OAV va jamoatchilik bilan ishlash
OAV: «Murojaatlar joyida o‘rganilyaptimi? Yoki nakurtliklar masalasini o‘rganish zarurati xususida»
  • 13.10.2022
  • 333

Payariq tumanida kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari bilan qiziqdik. O‘rganishlarimiz davomida amalga oshirilgan ayrim ishlar bilan birga yechimini kutayotgan muammolar ham talay ekanligiga guvoh bo‘ldik.

Gaz bor, uni yetkazib berishimiz kerak!

Bugungi kunda tumandagi aholi punktlarining katta qismi – 35 mahalla tabiiy gaz bilan ta’minlangan. Shuningdek, 29 mahallaga suyultirilgan gaz ballonlari yetkazib beriladi.

Mavsumga tayyorgarlik jarayonida 15 mingdan ortiq tabiiy gaz iste’molchilarini uzluksiz tabiiy gaz bilan ta’minlash maqsadida 4 ta taqsimlash stansiyasi hamda yuqori bosimli 97 ta, o‘rta bosimli 554 ta gaz taqsimlash qurilmasi ta’mirlandi, - deydi “Payariqtumangaz” gaz ta’minoti bo‘limi boshlig‘i Isomidin Qodirov. - O‘tgan yil kuz-qish mavsumida bosim pastligi sababli bir qator aholi punktlari hamda ijtimoiy soha ob’yektlarini tabiiy gaz bilan bir maromda ta’minlashning iloji bo‘lmadi. Oqibatda ko‘plab murojaaatlar bo‘ldi.

Shu kungacha tashkilotimizga kelib tushgan 867 ta murojaatning 600 dan ziyodi joyida o‘rganilib, ijobiy hal etildi. Misol uchun, Chelak shaharchasidagi aholi xonadonlarining gaz ta’minotini yaxshilash maqsadida 1,1 kilometr masofadagi tabiiy gaz quvuri rekonstruksiya qilindi. Boshqo‘rg‘on mahallasiga tortilgan yuqori bosimli gaz quvurining 3 kilometr qismi yer ustiga chiqarildi.

Ammo barcha masalalarni ham bir yo‘la hal qilishning imkoni yo‘q. Shu bois, 260 nafar murojaatchiga vaziyat tushuntirildi yoki rad etildi.

Joriy yilda ko‘rilgan choralar tabiiy gaz ta’minotida ijobiy o‘zgarishlarga xizmat qilishini qayd etgan mutasaddi suyultirilgan gaz ballonlari tarqatish borasidagi ishlar haqida ham aytib o‘tdi. Ta’kidlanishicha, bugungi kungacha murojaatlar asosida aholiga 450 ta qo‘shimcha maishiy gaz ballonlari tarqatildi. Birgina Nakurt mahallasi aholisiga 313 ta gaz ballon yetkazib berildi.

Umuman, o‘tgan yili tuman aholisiga 2538 tonna, joriy yilning o‘tgan davrining o‘zida 5501,4 tonna suyultirilgan gaz yetkazib berilgan. Bundan tashqari, shu vaqtgacha tabiiy gazdan foydalanmagan 1343 ta xonadonga gaz ballonlari berildi.

Mutasaddilar bugungi kunda 8 ta maxsus mashina yordamida eng chekka hududlardagi qishloqlar aholisiga ham rejaga asosan 40-45 kun oralig‘ida  suyultirilgan gaz yetkazib berilayotganini ta’kidlashdi. Biroq fuqarolar vaziyat biroz boshqacha ekanligini ma’lum qilishdi.

- Bir oy ilgari hududimizdagi xonadonlarga 200 ta maishiy gaz ballonlari yetishmasligi haqida tuman hokimligi va tuman gaz ta’minot korxonasiga murojaat qilgandik, - deydi Ko‘lto‘sin mahallasi raisi Qahramon Qarshiboyev. - O‘rganib chiqib, ijobiy hal qilishlarini bildirishgan edi. Lekin kuz kelib, qish yaqinlashayotgan ayni damlarda ham masala bo‘yicha ijobiy javob olganimiz yo‘q. Gaz balloni zarur xonadonlarning 20 tasi o‘ta muhtoj oilalar ekanligini hisobga olib, viloyat mutasaddilariga murojaat qilsakmi, degan fikrga kelyapmiz.

- Ba’zi paytlarda gaz ballonlarning kelishi 50 kundan ham oshib ketyapti,  - deydi Mirzoovul qishlog‘ida yashovchi Xumoyun Qanoatov. - Uyimizda bitta gaz balloni bor. Undagi gaz bir oyga ham yetmayapti.

Mutasaddilar gaz mahsulotlari yetkazib berilmayotganini mahalladagi ayrim xonadonlarning uy-joy kadastr hujjatlari yo‘qligi bilan izohlamoqda.

 

Ko‘mir muammo emas, faqat...

Payariq tumani aholisiga ko‘mir mahsulotlari Samarqand shahridagi markaziy omborxonadan tarqatilayotgan ekan. Bir tonna ko‘mirning narxi 300 ming so‘mni tashkil etadi.

- O‘tgan yildan boshlab gazlashtirilmagan hududlarda yashovchi aholi uchun ko‘mir yetkazib berish tizimi tubdan o‘zgargan edi, - deydi “Ko‘mir ta’minot” MChJ viloyat filiali direktori Sayfiddin Jumanov. - Joriy yilda viloyat aholisini 128 ming tonna ko‘mir mahsulotlari bilan ta’minlashni rejalashtirganmiz. Shundan payariqliklar uchun 7 ming tonna mahalliy, 600 tonna import ko‘mir yetkazib berish ko‘zda tutilgan. Ayni vaqtda tumandagi barcha ijtimoiy soha ob’yektlariga ko‘mir mahsulotlari yetkazib berildi. 

Aholi esa o‘zlari ko‘mir saqlash omborxona va shoxobchalariga kelib, xarid qilishlari kerak. Ma’lumot o‘rnida aytish mumkinki, ayni paytda viloyat bo‘yicha 12 ta ombor va shoxobcha faoliyat ko‘rsatmoqda. Agar talab bo‘lsa, chekka hududlarda ham ko‘mir sotish shoxobchalari tashkil etish mumkin.

 

Elektr ta’minoti uzluksiz bo‘ladi(mi?)

Tuman elektr tarmoqlari korxonasi xodimlari ham mavsumga tayyorgarlik ko‘rish jarayonida hududdagi o‘tgan asrda o‘rnatilgan yog‘och ustunlar va kam quvvatli transformatorlarni yangilariga almashtirish choralarini ko‘rmoqda.    

Xususan, Mustaqillik, Oqtosh, Boshqo‘rg‘on, Xosa, Farovon, Dehqonobod mahallalarida 1000 ga yaqin temir-beton ustun, 15 ta qo‘shimcha transformator o‘rnatilgan. Yaqinda Nakurt, G‘allakor va Ko‘lto‘sin mahallalariga mahalliy byudjet hisobidan 11 ta transformator punktlari olib kelindi.

- Xonadonlar ko‘payib, iste’mol ortgani sababli qishlog‘imizdagi transformator kuchlanishga dosh berolmayapti, - deydi Oqtosh mahallasida yashovchi To‘raxon Sayfiyev. - Tuman xalq qabulxonasiga, sektor rahbarining sayyor qabuliga borib, murojaatlarimiz javobsiz qoldi. Shu bois avgust oyida viloyat hokimining sayyor qabuliga bordik. Natijada masalamiz ijobiy hal bo‘ldi, yangi transformator o‘rnatilib, elektr tarmoqlaridagi muammo bartaraf etildi.

Mahalla markazidan 10 kilometr uzoqda joylashgan Qizil olma, 7 kilometr olisdagi Qurilish, 4 kilometr uzoqlikda joylashgan Ulfatin va shu atrofdagi boshqa qishloqlardagi simyog‘ochlar allaqachon o‘z muddatini o‘tab bo‘lgan. Transformatorlar ma’nan eskirgan.

- Ikki yil ilgari viloyat hokimiga murojaat qilganimizdan so‘ng 18 kilometr yo‘limiz asfalt qilinib, qishloqlar orasiga avtobus qo‘yilgan edi, - deydi faxriy o‘qituvchi Nurmat Rustamov. – Yaqinda yana bir kilometr yo‘l ta’mirlandi. Ayni paytda yuqori bosimli elektr tarmog‘i uchun 175 ta beton ustun o‘rnatilib, 6 ta transformator yangilandi. Biroq tog‘ tepasidagi 4 ta qishlog‘imizga hali o‘zgarishlar yetib kelgani yo‘q. 1968-yilda o‘rnatilgan simyog‘ochlar yaroqsiz holga kelib qolgan. Ularni almashtirish uchun 100 ta temir-beton ustun kerak.

Qayd etilganidek, tumanda elektr ta’minoti borasida aholini o‘ylantirayotgan bir qator muammolar bor. To‘g‘ri, ularning ayrimlari viloyat hokimiga murojaat natijasida hal etilgan. Biroq tuman mutasaddilari mavjud vaziyatni tahlil qilishlari, joylardagi hal etilishi lozim bo‘lgan masalalar yuzasidan zarur choralarni belgilab olishlari kerak. Afsuski, bu savolga mutasaddilar yer “chizish” bilan javob bergan bo‘lishdi. Balki bu haqda viloyat elektr tarmoqlari mas’ullari jo‘yaliroq javob berishar?

 

Ohidan ko‘k larzaga keladi

Tumandagi Nakurt mahallasi markazida joylashgan 37-umumta’lim maktabida 285 nafar o‘quvchi tahsil oladi. Sinf xonalari yetishmasligi sababli darslar ikki smenada olib borilyapti. Ta’lim muassasasida ikki yildan buyon ichimlik suvi artezan qudug‘i ishlamaydi. 2008-yilda o‘rnatilgan isitish batareyalarining 50 tasi ishdan chiqqan.

- Yillarki, bu muammolar bo‘yicha bir necha bor tuman xalq ta’limi, moliya bo‘limlari va hokimlikka murojaat qildik, - deydi maktab direktori Husan Xudoyorov. – Afsuski, foydasi bo‘lmadi. So‘ngra o‘quvchilarning ota-onalari, qishlog‘imiz oqsoqollari viloyat hokimining sayyor qabuliga bordi. Natijada 5 ta pechning 4 tasi yangilab berildi, biroq batareyalar yana eskiligicha qolyapti. Hademay boshlanadigan izg‘irinli kunlarda sinfxonalarni qo‘lbola pechlar yordamida isitishga to‘g‘ri keladi.

Darhaqiqat, maktabda ichimlik suvi bilan ta’minlash muammoga aylangan. Bir vaqtlar umumiy artezian qudug‘ining suvidan foydalanib kelishgan ekan. Endi hisoblagich o‘rnatilgach, ayrim fuqarolar o‘zboshimchalik bilan suv bermay qo‘yishibdi. Keyinchalik muassasadan 350 metr uzoqlikda yana bir artezian qudug‘idan foydalanib kelishgan. Biroq ikki yil ilgari yer ostidan kelgan suv quvurlari yorilib maktabga suv chiqmay qolgan ekan.

Hikmat Shakarov rahbarlik qilayotgan qo‘shni 38-umumta’lim maktabida ham ichimlik suvi muammosi o‘z yechimini kutmoqda. O‘quvchilar hovli o‘rtasida o‘rnatilgan 200 litrlik bochkadagi suvdan ichish va qo‘l yuvishda foydalanishadi. Shuningdek, maktabda sport va faollar zali yo‘q, sinfxonalar yetishmaydi. Ushbu muassasada ham isitish pechlari va batareyalari ishdan chiqqan.

- Tuman markazidan qariyb 45 kilometr uzoqda joylagan mahallamizda yetti mingga yaqin aholi istiqomat qiladi, - deydi Nakurt mahallasi raisi Bo‘ron Xushmatov. - Ichimlik suvi muammo, maishiy gaz ballonlari yetishmaydi, elektr energiyasi hozir bor, biroq sovuq kunlari boshlanishi bilan tez-tez uzilishlar kuzatiladi. Hududimizda ko‘mir sotish shoxobchasi yo‘q. Tuman markazi yoki Samarqand shahridan olib kelish xarajatlari ko‘mirning narxidan ko‘proq summani tashkil qiladi.

Payariqning olis hududlarida o‘zgarishlar bor, biroq muammolar ham kam emas. Tuman mutasaddilari bu qishloqlarga borib, odamlarni eshitsa, muammolarga yechim topilsa, ertaga qorli-qirovli kunlarda aholining turli idoralarga murojaatlari kamaygan bo‘larmidi...

Dilmurod To‘xtayev.

Маnba: https://zarnews.uz/uz/post/murojaatlar-joyida-organilyaptimi-yoki-nakurtliklar-masalasini-organish-zarurati-xususida

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

t.me/uzmetaxborotxizmati

>