Bu haqda Tadbirkorlik faoliyatini davlat tomonidan tartibga solishga oid Farmon mazmuni yuzasidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma'lum qilindi, deya xabar bermoqda Darakchi.uz' muxbiri.
Ma'lum bo‘lishicha, farmonda tadbirkorlarga ortiqcha xarajat yoki cheklov sifatida o‘rnatilgan bir qator talablarni bekor qilish, shuningdek, qo‘shimcha qulayliklarni yaratishga qaratilgan normalar belgilandi.
Xususan, tadbirkorlik sub'ektining ustav fondi kamaytirilayotganda kreditorlarini yozma ravishda xabardor qilish va ommaviy axborot vositalarida bu haqida e'lon berish, yangi import avtomobillarini faqat ishlab chiqaruvchilarning rasmiy dilerlari tomonidan sotish, elektr energiyasini shartnomadagi hajmlardan ortiqcha iste'mol qilganlarga elektr energiyasi yetkazib berishni to‘xtatib qo‘yish, yakka tartibdagi tadbirkor tomonidan yollangan xodimlarni soliq organlarida alohida hisobga qo‘yish kabi talablar bekor qilindi.
Mazkur matbuot anjumanida ishtirok etgan Darakchi.uz' muxbiri Adliya vazirligi mutasaddilaridan elektr energiyasi bilan bog‘liq masalaga oydinlik kiritishlarini so‘radi.
Adliya vazirligi boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Javohir Kulizodaning ma'lum qilishicha, har bir tadbirkorlik sub'ektining har oyda qancha elektr energiyasi iste'moli prognozlashtiriladi.
"Elektr energiyasi ko‘proq iste'mol kilinganda avval chora sifatida elektrdan uzib qo‘yilgan bo‘linsa, endi tadbirkorlar belgilangan meyordan ko‘proq elektr energiyasi ishlatsa ham tarmoqdan uzib qo‘yilmaydi, biroq to‘lovni amalga oshiradi", — deydi Javohir Kulizoda.
Adliya vaziri o‘rinbosari Alisher Karimovning qo‘shimcha qilishicha, bu munosabatlar shartnoma asosida amalga oshiriladi.
"Tadbirkorga o‘z vaqtida to‘lovni amalga oshirmagani uchun penya yoki boshqa ta'sir choralari qo‘llaniladi. Bundan keyingina elektr energiya yetkazib beruvchi tashkilotlar tarmoqdan uzib qo‘yish bo‘yicha sudga murojaat qilishi mumkin bo‘ladi. Oddiy qilib aytganda hozirgi kunga qadar limit tugagandan keyin tadbirkorni elektr energiyasidan uzib qo‘yishga haqlari bor edi. Endi limitdan ortiq foydalanilsa ham to‘lovini to‘lab, bemalol foydalanish mumkin. Elektr tarmoqlari korxonasi endi tizimdan uzib qo‘yolmaydi. Farmon qabul qilinganidan keyin endi uzilmaydi, bemalol elektr enegriyasidan foydalanish mumkin bo‘ladi", — deydi Alisher Karimov.
Manba: https://darakchi.uz/uz/156148
«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati
t.me/uzmetaxborotxizmati