Yangiliklar
“Gidrotexnika inshootlarining xavfsizligi to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi
  • 25.09.2023
  • 377

Qonunga ko‘ra, Gidrotexnika inshootlarining loyiha ko‘rsatkichlari parametrlariga, ularga yuklamalar hamda ta'sir ko‘rsatish omillariga, shuningdek qurilishda ishlatiladigan materiallarga, foydalanish sharoitlariga qarab gidrotexnika inshootlari I, II, III va IV sinflarga bo‘linadi.

Suv xo‘jaligi obyektlari xavfsizligini va suvdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi gidrotexnika inshootlarining xavfsizligi sohasidagi maxsus vakolatli davlat organi etib belgilandi.

Gidrotexnika inshootlarida favqulodda vaziyatlarning yuzaga kelishi xavfini eng ko‘p darajada kamaytirish bo‘yicha profilaktika tadbirlarini amalga oshirish ularning xavfsizligini ta'minlashga nisbatan qo‘yilgan asosiy talablardan biri hisoblanadi.

Favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish uchun moliyaviy va moddiy resurslar zaxiralari ulardan shoshilinch tarzda foydalanish maqsadida foydalanuvchi tashkilotlar tomonidan oldindan yaratiladi.

Gidrotexnika inshootlaridan foydalanish davrida favqulodda vaziyat yuzaga kelishi natijasida boshqa shaxslarning hayotiga, sog‘lig‘iga va (yoki) mol-mulkiga, shuningdek atrof-muhitga zarar yetkazilganligi uchun foydalanuvchi tashkilotlarning fuqarolik javobgarligini sug‘urta qilish qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

Gidrotexnika inshootlarining xavfsizligini ta’minlashga nisbatan quyidagi asosiy talablar qo‘yiladi:

♦ texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi gidrotexnika inshootlarining xavfsizligini ta’minlashga doir normativ hujjatlarga rioya etish;

♦ gidrotexnika inshootlarining xavfsizligini deklaratsiyalash;

♦ xavflilik darajasi yuqori bo‘lgan obyektlar jumlasiga kiruvchi gidrotexnika inshootlarini loyihalashtirishga, qurishga va ulardan foydalanishga doir faoliyatni litsenziyalash;

♦ gidrotexnika inshootlarining xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish, shu jumladan ularning xavfsizlik mezonlarini belgilash, gidrotexnika inshootlarining holatini nazorat qilish maqsadida ularni zamonaviy texnik uskunalar bilan jihozlash, gidrotexnika inshootlariga zarur malakaga ega bo‘lgan xodimlar tomonidan xizmat ko‘rsatilishini ta’minlash;

♦  gidrotexnika inshootlarida favqulodda vaziyatlarning yuzaga kelishi xavfini eng ko‘p darajada kamaytirish bo‘yicha profilaktika tadbirlarini amalga oshirish;

♦  gidrotexnika inshootlaridan foydalanish qoidalariga rioya etish.

Gidrotexnika inshootlarini bir vaqtning o‘zida (muvoziy) loyihalashtirish va qurish, rekonstruksiya qilish taqiqlanadi.

Foydalanuvchi tashkilotlarning, loyiha va pudrat tashkilotlarining gidrotexnika inshootlaridan foydalanish, ularni qurish, rekonstruksiya qilish, ta’mirlash, tiklash yoki konservatsiyalash bo‘yicha faoliyati gidrotexnika inshootlarining xavfsizligini ta’minlash normalari va qoidalariga rioya etilishi maqsadida vakolatli organlar tomonidan tekshiriladi.

Manba: O‘RQ–865-son Qonun, 30.08.2023-y.

 

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

 https://t.me/uzmetaxborotxizmati

>