Biz ezgu maqsadlarga yuragi to‘lib-toshgan xalqmiz! Ko‘nglimizdagi orzu-niyatlarimizga qarang — o‘ta sof, o‘ta shaffof, shu bois, ular mutlaq soyasiz. Dilimizga tukkan hech bir maqsadimiz “birovlarning bog‘i”ga soya tashlamaydi. Biz birgina o‘zimizga emas, butun bashar ahliga yaxshilik sog‘inamiz.
Rosti, bugungi dunyoviy voqea-hodisalarni ko‘rib-kuzatib, tinchlik nechog‘li baxt ekanini yana bir karra chuqurroq his etmoqdamiz. Yoshi ulug‘larimizning har bir duosida tinchlik-xotirjamlik kabi tilaklarning nima sababdan bot-bot takrorlanib turishini ham tushunib borayotgandaymiz, chog‘i.
Hech mubolag‘asiz aytish mumkinki, so‘nggi yillarda jonajon yurtimiz nomi, sharafi dunyo bo‘ylab chandon yuksalmoqda. Jamiyatimizda chin maʼnoda inson qadri uchun safarbar etilgan islohotlar o‘z tasdig‘ini topmoqda. Dunyo hamjamiyati ham bu singari evrilishlarga munosib bahosini berib kelayotir.
Insoniyat yaralibdiki, adolat tushunchasi u bilan birga yashab keladi. Odam bolasi barcha sitam va zaqqumlarga chidashi mumkin, ammo adolatsizlikka kelganda uning bardoshi “ish bermay” qoladi. Shu maʼnoda, yurtimizda kechayotgan keng ko‘lamli islohotlar mazmun-mohiyatiga, avvalo, xalqimizning roziligi singdirilayotganini alohida eʼtirof etish joiz.
Bugun Vatanimiz bor bo‘y-basti bilan dunyoga quchog‘ini ochmoqda! O‘zini, o‘zligini qadrlaydiganlar esa ochiq qalb bilan hamkorlik takliflarini bildirib kelishmoqda. Bir so‘z bilan aytganda, bu yaxshilik darvozalarining lang ochilganidir. Shoirona taʼrif qilganda, jamiyatimizdagi bu kabi ko‘rkam qiyofalar qalbim hamiyatida ahamiyat kasb etib bormoqda!
Hamiyat nima?
Yaqinda ustoz olim, taniqli tilshunos, filologiya fanlari doktori, professor Nizomiddin Mahmudovning “Millat hamiyatining muntazam himoyati” maqolasi eʼlon qilindi. Mazkur bitiklarni katta ishtiyoq bilan o‘qib chiqar ekanman, undagi “hamiyat” so‘zining lug‘aviy maʼnosiga keltirilgan taʼrif eʼtiborimni tortdi. Rosti, bu so‘zni ko‘p joyda qo‘llasak-da, uning yukdorligiga keragicha diqqat qilmasligimizni tushunib yetdim. Zero, bu so‘zning asosiy maʼnosi izohli lug‘atlarda “or-nomusini, qadr-qimmatini pok saqlash tuyg‘usi” tarzida tavsiflanar ekan.
Darvoqe, kimdir el-yurtimiz shaʼniga noloyiq bir so‘z aytguday bo‘lsa, beixtiyor yuragimizda hamiyat bosh ko‘taradi, ko‘ksimizda turgan qo‘llarimiz sekin tushgan holda barmoqlarimiz “birlasha boshlaydi”. Boshini bir nuqtaga jamlagan barmoqlar jipslashuviga esa o‘zingiz nom qo‘ya qoling!
Bir yoqadan bosh chiqarib...
Yaqin yillardan boshlab turkiy xalqlarning o‘zaro yig‘inlari ko‘paydi. Ilohim, bunday jipslashuvga ko‘z tegmasin! Bu kabi ezgu maqsad majlislariga mezbon bo‘lishga Vatanimiz hamisha tayyor ekanini ko‘rib, yana g‘ururlanasan, kishi!
Xo‘sh, ularni yana bir-biri bilan nima bog‘lamoqda?! Azaliy tutash rishtalar mavjud ekaniga asos bo‘la oladigan qanday ishoralar mavjud edi? Bu kabi savollarning barchasiga birgina til degan so‘zning o‘zi javob bo‘la oladi! Shuning uchun ham turkiy tilli xalqlar sammiti deb nomlanmoqda. Kechagina bo‘lib o‘tgan Samarqand sammitida juda ko‘p sohalarda hamkorlik rejalari ilgari surildi. Eng muhimi, ishtirokchi davlatlar vakillarining o‘zaro kelishuv suhbatlari uchun tarjimonga ham ehtiyoj sezilmadi. Davlatlar rahbarlarining yuz-ko‘zlarida birgina ehtiyojni ko‘rish mumkin edi – u ham bo‘lsa o‘zlikka qaytish ehtiyoji!
Xayriyatki, tiliyu dini, ildizi bir bo‘lgan qardosh-qarindosh xalqlar oradan muayyan yillar o‘tib yana topishmoqda, to‘g‘rirog‘i, tomirlardagi qon tortmoqda, qon!
Qon va til
Bu so‘zlar mittiday tuyulgani bilan o‘z zamirida ko‘plab mohiyatni jamlaydi. Mabodo biror shifokorga ishingiz tushsa ham u o‘z maslahat va tashxislarini qon tahlilingizdan so‘ng aniq va ravshan bayon qila oladi. Demak, qon ko‘p narsalarni “so‘zlaydi” o‘zimiz haqimizda.
Til esa... Bu mavzuda qisqaroq gapirgim yo‘q! Ona tilimiz haqida gap ketganida tilim biyronlashib ketadi! Dastavval undan faxrlanaman, shu tilda gap aytib turganlarni “jigarim” deya birma-bir bag‘rimga bosgim keladi.
Aslini olganda, bizning murg‘aklik paytimizdan ongu shuurimizga shu tildagi ohang so‘zlari (alla) singib borgan. Keyinchalik tevarak-atrofni, ota-ona va barcha yaqinlarimizni, so‘ngra shu Vatanni, boringki, butun dunyoni aynan mana shu til orqali taniganmiz. Demak, til inson hayotida muhim o‘rin tutuvchi vositalardan biridir!
“Til – shunchaki so‘zlashuv vositasi-da”, degan gapni eshitsam, “vosita” so‘zini yomon ko‘rib ketaman. U birgina vosita emas, balki kechayu bugunimiz, ertangi kunimiz, butun hayotimizga vobasta bo‘lgan o‘zligimiz demakdir! Shunday ekan, uni himoya qilish va sofligini taʼminlashda har bir vatandoshning munosib hissasi bo‘lmog‘i darkor!
Barchamizga doxil vazifa
Bugungi kunda aksariyatimiz ijtimoiy tarmoqlarning loqayd kuzatuvchisiga aylanib ulgurdik. Unda kim nimani xohlasa, shuni bayon qilib yotibdi. Ularga qarata, “hoy, shahar bedarvozami?!” deydigan odamning o‘zi yo‘q.
Menga alam qiladigani – shifokorlar singari ont ichgudek o‘qib-o‘rganib, soha sirlari hamda odobini puxta egallagan mohir jurnalistlar qolib, baʼzi blogerlarning (barchasi emas, albatta!) tayin-tuturiqsiz so‘zlariga mahliyo bo‘layotganlarning ko‘p sonli ekani. Ming afsuski, ularda so‘zlash odobi ham haminqadar va davlat tiliga munosabatini ko‘rib, qoning qaynaydi. Eng yomoni – bugungi yoshlar shu singari mayda gap-so‘zlarni tinglab ulg‘ayishmoqda. Qolaversa, ona tiliga bo‘lgan hurmatini ham ulardan andaza olgan holda tiklashmoqda.
Kuzatuvlarimiz ko‘rsatmoqdaki, gazetxonligu jurnalxonlik kabi anʼanalar o‘tmishdagi g‘azalxonlik singari ko‘hnarib borayotganday.
Yaqinda ijtimoiy tarmoqlardan birida o‘qib qoldim, “mana, til bayrami o‘tdi, endi kelgusi yil shu sanaga qadar bu mavzuda hech kim gapirmaydi, suvga tushgan tangaday jimib yashaymiz”, emish. Xo‘sh, shunday ekan, ushbu gapni yozganning o‘zi qanday ish bilan mashg‘ul bo‘larkin buyog‘iga?! O‘zini “til jonkuyari” sifatida sanar ekan, nega yil mobaynida bu mavzuda bong urmaydi? Yoki unga “til haqida gapirishdan tilingni tiy!” degan ko‘rsatma berildimikin?!
To‘g‘risi, bu borada aytaman desak, gap ko‘p, ammo bir narsa ayonki, hech bir insonga til masalasida so‘z aytmaslik sharti qo‘yilmagan. Ha, aytganday, birgina shart bor – u ham bo‘lsa, munosib tarzda gap ayta olish!
Vazirlar Mahkamasining Maʼnaviyat va davlat tilini rivojlantirish departamenti tashkil etilgan. Mazkur muassasa bugungi kunga qadar davlat tilining mavqei va nufuzini oshirish yo‘lida baholi qudrat harakat qilib kelmoqda. Ammo yuqorida aytganimizdek, bu jarayon birgina idora yoki bir necha kishininggina gardanidagi vazifa emas. Axir bu barchamiz birdek kundalik turmushimizda muntazam qo‘llab kelayotganimiz – muazzam ona tilimizning taqdiri. Shunday ekan, bu yo‘lda hammamizning zimmamizga ozmi-ko‘pmi vazifalar yuklanadi. Bu borada keng jamoatchilik nazorati yo‘lga qo‘yilishi kerak. Muqoyasa qilib aytadigan bo‘lsam, jamiyatning har bir aʼzosi o‘zini davlat tili uchun qorovulday ish olib borishi kerak. Yanayam aniqlik bilan qiyoslaydigan bo‘lsak, haqiqiy til jonkuyari – davlat chegaralarida turgan sergak zobit singari demakdir!
So‘ngso‘z
Maqolani men bejiz bunday nomlamadim. Chunki tegra-atrofimizda bo‘lib turgan barcha voqea-hodisa umumhamiyatimizga taʼsir ko‘rsatmay qolmaydi. Yaʼni bir ko‘rkam amal egasini uchratsang-u, o‘zing ham undan ulgi olgan holda yashashda xushnud davom etsang, chin hayotdan bahramandlik boshingni osmon qiladi. Mabodo birortaning noqis feʼli yoxud amalidan og‘rinsang, uzoq vaqt ko‘ngling yorishmay qiynaydi. Ilohim, yuraklarimizni yayratadigan va tillarimizni biyron sayratadigan sabablar ko‘p bo‘lsin!
Xulosa o‘rnida quyidagi so‘zlarni keltirishni munosib ko‘rdim: Aziz zamondosh, odil jamiyat sizu bizdagi hamiyatdan kuch olmog‘i kerak! Demakki, yurtimizda jadal surʼatda davom etayotgan yangilanish jarayonlari har birimizga bevosita daxldor ekan, unda munosib ishtirokimiz bo‘lsin!
✍️Orif TO‘XTASHEV,
“O‘zbekiston MET” AJ boshqaruvi raisi maslahatchisi
► Vazirlar Mahkamasining Maʼnaviyat va davlat tilini rivojlantirish masalalari departamenti rasmiy sahifasiga ulanish
‖ Veb-sahifa ‖ Telegram ‖ Facebook ‖ Instagram ‖ Twitter ‖ Utube ‖ Youtube ‖
“O‘zbekiston MET” AJ Axborot xizmati