OAV va jamoatchilik bilan ishlash
OAV: «Payariqliklar nega elektr tarmoqlari korxonasidan norozi?»
  • 07.02.2023
  • 223

Payariq tumanida aholi xonadonlarini elektr energiyasi bilan ta’minlashda ko‘p muammolar mavjudligi bir necha bor tanqid qilindi. Bu kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida o‘tgan yili 9 milliard so‘mga yaqin byudjet mablag‘i ajratildi. Ammo...

Vaziyatni o‘rganish uchun tuman elektr tarmoqlari korxonasida bo‘lganimizda, aholini elektr bilan ta’minlovchi mazkur idoraning o‘zida elektr toki yo‘q ekan. Xonalar isitilmagan, ishchilarga ham zarur sharoit yaratilmagan. 10-15 chog‘li fuqarolar «svet» yonishini kutib, sovuqda hovlida to‘planib turishgan ekan. O‘tgan asrda qurilgan binoda na xodimlar, na murojaatchilar uchun sharoit bor. Viloyat hokimining topshirig‘iga asosan, mablag‘ ajratilgach, endi ta’mirlash ishlari boshlanayotganligi ko‘rinib turibdi. Navbatchi dispetcherlik xonasida ham o‘tirib bo‘lmaydi. Xonadagi pech yaqin orada yoqilmagan, chunki bu yerdagi tabiiy gaz quvuri uzib tashlangan.

Bugungi kunda tumanda 55 mingdan ortiq elektr energiyasi iste’molchilarining 52 mingdan ziyodi aholi xonadonlari bo‘lsa, 3 mingdan ziyodi ulgurji iste’molchilar hisoblanadi. Tuman bo‘yicha 2100 kilometr uzunlikdagi turli kuchlanishdagi elektr tarmoqlari tortilgan bo‘lib, 1080 ta transformator ishlab turibdi. O‘tgan yili investitsiya mablag‘lari hisobidan 50 ta transformator hamda 1800 tadan ortiq temir-beton ustunlar o‘rnatilib, 72 kilometr yuqori va past kuchlanishli yangi tarmoq tortildi. Biroq mavjud 45 mingdan ziyod elektr tarmoqlari ustunlarining 28 mingtasini yog‘och ustunlar tashkil etadi. Korxonada bitta ustun ko‘madigan maxsus traktor va avariya brigadalari uchun ikkita «Damas» rusumli mashina (uning ham bittasi nosoz)dan boshqa texnika yo‘q. 

-  O‘tgan yili viloyat hokimining tashabbusi bilan mahallamizga elektr tarmoqlarini, transformatorlarni yangilash, simyog‘ochlarni almashtirish ishlari boshlangan edi, - deydi Nakurt mahallasida yashovchi Nurmat Rustamov. - O‘nga yaqin yangi transformator, temir-beton ustunlari olib kelinib, almisoqdan qolgan yuztadan ziyod yog‘och ustun almashtirildi. Ammo, kuzga borib ish to‘xtadi. Mutasaddilar hali texnikani, hali yoqilg‘ini bahona qilishadi. Kelasi yil amalga oshiramiz, deya va’da berishdi. Biroq, mana, haligacha o‘zgarish bo‘lgani yo‘q.

-  O‘tgan yili Nakurt, Ko‘lto‘sin, G‘allakor mahallalariga temir-beton ustunlar o‘rnatishda qiyinchiliklarga duch kelgan edik, - deydi tuman elektr tarmoqlari korxonasi boshlig‘i Ne’matilla Galaboyev. – Eski simyog‘ochlarni almashtirish uchun 854 ta temir-beton ustun olib keldik. Qo‘shni tumandan bitta kovlovchi traktor berishgandi. Ikkita traktor bilan 526 tasini o‘rnatishga ulgurdik, qolgani qolib ketdi. Shuningdek, yana o‘nlab mahallalarda almashtirilishi lozim bo‘lgan simyog‘ochlar bor. Ularni ham joriy yilda yangilash ko‘zda tutilgan.

Uymovut mahallasi Ravot qishlog‘ining Yangi hayot ko‘chasida yashovchi I.Temirovning tahririyatimizga murojaatiga ko‘ra elektr tarmoqlaridagi uzilishlar, yog‘ingarchiliklar tufayli qo‘lbola simyog‘ochlar yiqilishi oqibatida bir necha marta ko‘ngilsiz holatlar yuz bergan. Bundan korxona mutasaddilarining xabari bor-yo‘qligini so‘radik.

-  Bu muammo menga ma’lum, - deydi korxona rahbari. - Ular bir necha yillardan buyon elektr taqchilligi muammosi bilan yashab keladi. Mazkur ko‘chadagi 30 ta xonadon egalari elektr tokini talabga javob bermaydigan yog‘och ustunlar orqali tortib kelishgan. Ular ustunlarni almashtirib berishimizni so‘rab 2022 yilda ham murojaat qilishgan edi. Biroq, imkoniyatdan kelib chiqib joriy yilda simyog‘ochlarni temir-beton ustunlarga almashtirilishini aytgan edik. Bu rejamizda bor, faqat bizga vaqt kerak.

2022 yil davomida elektr energiyasidagi muammolar bo‘yicha tuman aholisidan 2300 dan ortiq murojaat qabul qilingan bo‘lib, ularning 25 foizi hal etilmagan.

- Joriy yilning yanvar oyida 81 ta murojaat qabul qilingan, - deydi korxonaning jamoatchilik bilan ishlash bo‘limi mutaxassisi Zumrad Nabiyeva. - Ushbu murojaatchilarning 70 foizi xonadonida elektr energiyasining o‘chib turishidan shikoyat qilgan.

Uning qo‘lidagi murojaatlarning qabul qilish daftarida faqat Prezident administratsiyasi, viloyat hokimligi va tuman qabulxonasiga kelgan murojaatlar qayd qilingan ekan. Korxonaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaatlar qayd qilingan daftarni ko‘rishning iloji bo‘lmadi.  

- Ayni vaqtda barcha mahallalarda elektr ta’minotiga cheklov o‘rnatilgan bo‘lib, bir sutkada 6 soatdan ko‘p o‘chirilmaydi. - deydi N.Galaboyev. – Cheklov borasida tog‘li hududda joylashgan Nakurt, G‘allakor, Ko‘lto‘sin, shuningdek, korxonamizning Chelak bo‘limi hududida joylashgan Bunyodkor, Qumchuq, Do‘stlarobod, Boshqo‘rg‘on kabi o‘ndan ziyod mahallalarda yashovchi aholi murojaat qilishadi. Kunlar isimasa, bu masalani hal qilish imkoniyati yo‘q. Sovuqda ko‘pchilik turli qo‘lbola elektr isitkich va konditsionerlarni ishlatgan vaqtda elektr ta’minotida yuklamalar ko‘payib ketadi. Natijada avariyalarning oldini olish maqsadida cheklov o‘rnatishga to‘g‘ri keladi.          

Rahbar korxonaning o‘zida ham «svet» o‘chib qolganligini uchta tuman oshib kelayotgan yuqori kuchlanishli tarmoqda elektr yo‘qligi bilan izohladi.

Tumanda aholining elektr energiyasidan debitor qarzdorligi 14 milliard so‘mni, ulgurji iste’molchilarniki 7 milliard so‘mni tashkil etadi. Tumanda xonadonlarga ASKUE «aqlli» hisoblagichlar o‘rnatish ishlari ham yakuniga yetkazilmagan. Ayni paytda 600 nafardan ziyod iste’molchining xonadoni, har birining 5-6 million so‘mdan qarzi bo‘lganligi sababli tarmoqdan o‘chirilgan. Biroq ularning aksariyati noqonuniy tarzda ulab olganliklari tufayli dalolatnoma tuzib, sudga berilgan.

-  Ayrim iste’molchilar borki, o‘n yillar mobaynida elektr energiyasi uchun pul to‘lamay keladi, - deydi korxona huquqshunosi Bobur Muhiddinov. - O‘tgan yili 25 nafar fuqaroga nisbatan dalolatnoma tuzilib, sud organlariga o‘tkazdik. Ularga jami 44 million so‘mdan ziyod jarima qo‘llanilgan. Shuningdek, 92 ta ulgurji iste’molchining davlatdan 1 milliard 768 million so‘m qarzini undirish uchun tuman sudining qarori chiqqan.

Ular orasida noqonuniy tarzda tarmoqqa ulanib olganlari ham talaygina. Jumladan, «Said Islomxon aylanma dalasi» fermer xo‘jaligining 19 million 800 ming so‘m, «Islom Xayrullayev dalasi» fermer xo‘jaligi va «Davlatbek ko‘zmunchog‘i» maktabgacha ta’lim muassasasining 35 million so‘mdan ortiq qarzdorligi mavjud.            

Navbatchi dispetcherlik xonasidagi qaydlar daftarini ko‘zdan kechirganimizda 1 fevral kuni soat 12:00 gacha 4 ta qo‘ng‘iroq qabul qilingan ekan. Bir chaqiriqda Do‘stlik mahallasi Ingichka qishlog‘idagi transformator ishdan chiqqanligi xabar qilingan. Biroq, xizmat mashinasi yo‘qligi sababli tezkor avariya brigadasi o‘z vaqtida borolmagan. Oxiri shu mahallada yashovchi oqsoqol kelib, xodimlarni o‘z mashinasida olib ketibdi.

Xullas, yig‘ilishlarda nima uchun Payariq tumanida elektr energiya ta’minotidagi kamchiliklar tanqid qilinishi sababi oydinlashgandek bo‘ldi. Sohaga bo‘lgan e’tiborsizlik va sovuqqonlik aholining noroziligiga olib keladi. Aholi xonadonlari elektr energiyasi bilan ta’minlanmas ekan, payariqliklarning kayfiyati yaxshilanmaydi. Bu esa viloyat va tuman elektr tarmoqlari idoralari mutasaddilari va tuman hokimligi uchun signal bo‘lishi kerak.     

Dilmurod To‘xtayev.

Manba: https://zarnews.uz/uz/post/payariqliklar-nega-elektr-tarmoqlari-korxonasidan-norozi

“O‘zbekiston MET” AJ Axborot xizmati

t.me/uzmetaxborotxizmati

>