OAV va jamoatchilik bilan ishlash
uza.uz — «Yashil» energetika sari dadil qadam iqtisodiy o‘sish omilidir
  • 22.12.2022
  • 223

MUNOSABAT

Prezidentimizning Oliy Majlisga va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasida ko‘rsatib o‘tilgan har bir vazifa, taklif va topshiriq shu zaminda yashovchi aholining farovon hayotini ta’minlashga xizmat qiladi. 

Darhaqiqat, davlatimiz rahbari barcha yo‘nalishlar rivojida muhim vazifa va takliflarni ilgari surar ekan, unda energetika sohasi bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar, mavjud muammolar va ularning yechimlariga alohida e’tibor qaratdi.  

Unda energetika sohasidagi muammolar bugun paydo bo‘lib qolmagani va uzoq yillar davomida yangi gaz konlariga investitsiya kiritilmagani, elektr hamda gaz tarmoqlari modernizatsiya qilinmagani ta’kidlandi. Bunda tizimda aniq hisob-kitob yo‘qligi va katta yo‘qotishlar oddiy holga aylanib qolgani ham asosiy omil bo‘lgan.  

bugungi kunda Prezidentimiz tashabbusi bilan sohadagi muammolarga yechim izlanmoqda. «Yashil» energetikani rivojlantirish va bu borada dastlabki qadamlar boshlanganini ta’kidlash lozim.  

Albatta, bu kabi islohotlar sohadagi talabni qoplashga zamin bo‘lishi mumkin. Prezidentimiz ta’kidlaganidek, so‘nggi olti yilda aholimiz 12 foizga, sanoat korxonalari esa 2 barobarga ortib, 45 mingdan 100 mingtaga ko‘paygan. Bu esa elektr energiyasiga talab kamida 35 foizga oshgani va bu yildan-yilga ko‘payib borayotganidan dalolatdir.  

Murojaatnomada hurmatli Prezidentimiz energiya resurslari ta’minotini yaxshilash borasida amalga oshirilishi kerak bo‘lgan masalalarga urg‘u berib, iqtisodiyotimiz barqaror rivojlanishi uchun energetika sohasiga 25-30 milliard dollar investitsiya kerakligi va bunga faqatgina xususiy investitsiyalarni jalb qilish orqali erishish mumkinligini aytib o‘tdilar.  

Ta’kidlanganidek, so‘nggi uch yilda sohaga 8 milliard dollarlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya jalb qilindi. Jumladan, o‘tgan haftada Buxoro, Namangan va Xorazm viloyatlarida umumiy quvvati 500 megavattli yana 3 ta quyosh fotoelektr stansiyasini qurish bo‘yicha tanlov yakunlandi.  

Haqiqatdan ham joriy yil boshidan quvvati 1,5 ming megavattli 7 ta elektr stansiyasi ishga tushirildi. Kelasi yilda yana 4,5 ming megavattli 11 ta yirik loyihani amalga oshiramiz. Jumladan, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Samarqand, Farg‘ona, Toshkent viloyatlarida hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasida barpo etiladigan quyosh va shamol elektr stansiyalari hisobiga, qo‘shimcha 14 milliard kilovatt elektr ishlab chiqarish imkoniyati yaratiladi. Bu orqali xonadonlarga beriladigan elektr energiyasi 50 foizga ko‘payadi.  

bugungi kunda energiya resurslaridan foydalanish ham eng muhim masala hisoblanadi. Prezidentimiz ayni masalaga to‘xtab, iqtisodiyotimizda energiya sarfi boshqa davlatlardan 2 barobar yuqoriligi va shu sababli energiya samaradorligini oshirish Milliy dasturini qabul qilamiz, deya ta’kidladilar.  

Shundan kelib chiqib aytish kerakki, bugun «yashil» energetika mavjud muammolar yechimi bo‘lishi mumkin. Buning uchun barcha imkoniyatdan foydalanish maqsadga muvofiqdir.  

Prezidentimiz Murojaatnomada keyingi uch yilda barcha davlat tashkilotlarida quyosh panellari va issiq suv kollektorlari o‘rnatish topshirig‘i berilayotgani va buning hisobiga ularning 60 foiz elektr va gaz iste’moli «yashil» energiyaga o‘tkazilishini qayd etdilar. Aholi xonadonlarida esa quyosh paneli o‘rnatishga ajratiladigan subsidiyalar hajmi 2 barobarga ko‘paytirilishini ham bu borada boshlangan ishlarning debochasi, deyish mumkin.  

Muxtasar aytganda, energetika yurtimiz iqtisodiyoti uchun eng muhim tizim hisoblanadi. «Yashil» energetika ravnaqiga «yashil» iqtisodiyotning muhim omili sifatida qarar ekanmiz, bunga nafaqat tizim xodimlari, balki aholi va iste’molchilar ham o‘z hissasini qo‘shishga mas’uldir. Bu esa Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Murojaatnomasida belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini yanada samarali ta’minlashda muhim hisoblanadi.  

 

Jo‘rabek MIRZAMAHMUDOV,  

Energetika vaziri 

O‘zA

Manba: https://uza.uz/

https://t.me/uza_uz/69527

“O‘zbekiston MET” AJ Axborot xizmati

t.me/uzmetaxborotxizmati

>