OAV va jamoatchilik bilan ishlash
OAV: «O‘zgarishsiz qolayotgan muammo: Ob-havo sovishi bilan uziladigan elektr toki va pasayib ketadigan gaz masalasi qachon hal etiladi?»
  • 17.01.2023
  • 232

Muzlab qolishiga oz qolgan besh kunlik bolakay tushirilgan videodan tortib ijtimoiy tarmoqlar orqali “svet”siz, gazsiz qiynalayotgan, ko‘p qavatli binolar oldida olov yoqqan aholi, sovuqdan qaqshayotgan nogironlar, keksalarning murojaatlari poytaxtimizning 2023-yil boshidagi haqiqiy tasvirlari, desak to‘g‘riroq bo‘ladi.

Holbuki, Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorovning ma'lum qilishicha, oltin ishlab chiqarish oxirgi 5 yilda 87 tonnadan 105 tonnaga, mis ishlab chiqarish esa 110 ming tonnadan 148 ming tonnagacha ko‘paygan. Shuningdek, boshqa tabiiy boyliklar, jumladan uran va gaz qazib olish bo‘yicha ham dunyoda yetakchi o‘rinlarda turamiz. O‘tgan yilga nazar tashlasak, yalpi ichki mahsulot hajmi ilk bor 80 milliard dollardan oshgan. 2018-yilda bu ko‘rsatkich 52 milliard dollar bo‘lgan. Iqtisodiyotimizga shu yilning o‘zida 8 milliard dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar orqali kirib keldi, eksportimiz esa 19 milliard dollarga yetdi.

Yildan yilga o‘sib borayotgan moliyaviy “kuch-qudratimiz”ga qaramay, yangi yilning 10-15-yanvar kunlari kuzatilishi prognoz qilingan anomal sovuq qarshisida turib bera olmadik. Boshkentimizda yashovchi fuqarolarning sovuqdan qiynalib, muammoga chora topish kerakligini so‘rab yolvorishlari oldingi qish mavsumidan ham balandroq eshitila boshladi. Qiziq tomoni, ko‘plab mas'ul shaxslar o‘z vaqtida uyqudan uyg‘onishmadi. Boshlarini “qum”ga tiqib olishdi...

Turli manbalar va ommaviy axborot vositalari orqali ulashilgan ma'lumotlarga ko‘ra, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlikni yozning so‘nggi oyi – avgustdan boshlab yuborganmiz. Vazirlar Mahkamasining 2022-yilning 23-sentyabr kuni qabul qilingan qaroriga ko‘ra, elektr, gaz, suv ta'minoti, issiqlik energiyasi, ko‘mir, suyultirilgan gaz va boshqalar bilan ta'minlashni nazarda tutuvchi iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha ob'ektlari va ko‘p kvartirali uy-joy fondini kuz-qish mavsumiga tayyorlash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar ancha avval tasdiqlangan edi. Unga ko‘ra, iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha ob'ektlari va ko‘p kvartirali uy-joy fondini kuz-qish mavsumiga tayyorlashga 1,99 trln so‘m ajratilishi, 737 km issiqlik tarmoqlari, 1,8 ming km suv ta'minoti tarmoqlarini profilaktika va ta'mirlash hamda 1,68 mln tonna ko‘mir zaxirasi yaratilishi rejalashtirilgandi.

Qishloqlar-ku qariyb 25-30 yildan beri oqma gazdan mosuvo. “Svet” soatlab o‘chishi odat tusiga kirib ulgurgan. Ora-orada mutasaddilar tomonidan ayrim ta'lim muassasalaridagi “burjuyka” pechkalar tanqid ostiga olingani to‘g‘risida aytmasak, ahvol qish faslida yaxshilanishi dargumon.

Shu jumladan, Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumani Oybek mahallasidagi 58-sonli maktabga berilgan 22 tonna ko‘mirdan 17 tonnasi yaroqsiz chiqqani ham 2022-23-yilgi kuz-qish mavsumiga oid xabar. Aslida, kuz - qish mavsumiga qog‘ozdagina “ajoyib” tayyorgarlik ko‘rilayotgani, noyabr oyidayoq fuqarolarning murojaatlaridan sezila boshlagandi. Energetika vazirining esa turli hududlardagi fotosuratlari, hokimiyatda o‘tkazilayotgan kommunal soha va boshqa servis xizmatlari rahbarlari ishtirokidagi yig‘ilishlar biroz ko‘nglimizga taskin berib turgandi. Shuningdek, mutasaddilar ham kuz-qish mavsumiga jiddiy va astoydil tayyorgarlik ko‘rilayotganini ta'kidlashdan charchashmadi.

Vaziyat o‘zining “pik” nuqtasiga yetib, shikoyatlar Prezident munosabatigacha yetgan bir paytda, 6 oydan buyon ta'mirlanmagan energobloklar, yetkazib berilmagan  milliardlab kilovatt energiya, eskirgan transformatorlar o‘sha “tayyorgarliklar”ning mahsuli ekanligini tushundik. Birinchi qordan keyinoq fuqarolar energetika tizimidagi kamchiliklar bilan yuzlashdi. O‘tgan yillardagi kabi yana butun O‘zbekiston bo‘ylab elektr va gaz taqchilligi paydo bo‘ldi. Xalqdan soliqlarni o‘z vaqtida undirib, yaxshigina maosh olayotgan mutasaddilar norozilik fonida hyech qanday muammoni hal qilmagani fosh bo‘lib qoldi. Ahvol oldingi yillardagidan ham og‘irroq bo‘lib, yangi yilda energetika inqirozi poytaxtga ham ko‘chgan edi.

Ukraina urushi tufayli yuzaga kelgan mojaroli davrda Rossiya gaziga bog‘lanib qolgan yevropa mamlakatlari xuddi shunday inqirozni oldindan his qilgan holda samarali chora-tadbirlarni amalga oshirgani, natijada Kreml o‘zining g‘arazli maqsadiga erisha olmaganligining guvohi bo‘ldik. yevropa Ittifoqi davlatlarida energiya resurslari taqchilligi sababli qish boshlanmasidan tayyorgarlik ko‘rildi: ko‘cha va ehtiyojdan ortiqcha chiroqlar yorug‘ligi kamaytirildi, issiq suvga sarflanadigan energiya isrofiga barham berildi, isitish tizimlaridagi harorat biroz pasaytirildi va hokazo. Innovatsion yechimlar – qayta tiklanadigan energiya ishlab chiqarish uchun katta mablag‘ ajratildi. Ba'zi o‘rinlarda ko‘mir va suyultirilgan gaz singari yoqilg‘i mahsulotlari orqali kamchiliklarni bartaraf etishdi.

Ha, endi ular yevropaliklar-da, deydigan bo‘lsak, Osiyo mamlakati bo‘lgan Janubiy Koreyada ham tabiiy boyliklar umuman yo‘q hisobi. Aholiga elektr toki uzluksiz yetkazib berilishi, uylar ko‘mir briket yoki elektr issiq pol orqali isitilishi ko‘pchilikka ma'lum. Transformatorlari ishdan chiqib yoki “portlab” ketishi haqida gap-so‘z bo‘lishi mumkin emas. Chunki aholi iste'molini hisobga olib, mavsum oldi o‘z ishiga vijdonan yondoshadigan mutaxassislar ajratiladigan mablag‘dan bir-ikki so‘m orttirib, o‘zining rohat-farog‘atiga ishlatib yuborishmaydi...

Bizda esa har qancha choralar ko‘rilmasin vaziyat o‘zgarmayotganligi xalqimizning hafsalasini pir qilayapti. Dekabr oyi boshidayoq Prezident topshirig‘iga asosan, Bosh vazir boshchiligida O‘zbekiston Respublikasi hududida energiya muammolarini tezkor o‘rganish va hal qilib borish maqsadida Hukumat ishchi guruhi tuzilgan edi.

Ishchi guruh zimmasiga:

➖ respublika hududida energiya taqchilligi munosabati bilan yuzaga kelgan vaziyatni qisqa muddatlarda chuqur tahlil qilish va aniqlangan kamchiliklarni bartaraf qilish bo‘yicha tezkor choralar ko‘rib borish;

➖ elektr energiyasi va gazni birinchi navbatda aholiga yetkazib berish zaruriyatini e'tiborga olgan holda, mavjud energiya resurslarini muvozanatli taqsimlab borish va ushbu jarayonni qat'iy nazorat qilish;

➖ elektr energiyasi va gaz taqchilligi sharoitida muqobil energiya mahsulotlari bilan aholini va ijtimoiy soha ob'ektlarini uzluksiz ta'minlash ishlarini jadallashtirish vazifasi yuklatilgandi;

Shuningdek:

➖ ijtimoiy ob'ektlar, jumladan ta'lim va sog‘liqni saqlash muassasalarining barqaror faoliyat yuritishini ta'minlash yuzasidan zarur mablag‘lar ajratib borish va ularning maqsadli ishlatilishi ustidan qat'iy nazorat o‘rnatish;

➖ nergiya taqchilligi va uning oqibatida yuzaga keladigan salbiy oqibatlar, ayniqsa iqtisodiyotga ta'sirini kamaytirish maqsadida, kompleks chora-tadbirlar ko‘rish yuzasidan asoslangan takliflar ishlab chiqish va ko‘rib chiqish uchun kiritish vazifasi belgilangani yodimizda.

Shunga qaramay, aholining energiya mahsulotlariga bo‘lgan asosiy ehtiyojlari qondirilmadi. Ob-havoning soviy boshlashi bilan hatto Toshkent shahrida ham gaz bosimining pasayishi, elektr energiyasidagi uzilishlar kuzatilaverdi. Kuni kecha Prezident yana bir bor Bosh vazir A.Aripov va energetika vaziri J. Mirzamahmudovga bor imkoniyatlarini ishga solib, mavjud resurslarni adolatli taqsimlab, muammoli mahallalarda  odamlarga zudlik bilan yordam ko‘rsatadigan tizim yaratishni topshirdi. Xo‘sh, ko‘rilayotgan chora-tadbirlar ish berarmikan? “Yangicha tizim” ehtimoliy sovuq ob-havo sharoitida ham inqirozni bartaraf eta oladimi? Buni esa vaqt ko‘rsatadi.

Saidiy

Manba: https://human.uz/8/46/11866

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati
 t.me/uzmetaxborotxizmati

>