Yangiliklar
«BOBURNOMA»DA ALISHER NAVOIY HAQIDAGI MA'LUMOTLAR
  • 14.02.2020
  • 9520

     Ko‘pchilikka ma'lumki, buyuk bobokalonlarimiz Mir Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur 42 yil farqi bilan bir-biriga zamondosh hisoblanadi. «Boburnoma» asarida 1551 kishining ism-shariflari tilga olingan. Ular ichida juda ko‘p tarixiy shaxslar — temuriy  hukmdorlar, harbiy amaldorlar, ilm-fan va san'at namoyandalarining tarjimai hollaridan qisqa satrlarda, faoliyatlari bayonida zikr etilgan.

     Garchi Bobur Navoiy bilan uchrashmagan bo‘lsa-da, lekin yoshligidan uning shaxsi va ijodiga katta mehr bilan tarbiya topgan. Bobur tug‘ilgan yili Navoiy buyuk «Hamsa»ni yozishga kirishgan, Samarqand taxtini egallagan 1498-yili esa Navoiy «Xazoyin-ul maoniy» devonini tuzgan edi.

     Shunisi ahamiyatliki, «Boburnoma» asarida Alisher Navoiy nomi 16 marta tilga olinadi. «Boburnoma»da 1505–1506-yil voqyealari bayon qilinar ekan, Husayn Bayqaro haqida ma'lumot berilayotgan o‘rinlarda Alisher Navoiy shaxsiga ham to‘xtaladi.

     Jumladan, shunday fikrlarni kuzatamiz: «Alisherbek naziri yo‘q kishi edi. Turkiy til bila to she'r aytubturlar, hyech kim oncha ko‘p va xo‘p aytgon emas».

     Bobur Navoiyning musiqadan xabardor ekanini, o‘zi kuylar yaratganini qayd etadi: «...yana musiqada yaxshi nimaxor bog‘labtur. Yaxshi naqshlari va yaxshi peshravlari bordur».

     Bobur bergan ma'lumotga ko‘ra Navoiy shoh xazinasidan to‘lanadigan maoshini ham olmagan. O‘zi tez-tez shoh xazinasiga ehsonlar qilib turgan: «Mirzodin nima olmas, balki yilda mirzog‘a kulliy mablag‘lar peshkosh qilur edi».

     Mumtoz adabiyot tarixidagi bu ikki tog‘, bu ikki cho‘qqi bo‘lgan Navoiy va Bobur ijodi go‘zallik va nafosat cho‘qqisi, deya e'tirof etiladi.

     Manba: http://e-adabiyot.uz

 

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

Kanalga a'zo bo‘ling! t.me/uzmetaxborotxizmati

>