Yangiliklar
Joriy yil yakuniga qadar 2 ta yirik investitsiya loyihasi ishga tushirilishi rejalashtirilgan
  • 23.11.2022
  • 233

Bugun “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari”  aksiyadorlik jamiyati tomonidan ommaviy axborot vositalari vakillari uchun press-tur hamda matbuot anjumani tashkil etildi.

Unda ishtirokchilar “Toshkent shahar magistral elektr tarmoqlari” filiali faoliyati va unga qarashli “Ozodlik” podstansiyasida amaliyotga tatbiq etilayotgan investitsiya loyiha doirasida  bajarilgan modernizatsiya-rekonstruksiya, qurilish-montaj ishlari bilan yaqindan tanishtirildi.

Mediatadbir doirasida o‘tkazilgan matbuot anjumani “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ bo‘yicha 2022 yil yanvar-oktyabr oylaridagi asosiy prognoz ko‘rsatkichlarning bajarilishiga bag‘ishlandi.

Anjumanda “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati Axborot xizmati rahbari Ulug‘bek Urunov  joriy yilning o‘tgan davrida elektr energiyasini uzatish ko‘rsatkichlari, Investitsiya dasturi ijrosi, modernizatsiya va rekonstruksiya ishlari, mukammal va joriy ta’mirlash, sarf-xarajatlar hamda  importni qisqartirish va yangi ish o‘rinlarini yaratish borasida ko‘rilgan chora-tadbirlar natijalari haqida axborot berdi.

Ta’kidlanganidek, 2022 yilning yanvar-oktyabr oylarida magistral elektr tarmoqlari orqali 54,5 milliard kVt soat elektr energiyasi uzatilib, reja 104,6 foizga bajarilgan. Bunda o‘sish sur’ati 2021 yilning mos davriga nisbatan 101,5 foizni tashkil etgan.

– Elektr energiyasini uzatishdagi texnologik yo‘qotishlar amalda 1612,8 million kVt•soatni, ya’ni qabul qilingan elektr energiyasiga nisbatan esa 2,53 foizni tashkil etmoqda. Bunda ko‘rsatkichlar yana 0,27 foizga kamayishga erishildi. Shuningdek, aksiyadorlik jamiyati tomonidan 2 ta yirik investitsiya loyihalari amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Xususan, Jahon banki kredit mablag‘lari ishtirokidagi “Magistral elektr tarmoq podstansiyalarini modernizatsiya va rekonstruksiya qilish” loyihasining umumiy qiymati 292,2 million dollardir. Mazkur loyiha amaliyotga tatbiq etilgach, podstansiyalarda jami 2200 MVA qo‘shimcha o‘tkazuvchanlik quvvati yaratiladi. Ikkinchisi esa soha mablag‘lari ishtirokidagi “Sirdaryo viloyatida quvvati 1500 MVt bo‘lgan yangi issiqlik elektr stansiyasini qurish loyihasi doirasida 500 va 220 kV havo tarmoqlariga ulash” loyihasidir. Umumiy qiymati 6,0 million dollar bo‘lgan ushbu loyiha doirasida 14,25 kilometrda 500 kVli hamda 1,2 kilometrda 220 kVli havo liniyalarini qurish rejalashtirilgan, – dedi matbuot kotibi.

Anjumanda modernizatsiya va rekonstruksiya ishlar rejasi va amalda bajarilgan ishlar haqida ham so‘z bordi. Unda qayd etilishicha, “O‘zbekiston MET” AJ  tomonidan joriy yilda modernizatsiya dasturi asosida 11 ta podstansiyada 1616 MVA qo‘shimcha o‘tkazuvchanlik quvvati yaratilishi rejalashtirilgan. 2022 yil boshidan modernizatsiya dasturi asosida 8 ta podstansiyadagi kuch transformatorlarini almashtirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar natijasida o‘rnatilgan quvvati qo‘shimcha 1116 MVA (megavoltamper)ga oshirilgan.

– Albatta, aksiyadorlik jamiyati tomonidan har bir rejadagi ishlar ijrosi qat’iy nazoratda, – dedi sarhisob chog‘ida U.Urunov. – Masalan, 2022 yilda magistral elektr tarmoqlarida umumiy quvvati 848 MVA bo‘lgan 10 dona kuch transformatori, 66 dona 110-500 kVli o‘chirgich, 14 dona kompressor qurilmasi va 810,23 kilometr uzunlikdagi 110-500 kV kuchlanishli havo liniyalarini mukammal ta’mirlash ishlari 1 oktyabrga qadar to‘liq yakunlandi. Shu bilan birga, joriy yilda 107,0 milliard so‘mlik sarf-xarajatlarni qisqartirish borasida tegishli ishlar olib borilmoqda. O‘tgan davrda xarajatlarni qisqartirish ko‘rsatkichi 91,1 milliard so‘mga va reja 102,3 foizga bajarildi. Importni qisqartirish masalasi ham asosiy vazifalardan bo‘lib, hozirgi kunda respublikamiz ishlab chiqaruvchi korxonalaridan kuchlanish oshib ketishidan saqlagich qurilmalarini elektron savdolar asosida xarid qilinishi natijasida importni qisqartirish 2022 yil boshidan (yanvar-oktyabr) jami 220,0 ming dollarni tashkil etib, reja 117,8 foizga uddalandi.

Nasiba ZIYODULLAEVA, O‘zA muxbiri

Manba: https://uza.uz/oz/

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

t.me/uzmetaxborotxizmati

>