OAV va jamoatchilik bilan ishlash
hordiq.uz — «Yuz yildan keyin ham arzon gaz va elektr energiyasi beqadr bo'ladi, o'g'irlanadi» – Alisher Qodirov
  • 07.06.2022
  • 404

«Milliy tiklanish» partiyasi rahbari Alisher Qodirov elektr energiyasi narxlari oshishi mumkinligi bo'yicha xabarlarga munosabat bildirdi.

«Keyingi yillarda rivojlangan mamlakatlardek yashashni, huquq-erkinliklarimiz va daromadlarimiz rivojlangan davlatlar fuqarolarinikidek bo'lishini istayapmiz.

Bunday farovonlikning poydevori iqtisodiyot bo'lsa, iqtisodiyotning yuragi energetikadir. Tartibga solingan energiya bozori bo'lmasa arzon tovar ham, investor ham, ishlab chiqarish va pirovardida daromad manbai bo'lgan ish o'rni ham bo'lmaydi. Dunyoning biron davlati energiya bozorini tartibli tashkil qilmasdan turib rivojlanishga erishmagan.

 
Bugun bu soha davlat monopoliyasida kun kechiryapti. Mutaxassislarning aytishicha, 1 kilovatt energiyaning tannarxi taxminan 700-800 so'm atrofida. Ishlab chiqaruvchi kompaniyalar energiyani zarariga sotmoqda.

Gaz ishlab chiqaruvchilar ham zarariga ishlamoqda. Yevropada gazning kubi 10 ming so'mgacha ko'tarildi. Hukumat gaz va elektr energiyasi uchun aholining daromad darajasiga mutanosib narx belgilashga harakat qilayotganligi albatta yaxshi, lekin bu siyosat butun iqtisodiyotimizning yurak urushini belgilab beradigan energobozorni norentabel, investorlar uchun O'zbekistonni ishonchsiz va jozibasiz qilayotganini ham tan olish kerak.

 Energiya kompaniyalari daromad ko'rmaganidan keyin elektr uzatish simlarini ham gaz quvurlarini ham muntazam ta'mirlash uchun zarur bo'lgan trillionlab mablag'ni byudjetdan ajratilishini kutishga majbur bo'layapti. Byudjetda esa bu trillionlarni har yili, bemalol ajratishning imkoniyati yo'q. Chekka joylarga energoresurslarni yetib bormasligining asl sabablaridan biri ham shu.

Har qancha sabab topmaylik energetika sohasi erkinlashtirilmas ekan milliy iqtisodiyotimiz rivojlanmaydi, investitsiyalar kelmaydi, ishlab chiqarishlar yo'lga qo'yilmaydi, ish o'rinlari paydo bo'lmaydi va aholi daromadlari o'zgarmaydi. Yuz yildan keyin ham arzon gaz va elektr energiyasi beqadr bo'ladi, o'g'irlanadi, investorlar bu sun'iy bozorga ishonmaydi va biz davlatni ayblab, yo'qsullikda umrimiz o'taveradi», deya yozadi Qodirov.

Siyosatchi SSSR davrida narxni sun'iy ushlab turish halokatli bo'lganini misol qilib keltirgan.

Elektr-energiyasining narxini 10-15 foizga ko'tarish hali muammoni yechimi emas, bu soha uzoq isloh qilinishi kerak. Hukumat 2030 yilga kelib normal bozor tizimiga o'tib olishni rejalashtirmoqda, deya fikrini yakunlaydi Qodirov.

Manba: https://hordiq.uz/

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

>