Yangiliklar
«O‘zbekiston MET» AJ: “Nurafshon” sihatgohi 25 yoshda!
  • 23.09.2022
  • 346

Avval xabar berganimizdek, Aksiyadorlik jamiyati tasarrufidagi “Nurafshon” sanatoriysining faoliyat boshlaganiga roppa-rosa 25-yil to‘ldi. Shu munosabat bilan joriy yil 23-sentyabr kuni «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisining ma'naviy-ma'rifiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi Orif To‘xtashev hamda Birlashgan Kasaba uyushmalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Ne'mat Abdullaev Farg‘ona viloyatining so‘lim Chimyon qishlog‘ida joylashgan sanatoriyga tashrif buyurib, unda faoliyat olib borayotgan ko‘p sonli shifokorlar hamda dam oluvchilarga rahbariyatning qutlovlari, shuningdek, sovg‘a-salomlarini yetkazishdi.

Tadbirlar mazkur dargohda uzoq yillar ishlagan nuroniy xodimlar, Chimyon mahallasi oqsoqollarining duo-yu fotihalari bilan boshlandi. Toshkentdan tashrif buyurgan mehmonlar bilan uchrashuv tashkil qilindi va unda ma'naviy-ma'rifiy masalalarga oid davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Tadbirning badiiy qismida ham maslahatchi, ham shoir Orif To‘xtash tomonidan vatanparvarlik mavzularida she'rlar tinglandi.

Bundan tashqari, mazkur sanatoriy ishchi-xodimlari o‘rtasida sport o‘yinlari tashkil qilinib, g‘oliblikni qo‘lga kiritganlarga ham sovrinlar ulashildi. Kabasa uyushmalari qo‘mitasi tomonidan tayyorlangan faxriy yorliq va rag‘batlantiriluvchi mukofot pullari "Nurafshon" sihatgohi faoliyatida alohida namuna ko‘rsatgan xodimlarga topshirildi.

Kechga yaqin barcha xodimlar hamda dam oluvchilarning maroqli hordiq chiqarishlarini ta'minlash maqsadida badiiy-musiqiy kecha tashkil qilindi.

Fursatdan foydalanib, qariyb chorak asr ish faoliyatiga ega sihatgoh jamoasini yubiley sana bilan qutlaymiz! Yurtimiz energetiklari, qolaversa, xalqimiz salomatligi uchun xizmat qilayotgan “Nurafshon” sanatoriysi xodimlari sog‘-omon bo‘lishsin!

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

 http://t.me/uzmetaxborotxizmati

>