Bugun O‘zbekistonda 130 dan ortiq millat va elat vakillari bir oila bo‘lib yashaydi. O‘zbekistonni umumiy uyimiz, deydi. Biz qaysi millat yoki elat vakili bo‘lmaylik, mamlakatimizdagi tinchlik-osoyishtalikdan quvonib, kun sayin taraqqiy topayotgan Vatanimizdan faxrlanib yashaymiz. Tinch-osuda o‘tgan har bir kunimizga shukronalar aytamiz.
Bu oliy ne’matga ko‘z olaytiruvchilar qimirlab qolganligini qo‘shni mamlakatlar misolida ko‘rib, har safar vujudimizni bunday g‘alamislarga nisbatan nafrat egallardi. Nukusda bo‘lgan notinchliklar minglab yillardan buyon tarixi bir, ildizi bir, o‘zagi bir, turmushi bir, tili-yu dili va dini bir bo‘lgan yurtdosh do‘stlarimizning ishi emasligi oydek ravshan.
Vaziyatni o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rish uchun bir guruh mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari va blogerlar 6 iyul kuni Nukus shahriga bordik. Ommaviy tartibsizliklar bo‘lgan maydonlarni ko‘zdan kechirdik.
Eng muhimi, Qoraqalpog‘istonda tinchlik va osoyishtalik hukm surmoqda. Ko‘chalarda odatiy hayot tiklangan, maktab va bog‘chalar, ijtimoiy ob’ektlar ishlab turibdi. Bozorlarda odamlar gavjum.
Mard va donishmand qoraqalpoq qadrdonlarimiz vaziyatni to‘g‘ri tushungan holda, provokatsiyalarga uchmasdan, ommani to‘g‘ri yo‘ldan toydirishga urinayotgan ayrim g‘araz niyatli shaxslarning gapiga kirmay, o‘z vaqtida tartibsizliklarni to‘xtatishgan.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi komendaturasi vakili Zafar Alimov o‘sha kungi voqealar hamda hozirgi holat haqida batafsil ma’lumot berdi:
– 2022 yilning 1 iyul kuni soat 14:00 da Tajimuratov Dauletmurat Mirzamuratovich Nukus shahri “Qum ovul” MFYda joylashgan “Salmen ota” masjidi yonida juma namozini o‘qib chiqayotgan fuqarolarga murojaat qilib, 5 iyul kuni soat 17:00 da mitingga chiqishga chaqiradi. Uning chaqirig‘i yozilgan videolavhalar tarafdorlari tomonidan internet tarmog‘iga joylashtirilib, tarqatiladi. Huquqni muhofaza qiluvchi organ ma’sul xodimlari tomonidan Tajimuratov Dauletmurat aholini mitingga chaqirishdan ko‘zlangan maqsadi nima ekanligini aniqlash va miting o‘tkazish tartibini tushuntirish hamda profilaktik suhbat o‘tkazish maqsadida Nukus shahar IIO FMBga olib kelinadi.
Shundan so‘ng, 20-25 nafar fuqaro “D.Tajimuratov hibsga olindi” deb, Qoraqalpog‘iston Respublikasi IIV 2-son Tergov hibsxonasi oldiga yig‘ilishadi va Nukus shahri “Mir” ko‘chasi bo‘ylab T.Qayipbergenov ko‘chasi orqali “Markaziy dehqon bozori” tomonga qarab norozilik yurishini amalga oshirishadi.
Yo‘l-yo‘lakay ular boshqa fuqarolarni ham o‘zlari bilan birga yurishga chaqiradi. Namoyishchilar soni ortib, qisqa vaqt ichida 10 mingga yetadi.
Shu fursatda fuqarolarni tinchlantirish uchun tegishli choralar ko‘rilib, voqea joyiga Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi M.Kamalov, ichki ishlar vaziri A.Orinbayev va boshqa rahbarlar yetib boradi. Ular bilan uchrashib, talablarini eshitadi.
Jo‘qorg‘i Kenges raisi M.Kamalovga fuqarolar D.Tajimuratovni shu yerga olib kelish talabini qo‘yishgandan so‘ng, u yerga D.Tajimuratov olib kelinadi. Namoyishchilar olomondan foydalanib, Jo‘qorg‘i Kenges raisi M.Kamalovning xizmat avtomashinasining tom qismiga D.Tajimuratovni chiqarib, unga to‘n kiydirib, yangi rahbar deb e’lon qilmoqchi bo‘ladilar.
Yig‘ilganlar bilan muzokaralar olib borilishiga qaramasdan, ular amaldagi davlat tuzumini Konstitutsiyaga xilof tarzda o‘zgartirish, hokimiyatni bosib olish, qonuniy tayinlangan hokimiyat vakilini chetlatish maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi binosi tomon qarab harakatlanadilar. Ular harakat davomida o‘zlari bilan turli yog‘och tayoq, tosh, temir jismlarni ko‘tarishib, harbiy xizmatchilarga faol qarshilik ko‘rsatishadi. Shuningdek, tartibbuzarlar harbiy xizmatchilarning qonuniy talablariga bo‘ysunmasdan, ulardan maxsus vositalarini tortib olishga urinishadi.
Olomonni Jo‘qorg‘i Kenges binosi atrofida ommaviy tartibsizliklari ularga tushuntirish ishlari olib borilishi, XMQOlarning kuch vositalari taqsimlab qo‘yilishi, maxsus vositalarning o‘z vaqtida to‘g‘ri qo‘llanilishi natijasida bartaraf etilishiga erishiladi.
2022 yilning 2 iyul kuni esa soat 08:00 larda Tajimuratov Dauletmuratning yashash xonadoni oldida 70 nafar mahalla aholisi to‘planadi. Tezkor ko‘rilgan choralar natijasida ular soat 08:40 da tarqatib yuboriladi.
Biroq Qoraqalpog‘iston Respublikasining ba’zi tumanlarida ham fuqarolar to‘planib, Nukus shahri tomon harakatlanadilar.
Namoyishchilarning bir qismi ularga tushuntirish berilganidan so‘ng tarqaladi. Lekin qolgan jinoiy unsurlar tomonidan da’vat qilinganlari Nukus shahri tomon harakatlanadilar. Olomon o‘z talablarini tinchlik yo‘li bilan rahbariyatga yetkazmasdan, tartibbuzarliklar keltirib chiqara boshlaydi.
Misol tariqasida keltirib o‘tadigan bo‘lsak, shu kuni soat 13:40 larda Shumanay – Qonliko‘l tumanlari kesishmasida joylashgan “Sarioltin” MFYdan o‘tuvchi avtomagistral trassada taxminan 50 nafar fuqaro to‘planib, yo‘lni to‘sishadi;
Soat 14:45 larda Nukus tumanidagi Xalq banki binosi oldida to‘plangan 500 ga yaqin fuqaro Nukus shahridagi blok-postga xujum uyushtirib, xizmat olib borayotgan 8 nafar Milliy gvardiya harbiy xizmatchilariga tan jarohati yetkazib, ularning maxsus vositalarini (ratsiya, dubinka, kaska, shumovaya granata, it) egallab olishadi;
Soat 15:00 larda Nukus shahar "Imom eshon Muhammad" masjidi oldida taxminan 300 nafar fuqaro to‘planib, avtomashinalarning shinalarini yoqib yuborishadi;
Soat 15:05 larda Nukus shahar Oydin yo‘l ko‘chasi bo‘ylab taxminan 500 nafar fuqaro to‘planib, avtomashinalarning shinalarini yoqib, bekatlar oynalarini sindiradi va qo‘llarida shisha idishlardan yasalgan (kokteyl molotova) hamda tosh va amalda jarohat yetkazishi mumkin bo‘lgan vositalar bilan qurollanib, Ichki ishlar organi binosini egallash maqsadida Nukus shahar IIO FMB binosi tomon harakatlanishadi;
Soat 20:00 larda Kegeyli tumanidan Nukus shahriga kirish qismida joylashgan “Kuo‘anish Jarma” blok-postiga olomon tomonidan 20 taga yaqin og‘ir va yengil avtomashinada hujum qilinadi va blo- post yoqib yuboriladi;
Soat 21:15 larda Nukus shahar IIO FMB “Maxsus qabulxonasi”ga taxminan 200 nafar fuqaro tomonidan hujum qilinib, bino hududi atrofida avtomobil balloni yoqib yuboriladi.
Bundan tashqari, tartibbuzarlar Nukus shahri ko‘chalarida harakatlanayotgan fuqarolarga tegishli "MAN" va "KAMAZ" rusumli avtomashinalarni hech bir sababsiz yoqib yuboradi, XMQOga tegishli maxsus transport vositalariga turli darajada shikastlar yetkazadi.
Shundan so‘ng soat 22:35 larda mazkur holatlarga barham berish maqsadida yordamchi kuchlar zudlik bilan yetib keladi va «dыmovaya shashka» maxsus vositalari orqali to‘plangan fuqarolarning bir qismini tarqatishga erishiladi. Soat 04:30 larda esa namoyishchilarning qolgan qismi ham to‘liq tarqatib yuboriladi.
Namoyishchilar orasida agressiv harakat qilayotganlarining aksariyati spirtli ichimlik va giyohvand moddalar ta’siri ostida bo‘lgani va ular XMQO xodimlariga turli ko‘rinishda hujumlar qilganligi kuzatildi.
Tartibbuzarlarga nisbatan XMQO xodimlari tomonidan ularni tarqatib yuborish uchun maxsus qurollardan foydalanildi. Shu o‘rinda qo‘llanilgan “Tovush va yorug‘lik orqali ta’sir etuvchi, ko‘zni yoshlantiradigan, tutun hosil qiladigan granatali otilmalar” vositasi haqida to‘xtalib o‘tmoqchiman. Texnik xususiyatiga ko‘ra, ushbu vositalar olomonga qarata otilganda 50-400 metrgacha masofada yerga tushadi va qisqa vaqtda kichik detonatsiya sodir bo‘lib, ko‘zni yoshlantiruvchi tutun va eshitish organiga ta’sir qiluvchi tovush hamda yorug‘lik tarqatadi. Aksariyat holatlarda granata otilgandan keyin olomon orasiga borib tushganda odamlar u yerdan uzoqlashadi, lekin kecha sodir bo‘lgan voqealarda spirtli ichimlik va giyohvand moddalar ta’siri ostida bo‘lgan shaxslar granata borib tushgandan so‘ng undan uzoqlashmasdan, aksincha, uni olib harbiylarga qaytarib otishga harakat qilishgan holatlar kuzatildi. Bu esa o‘zining salbiy oqibatini keltirib chiqarib, portlash natijasida bitta holatda fuqaroning yuz qismiga jarohat yetkazdi. Yana bir holatda esa granataning ustiga yiqilganligi natijasida dumg‘aza qismida detonatsiya sodir bo‘lib, og‘ir tan jarohati oldi. Ushbu holatlar ijtimoiy tarmoqlarda ham keng tarqaldi va hozirda qanday qurol qo‘llanilganligi haqida noto‘g‘ri fikrlar ham paydo bo‘lib muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.
Tartibsizliklar natijasida 243 nafar fuqaro shifoxonalarga murojaat qilgan, ularning 149 nafariga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilib, muolajalarni uyida davom ettirishga ruxsat berilgan. Hozirda kasalxonalarda jami 94 nafar bemor davolanmoqda. Jarohatlanganlar orasida huquq-tartibot idoralari xodimlari ham bor.
14 nafar fuqaro tartibsizliklar sodir bo'lgan joyda turli jarohatlar olib, vafot etgan, ulardan 13 tasi alkogol va giyohvand ta’sirida bo‘lganligi aniqlangan.
Vafot etganlar orasida xizmat burchini bajargan 4 nafar harbiy xizmatchi ham bor.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti mazkur voqealar ro‘y bergan kunlari ikki marta Nukus shahriga tashrif buyurib, Qoraqalpog‘iton Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi a’zolari, faollar bilan uchrashib, barcha masalalarga oydinlik kiritdi. Nukus shahridagi mahallalarda bo‘lib, aholi bilan uchrashib, o‘zbek va qoraqalpoq xalqlari bir tanu bir jon ekanligini ta’kidladi. Qoraqalpoq xalqining tinchligi va osoyishtaligini ta’minlash maqsadida tashkil etilgan ushbu uchrashuvlar aholini tinchlantirdi va namoyishchilarning tarqalishiga sabab bo‘ldi.
Hozirda vakolatli davlat organlari tomonidan yuqorida qayd etilgan holatlar yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, tergov harakatlari davom etmoqda. Jinoyat ishlari natijalari bo‘yicha to‘liq ma’lumot tergov harakatlari to‘liq, xolisona, qonuniy o‘tkazilgandan keyin taqdim etiladi.
Hozirgi kunda Prezident farmonidan kelib chiqib Favqulodda holat rejimi joriy etilgan. Hududga kirish va chiqish, maxsus toifalangan ob’ektlar, yashash maromini ta’minlovchi tashkilotlar faoliyati tizimli yo‘lga qo‘yilib, nazoratga olingan. Nukus shahri va boshqa tumanlar tinch-osuda hayot tartibiga qaytmoqda, – dedi Zafar Alimov.
Internetda “Nukus ko‘chalari qonga to‘ldi” degan izoh bilan video tarqalgandi. Keyinchalik ushbu videoda qon emas, balki olomonni tarqatish uchun sepilgan qizil rangli maxsus suv ekanligi ma’lum qilingandi.
O‘zA ushbu vaziyatga yanada oydinlik kiritish maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi komendaturasidan izoh oldi.
Qoraqalpog‘iston bo‘yicha Milliy gvardiya boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari mayor A.Abduvaliyevning ma’lum qilishicha, haqiqatdan ommaviy tartibsizliklar bo‘lgan paytda odamlarni tarqatish maqsadida qizil bo‘yoq qo‘shilgan suv sepilgan. Bundan maqsad namoyishchilarni tezda tanib olish va ularni tinch aholidan ajratish bo‘lgan.
Mas’ulning ta’kidlashicha, ushbu bo‘yoq inson salomatligi uchun xavfsiz.
Qoraqalpog‘iton Respublikasi Jo‘qorig‘i Kengesi deputati Ahmad Reymov ta’kidlashicha, hozir hududda hamma narsa barqaror. Barcha tashkilot va muassasalar odatiy holatda ishlamoqda.
– Namoyishlar bilan ko‘chaga chiqqan fuqarolarni yo‘naltirgan odamlar ham bo‘lgan, – deydi Ahmad Reymov. – Namoyishchilar qo‘lbola vositalar, armatura bilan chiqishdi. Menimcha, 80 foizi g‘ayritabiiy holatda edi. Endi vaziyat barqarorlashdi. Bizga tinchlik kerak.
O‘zA
Manba: https://uza.uz/oz/posts/qoraqalpogistondagi-voqealar-haqida-yangi-malumotlar-berildi-video_388153
«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati
t.me/uzmetaxborotxizmati