OAV va jamoatchilik bilan ishlash
MINENERGY.UZ — “Biz ham hissa qo‘sha olamiz”, — Energetika vazirligi farroshi hamkasblarini energiya tejamkorlikka chaqirdi
  • 06.01.2023
  • 239

Bugungi kunda energiya tejamkorlik masalasi barcha davlatlarda dolzarb mavzuga aylanib bormoqda. Energiya resurslarini tejash, ulardan foydalanish samadorligini oshirishga qaratilgan qarorlar qabul qilinmoqda, qator hujjatlar imzolanmoqda, ilmiy-tadqiqot ishlari olib borilmoqda, targ‘ibot-tashviqot ishlari amalga oshirilmoqda.

Ana shu jarayonlarda o‘ziga xos bir soha egalari borki, ular ham energiya resurslari tejamkorligiga katta hissa qo‘shishlari mumkin. Bu — tashkilotlarda faoliyat yuritayotgan farroshlardir.

Energetika vazirligi Matbuot xizmati vazirlikda faoliyat yuritib kelayotgan farrosh Malika Usmonova bilan energiya tejamkorlik haqida suhbatlashdi.

Faoliyatingizning elektr energiyasi tejamkorligi bilan nechog‘lik bog‘liqligi haqida so‘zlab bersangiz?

– Energetika tashkilotlarida ishlayotganimga 23 yil bo‘ldi. To‘g‘ri, o‘zim energetika mutaxassisi emasman, lekin uzoq yillar shu yerda ishlaganim uchun tejamkorlik qanchalik muhimligini tushunganman.

Odatda biz ishga juda erta, ko‘pincha tong yorishmasdan kelib, xonalarni tozalaymiz. Ilgari ishga kelishimiz bilan binodagi barcha xonalarning chiroqlarini to‘liq yoqib chiqar edik. Sababini aniq bilmayman-u, negadir shu odat tusiga kirib qolgan edi-da. Hamkasblarim “xona yorug‘ bo‘lsa, uning tozalanganligi bilinib turadi” deb hisoblashardi. Bitta xonani tozalash jarayonida boshqa xonalarning chiroqlari soatlab befoyda yoqilib qolaverardi.

O‘ylab qarasam, bu kattagina isrof ekan. Biz ham energiyani tejashga hissa qo‘shishimiz mumkinligini tushunib, faqat tozalanayotgan xonaning chirog‘ini yoqishga, qolgan chiroqlarni doim o‘chirib yurishga odatlandik.

Menimcha, hamma tashkilotlarda ishlayotgan farroshlar ana shunday tejamkorlikka o‘tsa, ancha energiyani tejashimiz mumkin. Shuning uchun hamma hamkasblarimga murojaat qilib aytmoqchiman: hurmatli hamkasblar, siz ham elektr energiyasini tejashni odat qiling.

Shunda birinchidan, tashkilotning xarajati kamayadi, ikkinchidan esa, ushbu tejalgan energiya uzoqdagi qishloq xonadonlariga ham yetib boradi.

Ishxonamiz — ikkinchi uyimiz. Uyda elektrni qanday tejasak, ishxonadayam xuddi shunaqa qilishimiz kerak. Ozgina elektr uchun ham qancha odam mehnat qilishini boshqalar bilmasayam men yaxshi bilaman. Uni bekorga uvol qilmaylik.

Energetika vazirligi Matbuot xizmati

▶️@minenergy_uz

Manba: https://t.me/minenergy_uz/6892

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

http://t.me/uzmetaxborotxizmati

>