OAV va jamoatchilik bilan ishlash
uza.uz - Tejamkorlik va samaradorlik – elektr ta’minoti barqarorligida muhim omil (+video)
  • 15.12.2022
  • 240

Dekabrning ilk kunlaridan boshlangan sovuq kunlar energetika tizimiga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatdi. Yetkazib berilayotgan tabiiy gaz bosimining pasayishi va elektr energiyadagi uzilishlar poytaxtimiz hamda viloyatlar aholisi uchun bir muncha noqulay sharoitni yaratgani rost.

Qolaversa, ayrim iste’molchilarning tabiiy gaz va elektr energiyasidan oqilona va samarali foydalanmayotgani ham aynan shu murakkab jarayonda yaqqol sezilib qoldi va bu jihat, ayniqsa, shu kunlarda juda qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.

O‘zA muxbirining Energetika vazirligi tizimidagi “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati axborot xizmati rahbari Ulug‘bek O‘RINOV bilan suhbati elektr energiyasi ta’minoti va undan samarali foydalanish mavzusiga bag‘ishlandi.

– Dekabr oyining boshidan energetika tizimida bir qancha muammoli vaziyatlar vujudga keldi. Bunga asosiy sabab nima?

– Yuqorida to‘g‘ri ta’kidlab o‘tdingiz, sovuq ob-havo energetika ta’minotida, xususan, tabiiy gaz va elektr energiya ta’minotida ko‘p muammolarni yuzaga keltirdi. Ijtimoiy tarmoqlarda bu borada iste’molchilarning haqli e’tirozlari bildirilmoqda. Vaziyatga izoh berishdan oldin shuni aytishim kerakki, Energetika vazirligi va tizim tashkilotlari tomonidan maxsus Ishchi guruh va Shtablar tuzilgan bo‘lib, tegishli qarorlarga muvofiq tuzilgan navbatchi brigadalar tomonidan yuzaga kelgan muammolar imkon qadar bartaraf etilmoqda.

Jumladan, “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati xodimlari tomonidan ham yuqori kuchlanishli tarmoqlarda navbatdan tashqari nazorat ko‘riklari o‘tkazilib, aniqlangan kamchiliklar bartaraf etilmoqda. Kuchaytirilgan tartibda tun-u kun ishlayotgan energetiklar guruhi tomonidan ta’mirlash-sozlash ishlari bajarilmoqda. Xuddi shu kabi turdosh tashkilotlarda ham bunday ishlar amalga oshirilmoqda. 

Endi yuzaga kelgan vaziyatga izoh beradigan bo‘lsak, bunga bitta omilning ta’siri bo‘ldi, deyish qiyin. Ayni vaziyatga bir necha ta’sirlar bor. Birinchisi va asosiysi — ob-havoning sovishi bilan kuzatilgan iste’molning keskin oshishi bilan bog‘liq. Ikkinchisi esa birinchi omilga bog‘liq holda elektr energiyasini ishlab chiqarish uchun tabiiy gaz yoqilg‘isining yetishmasligi. Ma’lumki, respublikamizda ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasining 85–90 foizi tabiiy gaz hisobiga to‘g‘ri keladi. Tabiiy gaz yetishmovchiligining oldini olish uchun siqilgan gaz quyish shoxobchalari, ayrim sanoat korxonalarining faoliyatiga vaqtinchalik tanaffus e’lon qilindi. Bu, birinchi o‘rinda, tabiiy gazni aholi va ijtimoiy soha ob’ektlariga yo‘naltirish uchun qilingan vaqtinchalik choralar ekanini tushunish darkor. Keyingi navbatda tabiiy gaz elektr energiyasini ishlab chiqarish uchun issiqlik elektr stansiyalariga yetkazib berilmoqda.

Yoqilg‘i yetishmovchiligi bo‘lgani uchun ishlab chiqarish yetarli darajada bo‘lmayapti, deb bo‘lmaydi. Negaki, yillik rejaga asosan o‘tgan yilning mos davriga solishtirganda rejaga nisbatan birmuncha ko‘p elektr energiyasi ishlab chiqarilib, iste’molchilarga yetkazib berilmoqda.

Umuman, ayni paytda hech kimda elektr energiyasi yoki tabiiy gaz yo‘q, deb ayta olmaymiz. Energetika vazirligi telegramm kanalida har kunlik  iste’mol hajmi e’lon qilinmoqda. 

Uchinchi ta’sir omili — yillar davomida elektr hamda gaz tarmoqlarining eskirishi. Hukumatning 2016 yildan boshlab qabul qilgan qarorlariga binoan tabiiy gaz va elektr energiyasini yetkazib berish uskunlarini yangilash borasida investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda. Bunda eski uskunalar yangi, zamonaviy uskuna va jihozlarga almashtirilmoqda.

Nima uchun bu oldin qilinmagan, deyishingiz mumkin. Elektr va gaz tarmoqlarini modernizatsiya qilishni iste’molchilar to‘laydigan haq evaziga amalga oshirib bo‘lmas edi. Ayni paytda ham iste’molchilarning gaz va elektr haqi evaziga ham bunday yirik mablag‘ talab qiladigan yangilash, zamonaviylashtirish loyihalarini  amalga oshirishning imkoniyati yo‘q. 

bugungi kunda yirik investitsiya mablag‘lari aynan eski jihoz va uskunalarni yangilash, sohaga zamonaviy texnologiyalarni tatbiq etish uchun jalb qilinmoqda. Xususan, “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati tizimidagi 86 ta yuqori kuchlanishli podstansiyalarning 22 tasi (birinchi bosqichda) Jahon banki ko‘magida modernizatsiya va rekonstruksiya qilindi. Ikkinchi bosqichda qolganlari yangilanadi, zamonaviylashtiriladi va raqamlashtiriladi.

Oxirgi 6 yil ichida qariyb 7000 megavolt amperdan ortiq o‘tkazuvchanlik quvvati oshirildi. Hozirgi kunda bu ishlar davom ettirilmoqda.

Keyingi omil — bu energiya resurslarga noqonuniy ulanishlardir. Ayrim iste’molchilar va ayrim korxonalar tomonidan noqonuniy ulanib olishlar hanuzgacha kuzatilmoqda. Bilingki, qaysi mahalla yoki tumanda elektr va tabiiy gaz ta’minotida uzilishlar bo‘lsa, u yerda o‘g‘rincha ulangan iste’molchilar bor. Ayni paytda bu masala bo‘yicha Ishchi guruh tomonidan o‘rganishlar olib borilmoqda.

– Demak, kunlarning isishi bilan hozirgi vaziyat barqarorlashishi mumkin, shundaymi?

– Bugun mamlakatimizda manfiy ishorali ob-havo hukm surmoqda.Agar musbat ishorali iliq iqlim sharoitiga o‘tsak, asta-sekin iste’mol hajmi o‘z-o‘zidan kamayadi. Shundan kelib chiqib, havo isigandan bu vaziyat anchagina yumshaydi. Lekin shunga qaramasdan tizim tashkilotlari bu masalaga katta e’tibor berishi talab etiladi. Jumladan, qayta tiklanuvchi manbalardan foydalanishni keng joriy qilish chora-tadbirlarini amalga oshirishni jadallashtirishga to‘g‘ri keladi.

– Elektr energiyasidan tejamkorlik bilan, oqilona, samarali foydalanish – uzilishlarning oldini olishda yordam beradimi?

– Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, aholimizning yillik iste’molini rivojlanayotgan boshqa davlatlar bilan taqqoslasak, biz uch barobar ko‘p elektr energiyasi va tabiiy gazdan foydalanamiz. Bu yerda sanoat korxonalari alohida, iste’molchilar alohida. Lekin sanoat korxonalarida ham eskirgan qurilmalardan hanuzgacha foydalaniladi. Sanoat va xalq xo‘jaligining energiya iste’moli (yuridik shaxslar) — aholi iste’molchilarinikidan (jismoniy shaxslardan) qariyb uch barobar ko‘p.

Agar elektr energiyasi va tabiiy gaz bozor iqtisodiyoti talab va taklifiga ko‘ra, barqaror bo‘lishini ta’minlash uchun bozor mexanizmlariga tashlansa, narxi hozirgiga nisbatan ikki-uch barobar yuqoriroq bo‘ladi.

 

Savolingizga kelsak, ha, elektr energiyasidan samarali foydalanish uzilishlarning oldini olishda o‘zining ijobiy ta’sirini ko‘rsatadi. Agar joriy yil sentyabr, oktyabr va noyabr oylarida iste’molda tejamkorroq bo‘lganimizda, bu ne’matdan samaraliroq foydalanganimizda, tabiiy gaz va elektr energiyasi ishlab chiqarish uchun ko‘proq zaxiramiz bo‘lar edi. 

O‘zbekiston rivojlanayotgan mamlakat. Toshkent – respublikamiz markazi. Mayli, kechasi ishlatiladigan chiroqlarning bekor ishlab turganini o‘chirish kerakdir. Lekin bu shahar ko‘rkiga estetik zavq bag‘ishlaydi. Ijtimoiy tarmoqlarda “Tashkent city”, Teleminorada, reklama bannerlarida ishlatilayotgan chiroqlar haqida fikr bildirilgan. Estetik zavq beruvchi mitti chiroqlar elektr energiyasini juda kam miqdorda sarf etadi. Bugun ko‘pgina zamonaviy me’moriy yechimga ega binolar o‘zining ishlab chiqarish muqobil manbalariga ega, quyosh panellari o‘rnatilgan. Shuning uchun kechasi yonib turgan chiroqlarni emas, kunduzi yonib turgan chiroqlarni o‘chirishimiz kerak!

– Ehtimol vazirlik tizimida elektr energiyasidan samarali foydalanish bo‘yicha Jamoatchilik kengashini tuzish va maxsus telegram kanal faoliyatini yo‘lga qo‘yish kerakdir. Bunga fikringiz qanday?

–Energetika vazirligi va tizim tashkilotlari, xususan, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi va boshqa tashkilotlar tomonidan juda ko‘plab targ‘ibot-tashviqot ishlari olib borildi. E’tibor bo‘lmadi. Chunki arzon elektr energiyasi va tabiiy gazdan beminnat foydalanish osonroq. Biz qishda issiq kiyimlarni, yozda yengil kiyimlarni sotib olishga o‘rgangan odamlarmiz. Aslida, mavsumga tayyorgarlik teskari tartibda bo‘mog‘i lozim. Har bir yo‘nalishda.

– O‘tgan davrda uzilishlar asosan qishloqlarda bo‘lgan. Endi bu holat shaharlarda ham kuzatildi. Endi bunga e’tibor qaratilmoqda. Energiya tejamkorligi va samaradorlik tushunchalarini kengroq izohlasangiz...

– Energiya tejamkorligi va samaradorligi nima? Keling, huquqiy maqom beramiz. Energiya tejash va energiya resurslaridan samarali foydalanish nima, degan savolga, qonunchiligimizda ko‘plab ta’riflar berilgan. Misol uchun, 2006 yil 7 avgustda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 164-sonli qarori e’lon qilingan. Unda energiya tejamkorligi va energiya rusurslaridan samarali foydalanish haqida batafsil ko‘rsatib o‘tilgan. Bu masala ommaviy axborot vositalarida ko‘proq talqin qilinib, maktab va maktabgacha ta’lim muassasalarida targ‘ib-tashviq qilinishi, turli shaklda bolalarimizga ham, voyaga yetgan shaxslar — iste’molchilarga ham tushuntirilishi kerak edi. 

2019 yil 22 avgustda Prezidentimizning 4422-sonli qarorida iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohaning energiya samaradorligini oshirish, energiya tejovchi texnologiyalar va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini keng joriy etish – davlat siyosatining hozirgi bosqichidagi dolzarb yo‘nalishidan biri ekanligi ta’kidlab o‘tilgan.

Bu uch yil oldin, bugungi vaziyatlar bo‘lmasligi uchun oldindan, butun jamoatchilik, davlat tashkilotlari uchun “signal” edi. Albatta, bu borada katta ishlar qilindi. Prezident qarorlari ijrosi ta’minlandi. Lekin ayrim tashkilotlar, ayrim iste’molchilar tomonidan bunga yetarlicha e’tibor berilmadi. Unda qayta tiklanuvchi manbalardan foydalanishni joriy etishga mansabdor shaxslar, jumladan, tashkilot rahbarlariga topshiriqlar berilgan. Demak, bugun energiya manbasini samarali ishlatish — barchamizning muhim vazifamiz. Shu sababli, bu masalaga bugun yanada katta ahamiyat qaratish maqsadga muvofiq.

–Iste’molchilar ma’lum ma’noda tejamkorlik, samaradorlik haqida tushunchaga ega. Uyida ham elektr energiyasini tejab ishlatishga harakat qiladi. Energetika vazirligi va tizim tashkilotlari tomonidan bir yilda necha marotaba targ‘ibot tadbirlarini tashkil qilish  rejaga kiritiladimi?

– Albatta, AOKA bilan kelishilgan holda jamoatchilik bilan ishlaydigan mas’ul xodimlar tomonidan bu kabi tadbirlar olib borish belgilangan. Ikkinchidan, bu Energetika vazirligi va uning huzuridagi ikkita inspeksiyaning asosiy vazifalaridan biri hisoblanadi. Tizim tashkilotlari tomonidan o‘tkaziladigan tadbirlar, Yoshlar forumlarida ham bu haqda so‘z yuritiladi. Xususan, tashkilotimiz rahbari hamda tizim tashkilotlarida ishlaydigan mas’ullar bilan birga bir necha maktablar va litseylarda bo‘ldik.

Bir misol keltirsam. Bir rus tili o‘qituvchisi elektr energiyasidan foydalanish bo‘yicha so‘rovnoma o‘tkazganini gapirib berdi. O‘quvchilar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnomada 13 foiz ishtirokchi yonib turgan chiroqni o‘chirishini bildirgan. Qolgani o‘chirmasligini bildirgan. Aksariyati esa aybdorlarni topib, chiroqni o‘chirishni talab qilishini aytishgan. Demak, bu oilaga, oiladagi tarbiya va o‘rnak bo‘layotgan ota-onaga borib taqaladi. Oilada bu madaniyatni shakllantirish lozim. Shuningdek, bog‘chalar, maktablarda va, eng muhimi, har birimiz boshqalarga o‘rnak bo‘lish orqali bu targ‘ibotni yuritishimiz maqsadga muvofiq, deb bilaman. 

Ta’minotdagi uzilishlarni oldindan bilib bo‘lmaydi. Oddiy qush, chaqmoq yoki kuchli shamol ham ta’minotning uzilishiga sabab bo‘lishi mumkin. Xuddi shu ishlar kuchaytirilgan tartibda olib borilmoqda.

Fursatdan foydalanib, barcha iste’molchilardan ichimlik suvi, tabiiy gaz va elektr energiyasidan oqilona foydalanish, tabiiy boyliklarimizning kelgusi avlodlar uchun qoladigan qismini asrashga o‘z hissasini qo‘shish, tejamkorlik va samaradorlik masalasini umummilliy harakatga aylantirishda shaxsiy namuna bo‘lishlarini so‘rab qolaman. 

Manba: https://uza.uz/

O‘zA muxbiri Nasiba ZIYODULLAEVA  suhbatlashdi

mezonНазваны причины энергодефицита в Узбекистане

rossaprimavera - В Узбекистане официально назвали основные причины энергокризиса

podrobno - Эксперт назвал основные причины произошедшего в Узбекистане энергодефицита

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

>