Yangiliklar
ENERGETIKA TIZIMIGA TATBIQ ETILAYOTGAN RAQAMLI TEXNOLOGIYALAR: PETERBURG ENERGETIKA MALAKA OSHIRISH INSTITUTI BILAN HAMKORLIKDA MASOFAVIY O‘QUV MASHG‘ULOTLARI TASHKIL ETILDI
  • 07.07.2020
  • 1072

   Ma'lumki, O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi tizimida faoliyat yuritayotgan «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati yuqori kuchlanishli elektr energiyasini ishlab chiqaruvchi korxonalardan taqsimlovchi hududiy korxonalarga transportirovka qilish, yuqori kuchlanishli havo tarmoqlari va podstansiyalarga xizmat ko‘rsatish (qurilish-montaj ishlari, investitsion loyihalarni amalga oshirish), elektr energiyasi umumtizimida barqarorlikni ta'minlash, shu bilan birga, elektr energiyasi importi va eksporti masalalari bilan shug‘ullanadi.

   Ayni paytda Jamiyat tarkibidagi markaziy boshqaruv apparati va hududiy filiallarda 4700 nafar mutaxassis xodimlar mehnat faoliyati olib bormoqda.

   O‘z-o‘zidan ma'lumki, bunday mas'uliyatli va murakkab texnik-muhandislik amaliyoti bilan shug‘ullanuvchi mutaxassis-xodimlarning malakasini oshirish, ularni sohaga taalluqli, dunyo tajribasida qo‘llanilayotgan yangiliklardan boxabar etib borish, umuman, energetika sohasida olib borilayotgan islohotlar, tatbiq etilayotgan yangiliklar bilan hamnafaslikda xizmat qilishini ta'minlash muhim vazifa hisoblanadi.

   Shu bois, «O‘zbekiston MET» AJ ma'muriyatining tashabbusi bilan yuqori kuchlanishli podstansiya va havo tarmoqlarida xizmat qilayotgan o‘rta bo‘g‘in rahbarlar malakasini xorij mamlakalarida oshirish 2020-yilning ikkinchi choragiga mo‘ljallangan edi. So‘ngra yurtimizga kirib kelgan koronavirus pandemiyasi tufayli rejalar biroz ortga surildi. Reja ma'lum muddatga surilgan bo‘lsa-da, Xodimlar bilan ishlash boshqarmasining tashabbusi bilan masalaga yangicha yondashuv va yechim topildi.

   2020-yil 10-iyundagi «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ mutaxassis xodimlarining malakasini oshirish uchun energetika sohasida xalqaro ilg‘or texnologiyalar bilan tanishtirish hamda zamonaviy ish usullarini o‘qitish to‘g‘risida 6.1-sonli boshqaruv bayoni tasdiqlandi. Unga ko‘ra, Rossiya Federatsiyasi Peterburg energetika malaka oshirish institutining qo‘shimcha kasbiy ta'lim federal davlat avtonom o‘quv muassasasi, ya’ni Федеральное государственное автономное образовательное учреждение дополнительного профессионального образования «Петербургский энергетический институт повышения квалификации» (ФГАОУ ДПО «ПЭИПК»)  bilan hamkorlikda muzokaralar olib borildi.

   Muzokaralar natijasida hozirgi pandemiya sharoitida masofadan muloqot qilish orqali o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazish maqsadga muvofiq deb topildi va o‘quv seminar darslari videokonferensiya shaklida tashkil etildi.

   2020-yil 6-iyul sanasidan boshlab yuqori kuchlanishli podstansiyalarda mehnat faoliyati yuritayotgan operativ xodimlardan iborat 15 nafar mutaxassislar uchun malaka oshirish mashg‘ulotlari boshlandi.

   Shuni alohida aytish kerakki, Peterburg energetika malaka oshirish institutining o‘qituvchi-professorlari S.Y.Gerasimov, A.M.Altuxov va N.L.Gavrilovalar bilan hamkorlikda tuzilgan dars jadvalining salmoqli qismi energetika tizimiga tatbiq etilayotgan raqamli texnologiyalar yo‘nalishiga bag‘ishlangan. Jumladan,

  • elektr energetika sohasining hozirgi holati va rivoji — «aqilli tarmoq» dasturlari;
  • reaktiv quvvat, texnologik sarflar va energiya ta'minoti tizimdagi yo‘qotishlar;
  • raqamli podstansiyalar, zamonaviy texnologiyalar, elektr ta'minoti tizimda barqarorlik shartlari;
  • elektr ta'minoti tizimida operativ boshqaruvni tashkil etishning zamonaviy usullari;
  • tizimda nosozliklarni bararaf etish, majburiy holatlardagi uzilishlar;
  • tarmoqqa qayta ulash jarayoniga zamonaviy nigoh, tizimda avariyaviy holatlarga sabab bo‘luvchi dastlabki sabablarni bartaraf etish choralari;
  • polimerli izolatsiyalash, yuqori kuchlanishli elektr qurilmalarining elegazli jihozlari;
  • ekspluatatsiyani to‘g‘ri tashkil etish va monitoring yuritish;
  • yuqori kuchlanishli elektr qurilmalarining moyli jihozlari;
  • transformatorlarga texnik xizmat ko‘rsatish shartlari

va boshqa mavzular qamrab olingan.

   O‘quv mashg‘ulotlari jarayonida muvofiqlashtiruvchi vakil sifatida Milliy dispetcherlik markazi mutaxassislari ishtirok etmoqda. Tinglovchilarning dars mashg‘uotlarini o‘zlashtirish darajasi, umuman malaka oshirishga yo‘naltirilgan o‘quv jarayoni hisobotlari «O‘zbekiston MET» AJ boshqaruv raisining birinchi o‘rinbosari — Jamiyat bosh muhandisi X.B.Elmurodovga hisobot o‘rnida ma'lum qilib borilmoqda.

   Eslatib o‘tamiz: Peterburg energetika malaka oshirish instituti bilan hamkorlik hamda Jamiyatning hududiy filiallardan tashrif buyurgan tinglovchi — mutaxassis-xodimlarga lozim sharoitlar yaratish «O‘zbekiston MET» AJ boshqaruv raisining buyrug‘iga binoan Jamiyat hisobidan qoplanadi. O‘quv mashg‘ulotlari karantin qoidalariga muvofiq tarzda o‘tkazilmoqda.

   Dars mashg‘ulotlari yakunida tinglovchilar peterburglik murabbiylarga o‘zlari tayyorlagan taqdimotlari orqali shartli imtihon topshirishadi va uning natijalariga ko‘ra mashg‘ulotlarning samaradorligi aniqlanadi.

 

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

Kanalga a'zo bo‘ling! t.me/uzmetaxborotxizmati

>