Yangiliklar
Muhtaram yurtdoshlar, hurmatli hamkasblar!
  • 31.08.2023
  • 116

Bugun ko‘pmillatli xalqimiz jonajon Vatanimiz mustaqilligining 32 yillik qutlug‘ bayramini qalbda quvonch va shukronalik tuyg‘ulari ila nishonlamoqda.

Azal-azaldan obod shahar va qishloqlar, bog‘-u rog‘lar, betakror madaniy obidalar bunyodkori sifatida shuhrat qozongan mehnatkash va olijanob xalqimiz ushbu tarixiy sanani munosib mehnat zafarlari, ulkan yutuq va g‘alabalar bilan kutib olmoqda.

✨ Mamlakatimizning barcha hududlarida yangi-yangi korxonalar, zamonaviy uy-joylar, ilm-fan, ta'lim, tibbiyot, madaniyat va sport maskanlari, ravon yo‘l va ko‘priklar, bog‘ va xiyobonlar barpo etilmoqda.

⚡️ O‘zbekiston energetika sohasi, xususan elektr energetika tarmog‘ida ham ulkan islohotlar amalga oshirilmoqda. Turmush farovonligi hamda demografik o‘sish sur'atlari oshib borayotgan xalqimiz — iste'molchilarni rozi qilish uchun biz energetiklar hali juda ko‘p va samarali mehnat qilishimiz darkor.

Xalqimiz farovonligini yuksaltirish, hayot darajasi va sifatini yanada yaxshilashga qaratilgan tarmoqdagi o‘nlab yirik loyihalarni amalga oshirish — biz energetiklar uchun dasturul amal, o‘z oldimizga qo‘ygan oliy maqsad ekanligi shubhasiz.

Fursatdan foydalanib, o‘zim va ko‘psonli jamoamiz nomidan, barchangizni Istiqlol shodyonasining 32 yillik bayrami bilan samimiy muborakbod etaman!

Yurtimiz tinch-osuda, xalqimiz omon bo‘lsin! Kasb-korimizdan fayz-baraka, oilalarimizdan baxt-iqbol arimasin! Vatanimiz ravnaqi uchun ahillikda mehnat qilishdan tolmaylik!

Hurmat bilan,

Dadajon Isaqulov

Veb-sahifa ‖  FacebookInstagramTwitterYoutube

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

https://t.me/uzmetaxborotxizmati

>