OAV va jamoatchilik bilan ishlash
uza.uz — Qaror ijrosi bo‘yicha 1 oyda 719 ta noqonuniy holatga chora ko‘rildi
  • 07.01.2023
  • 267

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 12 dekabrdagi “Kuz-qish mavsumida iste’molchilarni avtobenzin mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlash va ularning narxlari keskin oshishining oldini olish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Unga ko‘ra, 2022 yil 10 dekabrdan 2023 yil 1 aprelga qadar Energetika vazirligi huzuridagi Neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi hamda Elektr energetikada nazorat inspeksiyasi tomonidan energiya resurslaridan noqonuniy va samarasiz foydalanish holatlari bo‘yicha tekshirish ishlarini tashkil qilish ko‘zda tutilgan.

Xo‘sh, ushbu qaror ijrosi tegishli tashkilotlar tomonidan qanday ta’minlanmoqda?

Ushbu savol bilan Energetika vazirligi huzuridagi Elektr energetikada nazorat inspeksiyasi Matbuot xizmati rahbari Navro‘z NORBOBOEVGA yuzlandik.

– Ayni kunlarda Prezidentimizning 2022 yil 12 dekabrdagi qarori ijrosini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda, – dedi N. Norboboyev. – Xususan, respublikamiz bo‘yicha energetika vaziri boshchiligidagi ishchi guruh, ya’ni Ichki ishlar va Prokuratura organlari xodimlari bilan hamkorlikda nazorat tadbirlari tashkil etilmoqda.

Qaror bilan 2023 yil 1 aprelga qadar Energetika vazirligi huzuridagi inspeksiyalar tomonidan istisno tariqasida, Biznes ombudsman bilan kelishilmasdan tadbirkorlik sub’ektlarini ularning moliyaviy-iqtisodiy faoliyatiga aralashmagan holda energiya resurslaridan noqonuniy va samarasiz foydalanish holatlarini tekshirishga ruxsat berildi.

Xususan, “O‘zenergoinspeksiya” tomonidan 2022 yilning 11 oyi davomida bu yo‘nalishda 499 ta tadbirkorlik sub’ektida tekshiruvlar o‘tkazilib, 133,3 million kilovatt soat, ya’ni 58,4 milliard so‘m miqdorida elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlangan. 2022 yilning dekabr oyida o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida hududlar bo‘yicha 719 ta iste’molchi tomonidan 35,5 million kilovatt soat miqdordagi elektr energiyasidan noqonuniy foydalangani ma’lum bo‘ldi. Bunday holat tufayli energetika tizimiga 15,7 milliard so‘m qiymatda zarar keltirilgan.

Misol uchun, Sirdaryo viloyatining jami iste’molchilarining bir kunlik elektr energiyasi iste’moli 5,5 million kilovatt soat bo‘lib, ushbu ko‘rsatkichga asosan Sirdaryo viloyatining o‘rta hisobda 1 haftalik hajmdagi elektr energiyasi iste’moliga teng miqdorni tashkil qiladi.

Noqonuniy foydalanish holatlarni hududlar kesimida tahlil qiladigan bo‘lsak, bunda eng ko‘pi Andijon, Qashqadaryo, Samarqand va Toshkent viloyatlarida aniqlandi. Masalan, Samarqand viloyati Ishtixon tumanida faoliyat yuritib kelayotgan “Maroqand sifat tekstil” MCHJda 2,3 milliard so‘m, Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumanida joylashgan “Spring Kolours Industriy" MCHJda 1,4 milliard so‘m, Andijon shahrida faoliyat yuritib kelayotgan “F.X.S” MCHJda 684,17 million so‘m qayta hisoblash ishlari amalga oshirildi.

Qoidabuzar iste’molchilarga nisbatan belgilangan tartibda choralar ko‘rilib, ularning elektr uskunalari tarmoqdan ajratildi.

Qayd etganimizdek, bugungi kunda noqonuniy holatlar tufayli energetika tizimiga jami 15,7 milliard so‘m qiymatda zarar keltirilgan. Keltirilgan zararni qoplash yuzasidan xujjatlar huquqni muhofaza qilish organlariga kiritilib, undirish choralari ko‘rilmoqda.

O‘zA muxbiri Nasiba ZIYODULLAEVA yozib oldi

Manba: https://uza.uz/

 

 

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati 

t.me/uzmetaxborotxizmati

>