OAV va jamoatchilik bilan ishlash
daryo.uz — “Bu hali holvasi bo‘lishi mumkin” – o‘zbekistonliklar elektr va gaz ta’minotidagi uzilishlar oqibatidan xavotirda
  • 14.11.2022
  • 204

Energetika vazirligi aholini elektr va gaz ta’minotidagi muammolarni to‘g‘ri tushunishga chaqirgani ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Foto: “Daryo”

Foto: “Daryo”

 

Iqtisodchi Otabek Bakirov Telegram’dagi kanalida muammoning ildizi bozor yo‘qligi bilan bog‘liqligi haqida yozgan.

Bu hali holvasi bo‘lishi mumkin. Chunki biz oxirgi qizil chiziqni shu yil yozda, hatto kompromiss qaror qabul qilib, keyin yarim tunda ortga qaytganimizda o‘tkazib yubordik, nazarimda. Hali qor tushmadi, hali harorat musbat, oldinda qahraton qish.

Tarmoqlarda yozilganidek, svet yo‘q, chunki gaz yo‘q, gaz yo‘q, chunki svet yo‘q.

Energetikadagi iqtisodiy populizm tufayli o‘zimiz bilmay sohada Venesuela yaratib qo‘ydik. Gaz qazib olishga rag‘bat yo‘q, transportivkaga rag‘bat yo‘q, elektr ishlab chiqarishga rag‘bat yo‘q. Chunki bozor yo‘q.

Agar oxirgi to‘q yil, sabrimiz uzun va qalin bo‘lgan 2019-yilda qaror qabul qilinganida hozir, balki energobalans muvozanatga yetgan, taklif talabga yetib olgan bo‘lardi.

Bugun boshlasak, ancha uzoq muddat ketadi. Ammo sabr ham yupqalashgan. Lekin bu ishni ertaga qoldirsak, bu aniq — svet ham bo‘lmaydi, gaz ham bo‘lmaydi. Jismonan bo‘lmaydi, shunchaki hech kimga bo‘lmaydi. Populizmga ham hojat qolmaydi.

Otabek Bakirov, iqtisodchi.Diniy ulamo Mubashshir Ahmad Telegram’dagi kanalida hukumat bu muammoga 30 yildan beri yechim topa olmayotgan ekan, butun xalq yechim xususida bosh qotirishi zarurligi haqida yozdi.

Elektr va gaz bizda 30 yildan beri yechilmas muammo. Lekin nega shunday qiyinchilik va muammoda ekanimizni bilmayman. Qancha gaz yoki elektr kerag-u, hukumat nega bular bilan ta’minlay olmayotganini tushunmayman. Kichik va nochor bir ro‘zg‘orda ham muammolar asta-sekin yechiladi. Lekin katta va energiya resurslariga boy mamlakatda bir necha o‘n yillardan beri bu masala nega hal etib bo‘lmayotganini anglamayman.

Sovuq xonada tong ottirish nima ekanini esa bilaman. Tana holsizlanib, sovuydigan, shu sababli tashqaridan issiqlikka muhtoj bo‘lgan qari va xastalarning hollarini yaxshi tushunaman. Qorong‘ida dars tayyorlay olmayotgan avlodning kelajagini, metangaz “zapravka”larida vaqtlari uvol bo‘layotgan aholining dardlarini yaxshi his qilaman.  Bularni shuning uchun yozyapman.

Demakki, muammo bor, yechim yo‘q ekan (hukumatda), kelinglar masalani ommaga oshkor qilaylik. “Aholimizga qancha gaz va qancha elektr kerak, shundan qanchasini hukumat yetkaza oladi va qolganini qay yo‘l bilan hosil qilish mumkin”. Shu kabi savollarga javoblarni hamma bilsin va hamma bosh qotirsin. Chunki non kabi zarur bu ehtiyojlarni xalq har yili umid bilan kutadi. Yolg‘on va’dalarga ishonadi va katta qismi sovuq va zulmatdan qiynalib qish o‘tkazsa, bir qismi is gazidan zaharlanadi va bir necha o‘nlari o‘lib ketadi. Qishda mashinasini hayday olmaydi, qorong‘i va sovuqda bolalari dars tayyorlay olmaydi. Kasal, zaif va qarilari sovuq va qorong‘ilikdan tuni bilan ingrab chiqadi.

Muammo hammaniki ekan, hamma bosh qotirsin. Ularning yechilmas ekanini bilsa, anglasa, sabr qilsin va va’dalarga suyanmasin. Ko‘mirini, tezagini g‘amlasin, yoqib-bitirilgan daraxtzorlarning o‘rnini to‘ldirsin, keyingi o‘n yilliklardagi qishlarga tayyorlansin. Har kuzda dardini doston qilavermasin.

Yevropa qit’asi urush girdobida. Mamlakatlarning asosiy g‘ami va bosh og‘rig‘i – aholini issiq va yorug‘likda qishdan olib chiqish bo‘lib qolgan. Rossiya gazidan uzilgan iqtisodlar olti oy o‘tmay energiyaning yangi manbalarini izladi, ulandi, keltirdi va masalani hal qildi. Aholisining energiya ta’minotini yechdi. Hatto urushning markazi – Ukraina uchun ham bosqinchilarga qarshi janglardan keyingi o‘rinda aholini gaz va elektr bilan ta’minlash asosiy masala bo‘lib turibdi. Rus qo‘shini elektr manbalariga raketa zarbasi berganda, yakson bo‘lgan elektr “liniya”larni tezkor yangilash yoki ta’mirlashga harakat qilyapti. Qo‘shni davlatlar bu borada hamkorlik qilyapti.

To‘g‘ri, bizda ham quyosh va shamol energiyasini hosil qiluvchi ulkan loyihalar amalga oshirilmoqda. Yangi gaz konlari ochilayotgani haqida tez-tez o‘qib turibmiz. Lekin har kuz muammo o‘sha-o‘shaku. Nega bunday bo‘lmoqda? Nega oz bo‘lsa-da, holat yaxshilanmayapti? O‘zi energiya muammosi qachon batamom hal bo‘ladi?

Qishda uyi issiq va yorug‘ bo‘lishi hammaning ehtiyoji va haqi. Bu haqni ommatan bera olinmasa va hal qila olinmasa, juda bo‘lmaganda muammo nimada ekanini aytib, hisob-kitobni ma’lum qilish lozim. Xalqning o‘zi bilan maslahatlashish kerak. Balki yaxshi yechim va takliflar bo‘lib qolar, balki haqiqat yuzaga chiqsa, qishga oldinroqdan o‘zi tayyorgarlik ko‘rar yoki hech qanday imkoni bo‘lmasa, sabr qilish uchun xalq sababga ega bo‘lar.

Lekin nima bo‘lganda ham muammodan ko‘z yummaslik kerak. Va’da va rejalar bilan allalamaslik kerak. Haqiqatning yuziga tik qarash kerak. Yechim bo‘lsa yechish, bo‘lmasa izlanish kerak. Ammo bulardan nolasi osmonga o‘rlayotganlar xabardor bo‘lishi kerak. Shoyad ularning qarg‘ishlari duoga, noroziliklari tushunishga va eng asosiysi muammolari yechimga aylansa!

Mubashshir Ahmad, diniy ulamo.Bloger Zafarbek Solijonov xalqni o‘ylantiradigan mavsum boshlangani haqida yozgan.

Elektr, gaz o‘chish holatlari ko‘paydi. O‘ylov mavsumi boshlandi. O‘quvchi “qanday qilib darsimni qilib olaman?”, ona “bolamni kechasi qanday emizib olaman?”, ishdan charchab kelgan er “qanday qilib dush qilib olaman?”, uy bekasi “kirlarni qanday yuvib olaman?”, haydovchi “qachon gaz quyaman-u qachon uyimga 5600 so‘m olib kiraman”, talaba “la’nati konspektni qachon qilib olaman?”, yangi kelin-kuyov nima o‘ylashini esa hamma biladi. Xullas hammani o‘ylantiradigan mavsum boshlandi”, – deb yozadi bloger.

Foto: Telegram / “Mikrofon ko‘targan ayol”

Jurnalist Aziza Qurbonova hatto Toshkent shahrida ham gaz muammosi yuzaga kelgani haqida xabar bergan.

Salom, mening nomim-gaz. Lekin bunga shubham bor. Kuchim faqat miltillashga yetadi. 20 minutdan beri choy ham qaynatolmayman. Egalarim o‘tmishim-o‘choqqa qaytishgan. Ha, shunaqa.

Manzilim — Uchtepa tumani, “Cho‘ponota” mahallasi”, – deb yozadi u.Bloger Umid G‘ofurov quyosh panellarini o‘rnatish muammoga yechimlardan biri ekanini yozgan.

Aholi o‘z uylariga quyosh panellarini o‘rnatishi uchun imtiyozli (balki foizsiz) kreditlar berishi kerakmikan? Energotarmoqlarga sal yengillik bo‘larmidi. Qish sovuq bo‘lsa ham, quyoshli. Yozniku gapirmasa ham bo‘ladi.

Infratuzilma bunday ko‘p qurilishlar va ko‘p qavatli uylarga mo‘ljallanmagan. Shu ko‘p qavatli uylarning tomidan ham samarali foydalansa bo‘ladi. Qolaversa Namanganda bu sinovdan o‘tdi. Tomlarda o‘rnatilgan quyosh panellari uylarni elektrotarmoqlardan mustaqil bo‘lishini ta’minlagan.Bloger Dima Qayum Facebook’dagi sahifasida ko‘p yillar davomida ushbu og‘riqli masala haqida postlar yozib keladi. Shunday postlardan biri mahallalardan birida joylashgan kasalxonada “svet” o‘chgani bilan bog‘liq.

Toshkentda “biz xalq xizmatkori” deb biluvchi rahbarlar! Shifoxona,  jonlantirish bo‘limi. Tasavvur qiling, shu ahvolda otangiz o‘lim to‘shagida yotibdi. Nima qilardingiz? Do‘xtirxonaga o‘t qo‘yasiz,  kerak bo‘lsa. Lekin olis qishloqlarda hamma sabrli. Hatto urush bo‘layotgan Ukrainada ham bu ahvol emas! Nega qishni g‘ami yeyilmadi? Nega tayyorgarlik ko‘rilmadi! Qishloqda bechora elektrasvetchini so‘kib yotibdi. Aybdor Toshkentda”, – deb yozgan u.

Umuman olganda, ijtimoiy tarmoqlarda elektr va gaz ta’minotidagi uzilishlar bilan bog‘liq bunday postlarni yuzlab uchratish mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Energetika vazirligi elektr va gaz ta’minotidagi muammolarni to‘g‘ri tushunishga chaqirgandi.

 

Manba: https://daryo.uz/2022/11/

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

t.me/uzmetaxborotxizmati

>