Yangiliklar
Energetika vazirligida “ACWA Power” kompaniyasi boshqaruvi raisi bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi
  • 11.07.2023
  • 284

2023-yilning 10-iyul kuni Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vaziri J.Mirzamahmudov va Saudiya Arabistonining “ACWA Power” kompaniyasi boshqaruvi raisi Muhammad Abunayyan oʻrtasida uchrashuv boʻlib oʻtdi.

Uchrashuvda tomonlar joriy yil avgust oyida Sirdaryo viloyatida quvvati 1500 MVt boʻlgan yangi issiqlik elektr stansiyasining birinchi quvvatini yagona elektr tarmogʻiga tantanali ulash, yashil vodorod ishlab chiqarish boʻyicha tajriba loyihasini amalga oshirishni boshlash hamda Energetika vazirligi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, “Oʻzkiyosanoat” AJ hamda “ACWA Power” kompaniyasi oʻrtasida yashil vodorod loyihasini birgalikda ishlab chiqish boʻyicha shartnoma imzolash marosimlarini oʻtkazishga kelishib oldilar.

Yangi qayta tiklanuvchi energiya manbalari quvvatlarini ishga tushirish jarayonida energiya tizimi muvozanatini taʼminlash maqsadida quvvati qariyb 1500 MVt boʻlgan gaz asosidagi issiqlik elektr stansiyasi va suv saqlash elektr stansiyasini qurish boʻyicha yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish imkoniyatlari koʻrib chiqildi.

Saudiya Arabistonining “Nomac” kompaniyasi bilan mavjud maʼnan eskirgan elektr stansiyalarni modernizatsiya qilish hamda ulardan samarali foydalanish, shuningdek, gaz transport tizimini modernizatsiya qilish va raqamlashtirish boʻyicha hamkorlikni yoʻlga qoʻyish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Uchrashuvda joriy oy oxirigacha “ACWA Power” kompaniyasi tomonidan Buxoro viloyatida amalga oshirilayotgan, quvvati 1000 MVtga teng shamol elektr stansiyasini qurish loyihasi doirasida 3 ta shamol generatorini oʻrnatish zarurligi qayd etildi.

Energetika vazirligi Matbuot xizmati.

Manba: https://minenergy.uz/uz/news/view/3041

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati
https://t.me/uzmetaxborotxizmati

>