OAV va jamoatchilik bilan ishlash
rost24.uz — «Bugungi resurslarni kelajak avloddan qarzga olayapmiz!»
  • 28.10.2022
  • 216

Energiya muammosi nafaqat O‘zbekiston balki mintaqa aholisi uchun ham dolzarb. Zamonaviy quruvchilikda bu muammoga energiya tejamkorlik orqali yechim topilgan, lekin u hali O‘zbekistonda keng qo‘llanilganicha yo‘q.  Qurilish vazirligi hamda BMTning Taraqqiyot dasturi bilan hamkorlikda 2017-yilda 800 ta bir qavatli, 2020–2022-yillarda esa 22 ta ko‘p qavatli energiya tejamkor uylar qurilib egalariga topshirilgan. Bu haqida Bo‘stonliq tumanida, «O‘zbekistonda energiya samarador qishloq turar-joy binolari qurilishini rivojlantirishga ko‘maklashish» loyihasi doirasida OAV xodimlari uchun o‘tkazilgan seminar-trening davomida ma'lumot berildi.

Ushbu loyiha Energiya audit tekshiruvlaridan o‘tkazilgan va energotejamkorlik darajasi belgilangan. Uylar qurilish narxi hozirgi kunda fuqarolar tomonidan qurilayotgan uylar bilan deyarli teng, chunki issiqlik izolyasiyasi mahsulotlari va qayta tiklanuvchi energiya manbalari uskunalari davlat va BMTning Taraqqiyot dasturi tomonidan beg‘araz moliyalashtiriladi.

BMTning «O‘zbekistonda energiya samarador qishloq turar-joy binolari qurilishini rivojlantirishga ko‘maklashish» loyihasi rahbari Sherzod Kattaxo‘jayev tadbir davomida ayrim savollarimizga javob berdi:

— Biz O‘zbekistonni tabiiy resurslarga boy mamlakat deb bilamiz, lekin avvalroq, «ayni vaqtda biz tabiiy boyliklarimizni kelajak avloddan qarzga olib ishlatishni boshladik», deb aytdingiz. Ahvol shu darajaga kelib bo‘lganmi?

— Bilamizmi, tabiiy boyliklarimiz chegaralangan. Qazib olingan joy o‘rnida qayta paydo bo‘lishi uchun million yillar ketadi. Hozir ularni juda tez ishlatib tashlayapmiz. yer boyliklarini qazib olish — 70-50 yillar oldin boshlangan bo‘lsa, katta qismi sarflanib bo‘lindi. Qolgani bizdan kelajak avlodga meros bo‘lishi kerak.

Tejab ishlatmasak, shu zaylda ketaversak, barmoq bilan sanoqli yilga ham yetmasa kerak.

O‘zbekistonda 85% energiya tabiiy gazdan ishlab chiqariladi. Hyech bo‘lmaganda, teng yarmini boshqa resurslar (quyosh, shamol, gidroenergiya (suv) kabilar)dan olsak, biroz bo‘lsa ham kelajak avlodga qoldiramiz. Ayni damda biz ehtiyojlarimizni kelajak avloddan qarzga olayapmiz!»

Aslini olib qaraydigan bo‘lsak, gaz bo‘lmasa, transport tizimi, ishlab chiqarish, sanoat, deyarli barchasi to‘xtashi bor gap. Ya'ni ko‘p narsa gazga bog‘liq ekanligini, u esa tobora tugab borayotganini tushunishimiz lozim.

— Uyni izolyasiya qilish haqida gapirilayapti. U yetarlicha natija bera oladimi?

— Uyni izolyasiya qilish orqali elektr va issiqlik energiyalari isrof bo‘lishining oldin olish mumkin. Ya'ni, yashayotgan uyingiz izolyasiya qilinmagan bo‘lsa, issiqlik tashqariga chiqib ketaveradi.

Buni bir hudud kesimida — Angren shahri misolida oladigan bo‘lsak, u yerda markazlashgan issiqlik tizimi yo‘q. Bori eskirib bo‘lgan. Shuning hisobiga aholi uyini isitish uchun ko‘p hollarda issiqlik pechini (gaz hisobiga) yoqib qo‘yadi. To‘g‘ri, xona isiydi. Lekin, devorda tejash bo‘lmagandan keyin, issiqlik ko‘chaga chiqib ketadi va ko‘chani isitadi.

Ko‘chaga chiqib ketgan havo esa toza havoni zaharlaydi va oqqon kasalligini keltirib chiqaradi.

Agarda, hudud aholisi xona devorlarini izolyasiya qilganlarida edi, avvalo sog‘liq, keyin esa ortiqcha sarf masalasining oldini olgan bo‘lishar edi», - deydi loyiha rahbari Sherzod Kattaxo‘jayev.

«Oldingdan oqqan suvning qadri yo‘q», — deya fikrini davom ettiradi u.

— Davlatimiz elektr energiyasini aholiga arzon narxda beryapti, lekin arzon narsaning qadri bo‘lmaydi. «Ketsa yuz ming ketar», deyishadida, ishlataverishadi.

Narxlar oshirilsa, odamlar «nimaga narxini oshiryapsan», deyishadi. Narx oshirilmasa, sarfi ko‘payib ketadi.

yevropa davlatlariga qarasak, gazi yetishmaydi. Narxi ham bizdan o‘n baravar qimmat. Bizda 1000 kub gaz narxi - 30 dollar, chetga $150 dollardan sotsak, yevropada 2000 dollardan olishyapti. U yerda isrofgarchilik bormikin?» deydi u.

— Uyga 1kVt/soatlik stansiya o‘rnatilsa, deylik. Shunda uyda qaysi jihozlar ishlaydi?

— Agar, bir xonadon 1 kVt/soatlik stansiya o‘rnatmoqchi bo‘lsa, 11 mln so‘mdan boshlanadi. Bir yilga bo‘lib to‘lasa, yana ham qulay tushadi. Oyiga 100 ming so‘m elektr uchun sarflaydigan bo‘lsak, yilga 1 mln 200 ming so‘m o‘zingizga qoladi. 1 kVt/ soat energiyaga uyingizda: televizor, 6 ta (oq) lampochka, muzlatkich va kichik energiya sarflovchi narsalarni ishlatsa bo‘ladi», — deydi BMTning «O‘zbekistonda energiya samarador qishloq turar-joy binolari qurilishini rivojlantirishga ko‘maklashish» loyihasi rahbari.

Trening ishtirokchilarini loyiha bilan batafsil tanishtirish maqsadida Nurafshon shahri hududida joylashgan narxi 150 ming dollar bo‘lgan energiya tejamkor, deyarli barcha energiyani quyoshdan oladigan uy ham ko‘rsatildi.

Uyning tom qismiga 375 V.lik 36 ta quyosh paneli o‘rnatilgan bo‘lib, ortiqcha elektr energiyasini sotish ham mumkin.

Mutaxassisning aytishicha, ushbu uy bir kunda 10 kVt/soat elektr energiyasini sotsa, bir oyda 750 ming so‘m pul ishlay oladi.

Bilamiz, ko‘pchilik oilalar oylik daromadlarining deyarli 50% qismini kommunal xizmatlarga sarflaydi. Ayni shu masalada treningda alohida to‘xtalib o‘tildi va mutaxassislar tomonidan 8 ta foydali tavsiya berildi.

Agar, quyidagi tavsiyalarga amal qilsangiz, o‘z xarajatlaringizni kamaytirasiz va atmosferaga tarqaladigan zararli gazlarni qisqartirishga hissa qo‘shasiz:

1. Maishiy texnika jihozlari kutish rejimida oyiga o‘rtacha 7,3 kVt/soat elektr energiyasini sarflaydi. Ularni tarmoqdan uzib qo‘yishni unutmang!

2. Havo sovutgichdan foydalanganda, xona eshigi ochiq bo‘lgan har bir daqiqa uchun energiya sarfi 2 barobarga ortadi. Eshiklarni yopishni unutmang!

3. Isitish radiatori orqasidagi devorga issiqlikni qaytaruvchi ekranning (yoki alyuminiy folganing) o‘rnatilishi, qishda ichki xona haroratini 1-2^C darajagacha oshishiga imkon yaratadi.

4. Kir yuvish mashinasidan foydalanganda +60^C dan pastroq haroratda kir yuvishga harakat qiling. Bu holda siz energiya sarfini 30-40% qisqartirishingiz mumkin.

5. «A», «A+”, «A++” kategoriyadagi maishiy texnika va elektr jihozlari rostdan ham energiyani tejashga yordam beradi. «A++” kategoriyasi “C” kategoriyasiga nisbatan 50%gacha tejamkor.

6. Muzlatgichni gaz plitasi yoki isitish radiatori yoniga o‘rnatmang. Bu muzlatgichning elektr energiyasi iste'molini 20-30% oshiradi.

7. Ovqat pishirish uchun sarflanadigan 1 kub metr gaz 2-3 kVt/soat elektr energiyasiga teng.

8. Bitta lampochka misolida: bir dona energiya tejamkor lampa bir yilda 80 ming so‘m iqtisod qiladi.

 

Маnbа: https://rost24.uz/uz/news/1211

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

t.me/uzmetaxborotxizmati

>