Yangiliklar
“Hududgazta’minot” AJning rasmiy xabari
  • 05.12.2022
  • 523

Havo haroratining keskin pasayishi va qor yog‘ishi munosabati bilan tabiiy gaz iste’moli sezilarli darajada oshmoqda. Joriy yilning 4-dekabrda mamlakat aholisiga (3,9 milliondan ortiq iste’molchiga) 68 mln kub metr tabiiy gaz yetkazib berildi. (2021-yil 4-dekabrda - 55,8 mln kub metr, ya’ni joriy yil 21% ga ko‘proq yetkazib berildi). Shunga qaramay 516 ta mahallada yoki 79 ming iste’molchida gaz bosimining pasayishi kuzatildi, 14 ming iste’molchida esa gaz ta’minoti vaqtincha to‘xtatildi.

Aholi va ijtimoiy soha obyektlarini “zangori” yoqilg‘i bilan ta’minlash maqsadida “Hududgazta’minot” AJ tomonidan 10 mingdan ortiq soha xodimlari jalb qilinib, ular mahallalar kesimida muammolarni hal qilish uchun barcha sa’y-harakatlarini ishga solmoqdalar.

Xususan, “Binokor” va “Bektemir” gaz taqsimlash stansiyalarida chiqish bosimini oshirish ishlari olib borilmoqda va bu poytaxtimizning Chilonzor, Uchtepa, Shayxontohur, Yakkasaroy, Mirobod va Sergeli tumanlarida tabiiy gaz bosimining yaxshilanishiga imkon beradi.

“Oʻztransgaz” AJ mutaxassislari bilan birgalikda Yangiyo‘l tumani aholisining gaz bilan ta’minlanishini yaxshilash masalalari hal etilmoqda, jumladan “Yangiyo‘l” mahallasi Zafarobod ko‘chasi bo‘ylab joylashgan 30 ta xonadonda bu masala hal etildi, “Chamanzor” mahallasida esa bu boradagi ishlar davom etmoqda.

Poytaxtdagi AGQKSHning ish jadvaliga o‘zgartirishlar kiritildi, jamoat va boshqa ijtimoiy ahamiyatga ega transportlarga yoqilg‘i quyish ishlari tunda ham amalga oshirilmoqda. Cheklovlar aholi va ijtimoiy soha obyektlaridan tashqari boshqa iste’molchilarga qo’yiladi.

Fursatdan foydalanib, barcha iste’molchilarni “zangori” yoqilg‘i bilan ta’minlash maqsadida “Hududgazta’minot” AJ hurmatli fuqarolardan tabiiy gazdan oqilona foydalanishlarini va birinchi navbatda zarur bo‘lgan gaz jihozlarini ishlatishni, uydan chiqib ketayotganda esa isitish moslamalarining haroratini iloji boricha pasaytirishni iltimos qiladi.

“Hududgazta’minot” AJ matbuot xizmati aholi va ijtimoiy obyektlarni o‘z vaqtida tabiiy gaz bilan ta’minlash bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risida iste’molchilarni xabardor qilishni davom ettiradi. Barcha murojaatlar, shikoyatlar va takliflar 1104 call-markazi va 104 dispetcherlik xizmati raqamlari, shuningdek, Facebook ijtimoiy tarmog‘ida gaz ta’minoti bilan bog‘liq muammolarni hal qilish uchun ochiq guruhi orqali qabul qilinadi.

“Hududgazta’minot” AJ matbuot xizmati

▶️@minenergy_uz

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

https://t.me/uzmetaxborotxizmati

>