OAV va jamoatchilik bilan ishlash
daryo.uz — Janubiy Koreya Navoiyda qayta tiklanadigan energiya loyihalarini amalga oshiradi
  • 18.01.2023
  • 168

O‘zbekiston elchixonasi tomonidan Koreya—O‘zbekiston biznes assotsiatsiyasi direktorlar kengashi raisi Kim Chang Keon va Navoiy viloyat hokimligining investitsiyalar, sanoat va savdo boshqarmasi boshlig‘i Elbek G‘afforov o‘rtasida videoaloqa vositasidagi muzokaralari tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Qayd etilishicha, uchrashuvda Janubiy Koreyaning Chung Dahm Power Corporation, Live Campaign Corporation va TDC Co., Ltd kompaniyalari rahbarlari hamda Konimex tumani hokimining o‘rinbosari Mansur Mavlonov ishtirok etgan.

Muloqot davomida Konimex tumanida quyosh panellarini ishlab chiqarish va quyosh fotoelektrostansiyasini qurish loyihalarini amalga oshirish istiqbollari yuzasidan fikr almashilgan.

Janubiy Koreyalik hamkorlarga O‘zbekistondagi mavjud investitsiya muhiti hamda xorijiy sarmoyadorlarga yaratilgan qulayliklar va taqdim etilayotgan preferensiyalar to‘g‘risidagi ma’lumotlar taqdim etilgan.

O‘z navbatida, Koreya Respublikasining mazkur kompaniyalari rahbarlari tomonidan O‘zbekistonda qayta tiklanadigan energiya sohasida hamkorlik qilishga katta qiziqish bildirilgan. 2022-yilning oktabr—noyabr oylarida dastlabki o‘rganishlarni amalga oshirish maqsadida O‘zbekistonga safar davomida ko‘rsatilgan ko‘mak uchun minnatdorlik bildirilgan.

Shuningdek, Kim Chang Keon mazkur loyihalarning iqtisodiy samaradorligini to‘liq o‘rganish maqsadida joriy yilning fevral oyida Janubiy Koreyaning ushbu kompaniyalari vakillaridan iborat delegatsiya amaliy safar bilan O‘zbekistonga borishini ma’lum qilgan.

Tadbir yakunlari bo‘yicha loyihani samarali amalga oshirish maqsadida doimiy aloqalarni qo‘llab-quvvatlash hamda tegishli ma’lumotlarni almashishga kelishib olingan.

Manba: https://daryo.uz/2023/01/17/

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

https://t.me/uzmetaxborotxizmati

>