Savollar ko‘p, tayinli javob yo‘q
Keyingi paytlarda Jomboy tumanidagi Polvonariq, Qo‘lbo‘sti, Naymantepa, Juriyat, Sarichashma, Sherqo‘rg‘on fuqarolar yig‘inlarida yashovchi aholi elektr toki uzilishlaridan ko‘p jabr chekmoqda. Masalan, 24-26-oktabr kunlari «Naymantepa» fuqarolar yig‘iniga qarashli aholi punktlarida soat 19 dan 20.30 gacha elektr ta'minotida uzilishlar yuzaga kelgan bo‘lsa, 27-oktabrdan 28-oktabrga o‘tar kechasi butunlay o‘chirildi.
– O‘sha kunlarda fonus, qo‘lchiroq va sham yorug‘ida ishlab, bemorlarni davolashga majbur bo‘ldik, – deydi qishloq vrachlik punkti pediatri To‘lliboy Hamroev. – Bu holatning sabablarini bilish uchun tuman elektr tarmoqlari korxonasi dispetcheriga ko‘p bor murojaat qilsak-da, aniq javob ololmadik.
– Bunday uzilishlar oqibatida do‘konlarda bitta shamning narxi uch ming so‘mdan besh ming so‘mga ko‘tarildi, – deydi uy bekasi Nargiza Xolmurodova. – Ba'zi kishilar shamlarni paketi bilan sotib ola boshladilar.
Biz «Samarqand hududiy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyatining Jomboy tumani filialini rahbari Ixtiyor Himmatov bilan bog‘landik.
– Ha, bu voqealardan xabardorman, ammo sababini aniq bilmayman, – dedi u. – Chunki siz tilga olgan fuqarolar yig‘inlari hududida yashovchi barcha iste'molchilar 35-tizim orqali elektr energiyasi bilan ta'minlanadi. Bu tizim esa bizlarga bo‘ysunmaydi. U viloyatdan yoki Toshkentdan boshqariladi va behuda o‘chirilmaydi. Hozir shuning sabablarini aniqlash harakatidamiz.
Shunday qilib, bizning ta'minotdagi uzilishlar qancha davom etishi, nega bu haqda iste'molchilarga oldindan xabar berilmagani haqidagi savollarimiz javobsiz qoldi.
Ogohlantirishsiz o‘chirishlar
Payariq tumanidagi «Tomoyrot», «Eshimoqsoq», «Oqqo‘rg‘on», «Sorisuv», «Maniobod» fuqarolar yig‘inlari aholisi ham xuddi shunday ayanchli vaziyatga duch keldi.
– Bir oy oldin qarzdorlik tufayli «ASKUE» orqali uyimiz elektr energiyasidan uzib qo‘yilgandi, – deydi eshimoqsoqlik Salohiddin Jo‘rayev. – To‘lovni amalga oshirganimizdan keyin chiroqni yoqishdi. Shu asno menga oldindan ogohlantirmasdan iste'molchilar chirog‘ini o‘chirishga hyech kimning haqi yo‘qligini aytishdi. Lekin o‘zlari bu tartib-qoidaga rioya qilishmayapti. Har kuni hoxlagan paytlarida va hech qanday ogohlantirishsiz elektr tokini uzib qo‘yishmoqda. Bu nima degan gap?
Odamlar siz o‘ylaganchalik omi emas…
Ism-sharifini aytishni istamagan mulozimning so‘zlariga qaraganda, har ikkala tumandagi bu uzilishlarning asosiy sabablaridan biri uzoq vaqtdan buyon rekonstruksiyaga muhtoj bo‘lgan elektr tarmoqlari mavjudligi va transformator punktlari eskirgani bilan bog‘liq. Ustiga-ustak, zamonaviy ASKUE avtomat hisoblagichlari o‘rnatilganiga qaramay, iste'molchilar tomonidan elektr energiyasida o‘g‘irliklar hamon davom etmoqda. Ko‘plab qishloqlardagi elektr simlari aholi uylari ortidagi daraxtlar shoxlari orasidan o‘tgani esa ta'minotdagi uzilishlarga va transformatorlar muddatidan oldin ishdan chiqishiga sababchi bo‘lmoqda.
– Bu gaplarning barchasi rost, lekin tanganing ikkinchi tomoni ham bor, – deydi jomboylik mehnat faxriysi Erkin Omonov. – Ilgari bunday muammolarda aholini aybdor deb hisoblashardi. Go‘yoki odamlarda elektr energiyasidan foydalanish madaniyati yetishmaydi va tejamkorlik yo‘q, ular elektr energiyasidan yorug‘lik uchun ham, isitish uchun ham foydalanadilar va hokazolar. Qizig‘i shundaki, mas'ullar orasida sohadagi ko‘pyillik muammolarni tan olish va ularni bartaraf etish choralarini ko‘rish o‘rniga nuqul iste'molchilarni qoralaydiganlari hamon uchrab turadi. Holbuki, hozirgi odamlar elektr tokini behuda isrof qiladigan darajada omi emas.
Eski eshakka yangi egar
Mutaxassislarning ta'kidlashicha, hamma balo shundaki, biz eskirgan liniya va transformatorlarni yangilamay turib, qishloq xonadonlariga ASKUE hisoblagichlari o‘rnatdik. Ta'bir joiz bo‘lsa, eski eshakka yangi egar qo‘ydik. Bu loyihalar uchun yuzlab million dollar mablag‘ ajratilmoqda. Ammo eskirgan elektr tarmoqlari ushbu zamonaviy texnologiyalarga sarflangan mablag‘ni oqlay olmaydi. Salgina yomg‘ir yoki shamol tufayli darhol ishdan chiqadi. Sovuq kunlarda 60 yillik transformatorlar haddan tashqari kuchlanish va zo‘riqishdan yonib ketadi. Agar ular yangilanmasa, biz elektr ta'minotidagi muammolardan qutulolmaymiz va bir-birimizga tosh otishda davom etaveramiz.
Jomboy tumanining Turkman va Qozon qishloqlaridagi transformatorlar bilan ham xuddi shunday holatlar sodir bo‘ldi. Oktyabr oyidagi kuchli yog‘ingarchilik natijasida ikkalasi ham yonib ketdi. Qishloq faollarining, ayniqsa, mahalliy montyor Orif Norqulovning tezkor harakatlari tufayli ular ikki kun ichida ta'mirlanib, mahalliy aholi yana elektr energiyasi bilan ta'minlandi. Ammo har kuni ma'lum muddatga tokni uzib qo‘yishlar hamon davom etmoqda.
Mas'uliyatni zimmasiga oladigan odam topilmayapti
Kuz-qish mavsumida turli baxtsiz hodisalar va liniya kabellari shikastlanishi oqibatida elektr energiyasi tez-tez uzilib qoladi. Bu shuni anglatadiki, har bir hudud uchun yil boshida belgilanadigan energiyani taqsimlash amaliyoti hali ham mavjud. Joriy yilda Samarqand viloyatiga ajratilgan elektr energiyasi yetarlimi?
Afsuski, «Samarqand hududiy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati matbuot kotibi kasal bo‘lib, davolanayotgani va shunday nufuzli tashkilotda savolimizga javob beradigan boshqa bironta mutaxassis topilmagani sababli bu masalaga oydinlik kiritolmadik.
Aniqlashimizcha, tarmoqdagi uzilishlarning tez-tez tilga olinadigan yana bir sababi debitorlik qarzlari ekan. Qaysi tadbir yoki yig‘ilishda elektr ta'minoti mavzusi muhokama qilinsa, mutasaddilar aholi to‘lamagan katta qarzlarni darhol yodga olishadi. Ammo endi bu bahonani ro‘yxatdan chiqarib tashlash mumkin. Chunki deyarli barcha iste'molchilar yangi ASKUE tizimiga o‘tkazilgan, unda qarzga botish bo‘lmaydi, iste'molchi oldindan to‘lagan pul tugagani hamono elektr energiyasini yetkazib berish avtomatik ravishda to‘xtaydi.
«Transformatorni o‘zimiz o‘rnatayapmiz …»
Elektr tarmoqlari va inshootlari haddan ziyod eskirgani tufayli ishlab chiqarilgan elektr energiyasining ma'lum qismi iste'molchiga yetkazib berish jarayonida «yo‘l-yo‘lakay» yo‘qolib ketayotgani hyech kimga sir emas. Demak, xulosa bitta: elektr energiyasini ishlab chiqarish hajmi qanchalik katta bo‘lmasin, uning iste'molini hisobga olishning zamonaviy texnologiyalari amaliyotga nechog‘li tatbiq etilmasin, 50-60 yillik eski simlar, ustunlar va transformatorlar yordamida aholini elektr toki bilan uzluksiz ta'minlab bo‘lmaydi. Shu bois «hududiy dasturlar» amalga oshirilishidan umidini uzgan va elektr tarmoqlari korxonasiga ishonchini yo‘qotgan aksariyat mahallalar aholisi o‘z mablag‘lari hisobidan simyog‘ochlar o‘rnatishga, hatto yirik transformatorlar xarid qilishga kirishmoqda.
– Hamqishloqlar o‘zaro maslahatlashib, bultur transformator sotib olib o‘rnatdik, – deydi Jomboy tumanidagi Turkman-2 qishlog‘ida yashovchi G‘aybulla Boyzoqov. – Buning uchun 50 million so‘mga yaqin mablag‘ sarfladik. Xorijda ishlab yurgan yurtdoshlarimiz bizga moddiy jihatdan katta yordam berishdi. Natijada uylarimizda chiroq o‘chmaydigan bo‘ldi. Biz shunisiga ham shukur qilib yashayapmiz…
Yormamat RUSTAMOV
Manba: https://ishonch.uz/archives/10020
«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati