼmolchi Yetkazib beruvchiga buyurtmanoma beradi. Buyurtmanoma tushgandan keyin Yetkazib beruvchi uch kun muddatda Isteʼmolchi bilan individual hisobga olish asboblarini sotib olish va o‘rnatishga shartnoma tuzadi.

Bunda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarida, nafaqa oluvchi kam taʼminlangan oilalarni issiq suvni hisobga olish asboblari bilan jihozlash Yetkazib beruvchi hisobidan uy-joy mulkdoridan individual hisobga olish asbob qiymatini keyingi 12 oy mobaynida to‘lash shartnomasi asosida, belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

Individual hisobga olish asbobini o‘rnatish yoki uni yechib olish to‘g‘risidagi dalolatnomalarni tuzish, shuningdek Yetkazib beruvchi tomonidan ularni tamg‘alash bepul amalga oshiriladi. Individual hisobga olish asbobini va ulardagi tamg‘alarning saqlanishi va butligi uchun javobgarlik Isteʼmolchiga yuklanadi.

Individual hisobga olish asboblarining shikastlanganligi, ulardagi tamg‘alarning uzilishi yoki uning butunligi buzilgan taqdirda, shuningdek tekshirish muddati tamom bo‘lganda Isteʼmolchi bu haqda darhol Yetkazib beruvchini xabardor qilishi shart.

Issiqlik taʼminoti xizmatlari uchun to‘lovlar isitish davridagi tamom bo‘lgan oydan keyingi oyning o‘ninchi kunidan kechikmay to‘lanishi lozim.

Isteʼmolchilarga suv taʼminoti va oqova suvni chiqarish xizmatlari ko‘rsatish

Isteʼmolchilarga suv berish va ulardan oqova suvlarni qabul qilish faqat vakolatli tashkilot bilan isteʼmolchi o‘rtasida tuzilgan shartnoma mavjud bo‘lgandagina amalga oshiriladi.

Faoliyat ko‘rsatayotgan ichimlik suv taʼminoti va kanalizatsiya tizimlariga o‘zboshimchalik bilan ulanib olish, shuningdek, ushbu tizimlardan o‘zboshimchalik bilan foydalanish taqiqlanadi.

Ichimlik suvi taʼminoti va kanalizatsiya tizimlariga o‘zboshimchalik bilan ulangan isteʼmolchi vakolatli tashkilot tomonidan tarmoqdan uziladi va qayta ulashda bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravari miqdorida to‘lov undiriladi.

Xona turar joydan noturar joy toifasiga o‘tkazilganda isteʼmolchi suvni berish va oqova suvlarni qabul qilishga yetti kun muddatda shartnoma tuzishi, hisoblash asbobini o‘rnatishi va ro‘yxatdan o‘tkazishi shart.

Markaziy kommunal suv taʼminoti va oqova suvni chiqarish tizimiga ulangan yoki yangidan ulanayotgan isteʼmolchilarga xizmat ko‘rsatish vakolatli tashkilot tomonidan suvni hisobga olish asboblari o‘rnatilgan holda amalga oshiriladi.

Suvni hisobga olish asbobini tekshirishlar oralig‘i:

jismoniy shaxslarning hisoblash asbobi uchun — 8 yilni;

yuridik shaxslarning hisoblash asbobi uchun — 4 yilni tashkil qiladi.

Bosimning o‘zgaruvchan farqi sarflarini aniqlovchi elektron hisoblagichlar (difmanometrlar), ultratovushli, elektr magnitli, uyurmali va boshqa turdagi hisoblagichlar uchun tekshirishlar oralig‘i — 1 yildan iborat bo‘ladi.

Suv o‘lchash uzeli vakolatli tashkiloti tomonidan plombalanishi lozim. Plombalanmagan hisoblash asboblarini o‘rnatish va ulardan foydalanish taqiqlanadi.

Suvni hisobga olish asboblarini xarid qilish, o‘rnatish, davlat nazoratidan o‘tkazish, foydalanish (taʼmirlash, almashtirish) ishlari vakolatli tashkilot tomonidan, isteʼmolchining mablag‘lari hisobiga amalga oshiriladi.

Suvni hisobga olish asbobini o‘rnatish uchun isteʼmolchi vakolatli tashkilotiga buyurtmanoma beradi. Buyurtmanoma tushgach, vakolatli tashkiloti uch kun muddatda isteʼmolchi bilan suvni hisobga olish asbobini o‘rnatish yuzasidan shartnoma tuzadi va unda shartnomada ko‘rsatilgan summaning 100 foizi miqdorida oldindan to‘lov o‘tkazilishi nazarda tutiladi.

Isteʼmolchi suvni hisobga olish asbobidagi plombaga shikast yetgani, uzilgani yoki butun emasligi kabi holatlarni aniqlaganda, 2 sutka mobaynida vakolatli tashkilotini bu haqda ogohlantirishi lozim.

Isteʼmolchi tomonidan sarflangan suv hajmi suvni hisobga olish asbobi ko‘rsatkichlari bo‘yicha aniqlanishi lozim.

Isteʼmolchilarning kommunal kanalizatsiya tizimiga chiqariladigan oqova suvlari miqdori kommunal suv taʼminoti tizimidan sarflangan suv miqdoriga teng deb qabul qilinadi.

Isteʼmolchilar joriy oyning 23-25-sanasida suvni hisobga olish asboblari ko‘rsatkichlarini qayd qilib borishi, joriy oyning so‘nggi sanasigacha vakolatli tashkilotga ko‘rsatkich maʼlumotlarini aloqa vositalari yordamida taqdim etishi va to‘lovlarni amalga oshirishi shart.

Axborotnomani tayyorlashda Adliya vazirligi maʼlumotlaridan foydalanildi.

Energetika vazirligi Axborot xizmati

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

http://t.me/uzmetaxborotxizmati

>