Yangiliklar
TEZKOR MA'LUMOT: TABIIY OFAT TUFAYLI NOSOZ HOLGA KELGAN ELEKTR TARMOQLARI TIKLANMOQDA
  • 01.05.2020
  • 846

  Avval xabar berganimizdek, ayni paytda tabiiy ofatdan eng ko‘p talafot ko‘rgan hudud — Buxoro viloyatida «O‘zbekiston MET» AJning bir nechta brigadalardan iborat ishchi-xodimlari zarar yetgan tayanch ustunlarini ta'mirlash hamda yangilash ishlari bilan mashg‘ul bo‘lishmoqda.

 

  Misol uchun, bugun, «Hamza-2» havo liniyasining bir nechta yuqori kuchlanishli tayanch ustunlari ta'mirlanib, yaroqsiz holga kelganlari yangilandi. Buning natijasida katta hududda yashovchi iste'molchilarga elektr ta'minotini yetkazib beradigan 3 ta yuqori kuchlanishli:  «Davlatobod»,  «Hamza-1» va «Hamza-2» podstansiyalariga soat 10:40 da kuchlanish berildi.

  Shuningdek, Buxoro viloyatidagi yuqori kuchlanishli «Qorako‘l» podstansiyasining T-1 transformatorini sozlash ishlari to‘liq tugallandi. T-2  transformatorlarini ta'mirlash ishlari esa yakunlanmoqda.

  Ma'lum bo‘lishicha, 27-aprel kuni soat 00:58 da «O‘zbekiston MET» tasarrufidagi «Qoraqalpoq magistral elektr tarmoqlari» filialiga qarashli 220 kVli «Beruniy» nomli yuqori kuchlanishli havo liniyasi avariyaviy holatda o‘chgan.

  Holatni voqea joyiga borib o‘rganishdan so‘ng aniq bo‘ldiki, kuchli shamol oqibatida tayanch ustuni nosoz holatga kelgan, aniqrog‘i k-26 rusumidagi 224-raqamli temir-beton tayanchi bir necha bo‘laklarga bo‘linib singan. Bundan tashqari, 225-raqamli tayanch ustuni og‘ib qolgan.

  Voqea kuni soat 7:00 da qoraqaloq energetiklarining ta'mirlash-tiklash brigadasi tayanch ustunini almashtirish ishlarini boshlab yubordi va bir soat ichida 225-raqamli tayanch ustunining og‘ishi tik holatga keltirildi, 224-raqamli temir-beton tayanchi yangisiga almashtirildi. So‘ng soat 20:44 da faoliyati tiklangan liniyaga kuchlanish berildi. Ayni paytda 220 kVli «Beruniy» havo liniyasi favqulodda uzilishlarsiz ishlamoqda.

  Eslatib o‘tamiz, «O‘zbekiston MET» AJ tomonidan Buxoro viloyatida elektr tarmoqlarini tiklashga bir nechta brigadalar safarbar etilgan bo‘lib, tezkor shtabda tuzilgan ish rejasiga muvofiq iste'molchilarni tarmoqqa ulash ishlari bosqichma-bosqich olib borilmoqda.

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

Kanalga a'zo bo‘ling! t.me/uzmetaxborotxizmati

>