Mamlakatimizda davlat organlarining aholi bilan muloqotini takomillashtirish, fuqarolar huquq va erkinliklarining ishonchli himoyasini ta’minlash hamda ularning muammolarini hal etishning zamonaviy mexanizmlarini joriy qilish borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, Prezidentimizning 2020-yil 17-iyundagi “Nizolarni muqobil hal etishning mexanizmlarini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4754-son qarori qabul qilingan.
Jismoniy va yuridik shaxslarning davlat organlari yoki mansabdor shaxslarning g‘ayriqonuniy xatti-harakatlari (qarorlari) yoxud harakatsizligi natijasida o‘z huquqlari va erkinliklari hamda qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlari buzilganligi haqidagi murojaatlari Apellatsiya kengashi tomonidan ko‘rib chiqiladi.
Energetika vazirligi tomonidan mazkur qaror ijrosini ta’minlash va ushbu yo‘nalishda tizimli ishlarni amalga oshirish maqsadida, jismoniy va yuridik shaxslar bilan nizolarni sudgacha hal qilish bo‘yicha apellatsiya kengashi tashkil etildi. Kengash 11 nafar a’zodan tarkib topdi.
Shuningdek, vazirlik tasarrufidagi “O‘zneftgazinspeksiya”, “O‘zenergoinspeksiya” va “O‘zatom” agentligida ham o‘zlarining ichki apellatsiya kengashi tashkil etildi.
Ma’lumot uchun:
- Qarorga ko‘ra, apellatsiya kengashining tarkibi tegishli davlat organi rahbarining qarori bilan 2,5 yil muddatga tasdiqlanadi;
- apellatsiya kengashi 7 nafardan 11 nafargacha a’zolardan iborat tarkibda tuzilishi mumkin;
- apellatsiya kengashi unda ko‘rib chiqilayotgan masalalar yuzasidan tavsiyaviy tusga ega bo‘lgan xulosa qabul qiladi;
- apellatsiya kengashi tomonidan qabul qilingan xulosa 3 kun muddatda davlat organi rahbariga ko‘rib chiqish uchun, boshqa manfaatdor taraflarga ma’lumot uchun yuboriladi;
- apellatsiya kengashining xulosasini qabul qilib olgan davlat organi rahbari yoki uning o‘rinbosari uni inobatga olishi yoki yozma asoslantirilgan tarzda rad etishi mumkin.
Bunda, davlat organi rahbari yoki uning o‘rinbosari qabul qilingan qaror to‘g‘risida 3 kun muddatda apellatsiya kengashi va taraflarni yozma yoki elektron tarzda xabardor qiladi.
O‘zbekiston Respublikasi
Energetika vazirligi Matbuot xizmati
Manba: https://t.me/minenergy_uz/6223
«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati