Yangiliklar
Energetika vazirligi: Yanvar-iyul oylarida ishlab chiqarilgan elektr energiyasi hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 5,3 foizga ko‘pni tashkil etdi
  • 26.08.2022
  • 417

2022-yil 23-avgust kuni “bakiroo” telegram kanalida rasmiy statistika maʼlumotlariga tayangan holda yanvar-iyul oylarida elektr energiyasini ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari qisqarganligi maʼlum qilindi. Unda Davlat statistika qo‘mitasidan olingan maʼlumotda 2022-yil yanvar-iyul oylarida 40 mlrd 43 mln kVt.soat elektr energiyasi ishlab chiqarilib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 297 mln kVt.soat kam ekanligi qayd etilgan.

Aniq hisobotlarga tayanib maʼlum qilamizki, joriy yilning yanvar-iyul oylarida respublika bo‘yicha 43 mlrd 250 mln kVt.soat yoki o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 2 mlrd 177 mln kVt.soat ko‘p (o‘sish surʼati 105,3%) elektr energiyasi ishlab chiqarilgan.

➖ Issiqlik elektr stansiyalari va markazlarida 38 mlrd 551 mln kVt.soat (o‘tgan yilga nisbatan 1 mlrd 18 mln kVt.soat ko‘p, o‘sish surʼati 102,7%) elektr energiyasi ishlab chiqarilgan. Shu jumladan “Issiqlik elektr stansiyalari” AJda 33 mlrd 77 mln kVt.soat, Angren IES va Yangi-Angren IES tomonidan 3 mlrd  345 mln kVt.soat. DXSH asosidagi yangi IESlarda 2 mlrd 128 mln kVt.soat.

➖ DXSH asosidagi quyosh fotoelektr stansiyalar tomonidan 219 mln kVt.soat.

➖ Gidroelektr stansiyalarda tomonidan esa 4 mlrd 84 mln kVt. soat (898 mln kVt.soat ko‘p, 128%).

Elektr stansiyalarida amalda ishlab chiqarilgan hamda Davlat statistika qo‘mitasi maʼlumoti asosida “bakiroo” telegram kanalida berilgan elektr energiyasi miqdorlari orasida yuzaga kelgan farq quyidagi sabablar bilan izohlanadi:

Birinchidan, Davlat statistika qo‘mitasi maʼlumotida kichik korxonalar toifasiga kiritilgan elektr energiyasi ishlab chiqaruvchilar inobatga olinmagan. Xususan, DXSH asosida Turkiya kompaniyalari bilan hamkorlikda Buxoro, Toshkent va Xorazm viloyatlaridagi ishga tushirilgan 5 ta yangi issiqlik elektr stansiyalari, shuningdek Navoiy va Samarqand viloyatlarida ishga tushirilgan 2 ta quyosh fotoelektr stansiyalari hamda Ohangaron, Hisorak, Qamchiq gidroelektr stansiyalarida ishlab chiqarilgan elektr energiyasi hisobga olinmagan. Ushbu stansiyalar tomonidan joriy yilning yanvar-iyul oylarida ishlab chiqarilgan elektr energiyasi 2 mlrd 515 mln kVt.soatni tashkil etgan.

Ikkinchidan, Toshkent viloyatining Qibray tumanida “Aksa Enerji”, kompaniyasi tomonidan  ishga tushirilgan  IES orqali ishlab chiqarilgan 1 mlrd 78 mln kVt.soat elektr energiyasini ishlab chiqarish sifatida emas, balki elektr energiyasini sotish sifatida kiritgan;

Uchinchidan, baʼzi elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi korxonalar tomonidan har oy yakunida Davlat statistika qo‘mitasiga “tarmoqqa berilgan” elektr energiyasi bo‘yicha raqamlar beriladi. Shu bilan birga, ular tomonidan “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJga “umumiy ishlab chiqarish” bo‘yicha raqamlar taqdim etiladi. Shu va boshqa sabablarga ko‘ra raqamlar orasida yana 802 mln kVt.soat farq yuzaga kelgan va bu ko‘rsatkich statistika maʼlumotlarida aks etmagan.

Energetika vazirligi ommaviy axborot vositalari va boshqa ijtimoiy tarmoqlar bilan sohaga oid davriy maʼlumotlarni aholiga yetkazishda doimiy hamkorlik qilishga tayyorligini bildiradi.

O‘zbekiston Respublikasi
Energetika vazirligi Matbuot xizmati

https://minenergy.uz/uz/news/view/2118

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

http://t.me/uzmetaxborotxizmati

>